“Disney” kompaniyasiga yangi direktor tayinlandi
Madaniyat-san’at
−
21 noyabr 2022
5625“Mikki Maus” multqahramoni bilan deyarli barchaga bolaligidanoq tanish bo‘lgan “The Walt Disney” kompaniyasining bosh ijrochi direktori o‘zgardi. Bu haqda “The New York Times” nashri xabar berdi.
Kecha, 20 noyabr kuni kompaniyaning direktorlar kengashi tomonidan “Disney”ni so‘nggi ikki yil davomida boshqargan Bob Chapek lavozimidan ozod etilgan. Uning o‘rniga yirik media-kompaniyada 40 yil davomida faoliyat yuritgan, jumladan 2005-2020 yillar ijrochi direktor sifatida “Disney”ni boshqargan 71 yoshli Robert Ayger yana direktorlik lavozimiga qaytdi.
Xabarda qayd etilishicha, Bob Chapek lavozimidan olib tashlanishiga u kompaniya boshqaruvi davrida qator xatolarga yo‘l qo‘ygani sabab bo‘lgan. Kompaniya daromadlari tahlilchilar kutganidek o‘smagani direktorlar kengashining hafsalasini pir qilgan. Shunga qaramay, kompaniya uning lavozimidan ozod etilgani haqidagi xabarda “Covid-19” pandemiyasi vaqtidagi boshqaruvi uchun Chapekka minnatdorlik bildirgan.
Ikki yillik tanaffusdan so‘ng direktorlik kursisiga qaytgan Robert Ayger o‘z xursandchiligini yashirib o‘tirmadi.
“Men buyuk kompaniyaning kelajagiga ishonch bilan qarayman va direktorlar kengashi qaytishimni so‘raganidan juda xursandman. Kelajak avlodni ilhomlantirish maqsadida yana bir bor bu ajoyib jamoani aniq ijodiy missiya bilan boshqarishimdan faxrlanaman”, deydi Ayger.
Ma’lumot o‘rnida, Robert Aygerning boshqaruvidagi yillar kompaniya uchun muvvaffaqiyatli davr sifatida e’tirof etiladi. U 2005 yilda rahbarlik kursisiga o‘tirganidan so‘ng “Disney” aksiyalarining umumiy qiymati 48 milliard AQSH dollaridan 257 milliardga oshgan. Ishbilarmon o‘z vaqtida “Pixar”, “Marvel”, “Lucasfilm”, “20th Century Fox” kabi mashhur kompaniyalarni “Disney” tarkibiga qo‘shib olgan. Shuningdek, u 2019 yilda “Disney +” platformasiga asos solgan.
LiveBarchasi