DXX Qarshi va Buxoroda davlat mulozimlarini pora bilan qo‘lga oldi
Jamiyat
−
09 yanvar 2021
27476Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi jazoni ijro etish muassasasi va Buxoro viloyatidagi tuman xokimliklaridan birining mas’ul xodimlari pora bilan qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, Qarshi shahridagi jazoni ijro etish muassasasida xizmat o‘tovchi Ichki ishlar vazirligining Qorovul qo‘shinlari nazoratchisi mazkur muassasada jazo muddatini o‘tayotgan mahkumga uyali telefon kiritib berish hamda kelgusida boshqa buyumlar ham olib kirib berish evaziga mahkumning tanishidan 5 ming AQSH dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Departament xodimlari tomonidan qo‘lgan olingan.
Shuningdek, Buxoro viloyatidagi tuman xokimliklaridan birining mas’ul xodimi mahalliy fuqaroga tuman markazidan savdo do‘koni qurishi uchun to‘rt sotix yer maydoni ajratilishiga yordam berishni va’da qilib, evaziga 4 ming AQSH dollari so‘ragan va shundan 2 ming AQSH dollarini oldindan to‘lov sifatida olgan vaqtida DXX va Departament xodimlari tomonidan ushlangan.
Xabarga ko‘ra, hozirda aniqlangan barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.