DXX 715 mln so‘mlik noqonuniy dori aylanmasiga chek qo‘ydi
3-sahifa
−
13 Sentabr 2020
5088Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida umumiy qiymati 700 mln so‘mdan ortiq bo‘lgan noqonuniy dori aylanmasiga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.
DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilarining Davlat bojxona qo‘mitasining Toshkent viloyati boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda Bekobod tumani hududida o‘tkazgan tezkor tadbiri davomida mahalliy fuqaro G‘ofurov boshqaruvidagi Nexia rusumli avtomashina to‘xtatilib, tekshirildi. Natijada, uning salon qismida 640 mln. so‘mlik 4000 dona “Meropenem” dori vositasi borligi ma’lum bo‘lgan.
Dastlabki surishtiruv harakatlari davomida aniqlanishicha, Tojikistonlik Shuxrat ismli shaxsga tegishli bo‘lgan mazkur dori vositalari aylanma yo‘llar orqali mamlakatimizga olib o‘tilgan bo‘lib, G‘ofurov ularni kelgusida sotish uchun Shuxratning Toshkent shahridagi tanishlariga yetkazib berishi kerak bo‘lgan.
Shuningdek, shu kabi qonun buzilish holati Sirdaryo viloyatida ham aniqlangan. Xususan, mahalliy fuqarolar Mamayev hamda Qo‘chqorov davlat chegarasining Sirdaryo tumani “Oq yo‘l” MFY hududidan o‘tuvchi qismidan Qozog‘iston Respublikasiga tibbiy buyumlar va dori vositalarini yashirin ravishda o‘tkazishga uringan vaqtlarida DXX Sirdaryo viloyati boshqarmasi va Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan ushlangan. Ulardan qariyb 75 mln. so‘mlik “Tivortin”, “Deksametozon” dori preparatlari va boshqa tibbiy vositalar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Hozirda har ikki holat bo‘yicha dastlabki tergovoldi surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.