DXX qariyb 7,5 kg giyohvand moddani musodara qildi

Jamiyat

image

DXX Xorazm viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan Urganch tumani G‘aybu qishlog‘ida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Qo‘shko‘pir tumanida yashovchi 1990 yilda tug‘ilgan Yunusbek Olloberganov Afg‘onistondan keltirilgan 995 gramm “geroin” va  1 kg 6 gramm “opiy” giyohvandlik vositalarini 140 ming AQSH dollariga sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi. 

Shuningdek, DXX Samarqand viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa 1973 yil Urgut tumanida tug‘ilgan Abror Jabborov Samarqand tumani Yangiariq MFY hududida 451 gramm “opiy” giyohvandlik vositasini 11.250 AQSH dollariga sotayotgan vaqtida ushlandi. Aniqlanishicha, Jabborovga ushbu ajal og‘usini tojikistonlik Izzat ismli shaxs kontrabanda yo‘li bilan yetkazib bergan. 

Bundan tashqari, DXX Sirdaryo viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan Toshkent viloyatining Bekobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida 1980 yil Toshkent viloyatida tug‘ilgan Olim Qosimov Bekobod tumani hududida tojikistonlik sheriklari tomonidan yuborilgan 85 gramm “geroin” va 2 kg 463 gramm “gashish” moddalarini olib ketayotgan vaqtida ushlangan. 

Qosimov 2019 yilning noyabr oyida ham jazodan shartli ravishda ozod etilgan, u xatosidan tegishli xulosa chiqarmagan.

DXX Farg‘ona viloyati boshqarmasi xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda esa “Farg‘ona-Toshkent” yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanayotgan Farg‘ona tumani Vodil qishlog‘ida yashovchi, 1988 yilda tug‘ilgan Murodjon Sotvoldiyev boshqaruvidagi Spark avtomashinasi Dang‘ara tumanining Chag‘ali qishlog‘i hududida to‘xtatilgan. Avtomobil ko‘zdan kechirilganda, uning motor qismiga 1 kg “gashish” giyohvandlik vositasi yashirib qo‘yilganligi ma’lum bo‘lgan. Ushbu og‘u Toshkent shahrida sotilishi kerak bo‘lgan.

Tergovoldi surishtiruv jarayonida Murodjon Sotvoldiyev qo‘shni Qirg‘izistondan aylanma yo‘llar orqali olib kelingan ushbu «gashish» moddasini Farg‘ona tumani Yuqori Vodil qishlog‘ida yashovchi 1982 yilda tug‘ilgan Ortiqali Mallaboyev hamda muqaddam ikki marotaba sudlanib, hozirda axloq tuzatish ishlari jazosini o‘tayotgan 1978 yilda tug‘ilgan Ilmiddin Abdurahmonovlardan 10 ming AQSH dollariga sotib olganligi ma’lum bo‘ldi. O‘z navbatida mazkur shaxslar ham ushlangan. 

DXX Sirdaryo viloyati boshqarmasi xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirlar davomida 1981 yil Bekobod shahrida tug‘ilgan Abror Imomov tojikistonlik shaxslar bilan o‘zaro jinoiy til biriktirgan holda, ushbu davlatdan kontrabanda yo‘li orqali Toshkent viloyati hududiga o‘tkazilgan 973 gramm “gashish” giyohvand moddasini Toshkent shahriga olib ketayotganda ushlandi. 

Shuningdek, Bekobod tumanida yashovchi 1992 yilda tug‘ilgan Jahonshoh Usmonov ham Tojikistondan keltirilgan 500 gramm “gashish” moddasini Bo‘ka tumanida yashovchi 1964 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan Pardaboy Aliyevga yetkazib bergan vaqtida qo‘lga olindi.

Jahonshoh Usmonov bunday qabih ishni muqaddam shu kabi jinoyat sodir etgani uchun hozirda jazo muddatini o‘tayotgan akasi, 1983 yilda tug‘ilgan Xayrullo Usmonovning ko‘rsatmasiga asosan qilganligi ma’lum bo‘ldi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jami 1 kg 80 gramm “geroin”, 1 kg 457 gramm “opiy” va 4 kg 936 gramm “gashish2 giyohvand moddalari musodara qilingan.

Hozirda aniqlangan barcha holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari doirasida ushbu ishlarga aloqador bo‘lgan boshqa shaxslarni aniqlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

DXX

Baholaganlar

43

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing