Mirziyoyev Xavfsizlik kengashi a’zolari bilan yig‘ilish o‘tkazdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev bugun, 21 fevral kuni harbiy xavfsizlik va davlat mudofaasini mustahkamlash masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, majlisda Xavfsizlik kengashi a’zolari, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiradigan vazirlik va idoralar rahbarlari, okruglar qo‘mondonlari hamda joylardagi studiyalardan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi Raislari, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari, shuningdek, mahalliy hokimiyat organlari mas’ullari ishtirok etgan.

Yig‘ilish avvalida O‘zbekiston mudofaa qobiliyatini mustahkamlash borasida qilingan ishlar va ularning natijalari hamda yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchiliklar ko‘rsatib o‘tilgan.

“Milliy armiyamiz zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika bilan ta’minlanayotgani, harbiy xizmatchilarning jangovar va ma’naviy tayyorgarligi sezilarli darajada oshgani qayd etildi. Jahon tajribasi va tahlillardan kelib chiqib, ichki va tashqi xatarlarning oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha yangi jangovar bo‘linmalar tuzildi, qo‘shinlar tarkibi optimallashtirildi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, armiyani modernizatsiya qilish va zamonaviy qurollantirishning yangi tizimi – mudofaa sanoati yanada rivojlantirilgani, qo‘shimcha korxonalar tashkil qilingani qayd etilgan. Qurolli Kuchlar tomonidan 20 dan ziyod mamlakat bilan ikki tomonlama harbiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, 400 dan ortiq qo‘shma mashg‘ulotlarda yuqori ko‘rsatkichlarga erishilganligi aytib o‘tilgan.

“Qurolli Kuchlar tarkibidagi harbiy oliygohlarning infratuzilmasi to‘liq modernizatsiya qilindi, o‘quv dasturi va metodikasi bugungi kun talablariga moslashtirildi”, deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, harbiylar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy-huquqiy himoya qilish ham kuchaygan. Jumladan, 30 mingga yaqin oila uy-joy bilan ta’minlandi, o‘tgan yil davomida 2 mingdan ortiq harbiy xizmatchilarning farzandlariga oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun imtiyozlar berilgan.

“Vatan himoyachilariga sharoit yaratishda harbiy-ma’muriy sektorlar, davlat va jamoat tashkilotlari ham ishtirok etmoqda. Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, maktablarda ularni chaqiruvga qadar boshlang‘ich harbiy tayyorlashga e’tibor kuchaytirilmoqda”, deyiladi xabarda.

Yig‘ilishda 2025 yil va kelgusi yillar uchun ustuvor vazifalar belgilangan.

“Milliy armiyamizni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilashda zamonaviy qurolli mojarolar, xavfsizligimizga mavjud tahdidlar va harbiy harakatlar teatri xususiyatlarini hisobga olish zarurligi ta’kidlandi”, deyiladi xabarda.

Ma’lumki, hozirgi kunda turli mintaqaviy mojarolarda sun’iy intellekt, robot, raketa, dron va ularga qarshi vositalar keng qo‘llanmoqda. Shundan kelib chiqib, qo‘shinlarda dronlar va ularga qarshi kurashish, sun’iy intellekt bilan ishlaydigan kibertuzilmalar, robotlashgan texnikalarni qo‘llash va havo hujumidan mudofaa bo‘yicha yangi bo‘linmalarni tashkil etish zarurligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Prezident, Qurolli kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni tomonidan Qurolli Kuchlarning jangovar shayligini ta’minlash, jangovar tayyorgarlik ko‘rsatkichlarini yanada takomillashtirish, sun’iy intellektga asoslangan qo‘shinlarni avtomatlashtirilgan yagona boshqarish tizimini yaratish, harbiy ta’lim va harbiy kadrlarni tayyorlashda dual ta’limdan foydalanish lozimligi ta’kidlandi.

Armiyaning ustuni bo‘lmish “Bosh serjantlar korpusi” faoliyatini takomillashtirish, mudofaa sanoatini yanada rivojlantirish, harbiy xizmatchilarni va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va harbiy sport sohasiga yo‘naltirish kabi muhim vazifalar belgilandi.

Yig‘ilishda Mudofaa vaziri, harbiy okrug qo‘mondonlari va boshqa mas’ullarning hisobot hamda takliflari eshitilgan.

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 21 fevral kuni Mudofaa sanoati agentligining Innovatsion texnologiyalar markaziga borib, bu yerdagi ishlab chiqarish quvvatlari, ilg‘or ishlanmalar, harbiy va ikki xil maqsadga mo‘ljallangan mahsulotlar bilan tanishgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Qurolli Kuchlar Xavfsizlik kengashi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing