DXX, Mudofaa vazirligi, IIV va Milliy gvardiya ofitserlari Qurolli Kuchlar akademiyasida malaka oshiradi

Jamiyat

image

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim muassasalari pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2012 yil 26 sentyabrdagi 278-son qaroriga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim muassasalari pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori quyidagi mazmundagi 11-band bilan to‘ldiriladi:

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasi harbiy ta’lim muassasalari o‘qituvchi kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markaziga yuridik shaxs bo‘lmagan tarmoq markazi maqomini berish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasining harbiy ta’lim muassasalari o‘qituvchi kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiyasi harbiy ta’lim muassasalarining, shuningdek Favqulodda vaziyatlar vazirligining professor-o‘qituvchilar lavozimlaridagi ofitser kadrlari qayta tayyorgarlikdan o‘tadilar hamda malakasini oshiradilar.

Shuningdek, qayta tayyorgarlikdan o‘tgan va malakasini oshirgan professor-o‘qituvchilar lavozimlaridagi ofitser kadrlarga O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanadigan namunadagi sertifikat beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan Mudofaa vazirligiga ajratiladigan byudjet mablag‘lari, pullik xizmatlar ko‘rsatishdan tushgan mablag‘lar, Mudofaa vazirligining byudjetdan tashqari mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasining harbiy ta’lim muassasalari o‘qituvchi kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazining faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtiradi.


Maqola muallifi

Teglar

akademiya Qurolli Kuchlar

Baholaganlar

58

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing