DXX kubogi: Toshkentning “zo‘ri” aniqlandi
Sport
−
13 iyul
6397Kecha, 12 iyul kuni futbol bo‘yicha Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) kubogining Toshkent shahar bosqichi final o‘yini bo‘lib o‘tdi. Poytaxtdagi JAR stadioni mezbonlik qilgan chempionlik o‘yinida poytaxtning Olmazor tumani “Chimboy” va Yangi hayot tumani “Do‘stlik” jamoalari o‘zaro bahs olib bordi.
Murosasiz tarzda kechgan bahsning har ikki taymida Yangi hayot tumanining “Do‘stlik” jamoasi raqiblaridan ustunlik qildi. Epizodlardan birida uchrashuv hakamining “Chimboy” jamoasi a’zosiga qizil kartochka ko‘rsatgani ham o‘yin tizginini yangi hayotliklarga o‘tishini ta’minladi. Garchi har ikki jamoada gol urish uchun bir nechta imkoniyat yuzaga kelgan bo‘lsada, yakunda 2-taymda “Do‘stlik” jamoasi tomonidan kiritilgan yagona gol ularni Toshkent shahri chempioniga aylantirdi.
Hayajonli final yakunlangach, shaxsan Toshkent shahri hokimi Shavkat Umurzoqov yil davomida tizimli ravishda o‘tkazilgan DXX kubogining ayollar va erkaklar o‘rtasidagi g‘olib va sovrindorlarini taqdirladi. Shunday qilib, DXX kubogining Toshkent shahri bosqichi o‘z poyoniga yetdi. Respublika bosqichining katta futbol bahslarida Yangi Hayot tumanining “Do‘stik” jamoasi poytaxt nomidan bahslarga kirishadi.