“Alovuddin” va “Qirol sher” kabi multfilmlarning animatori vafot etdi
Madaniyat-san’at
−
24 fevral
5835“Alovuddin”, “Qirol sher”, “Mulan”, “Super oila” va “Koralina” kabi film qahramonlari uchun loydan maketlar yasagan animatsion haykaltarosh Kent Melton 68 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda “The Hollywood reporter” nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Melton 22 fevral kuni Amerikaning Missuri shtatida joylashgan uyida vafot etgan.
Ma’lumot uchun, Melton Missuri shtatining Springfild shahrida o‘qituvchi oilasida dunyoga kelgan. Dastlab u shtatdagi “Silver Dollar City” ko‘ngilochar bog‘ida yog‘och o‘ymakorligi va shisha kesish bilan shug‘ullangan. Ammo keyinchalik haykaltarosh bu ishini tashlab, Los-Anjelesga yo‘l olgan va u yerda Xanna-Barbera kompaniyasining birinchi haykaltaroshi sifatida ish boshlagan. Shundan so‘ng, uning animatsiyadagi karerasi boshlangan.
Melton 1990 yillardagi Disney animatsion uyg‘onishining asosiy haykaltarosh animatorlaridan edi. Uning kompaniyadagi birinchi ishi 1992 yilda dunyo yuzini ko‘rgan “Alovuddin” multfilmi edi. Keyinchalik u “Dyumchaxon” (1994), “Qirol sher” (1994), “Pokaxontas” (1995), “Notr-Damning kambag‘al qismi” (1996), “Gerkules” (1997) kabi boshqa animatsion filmlar ustida ishlagan. Shuningdek, “Mulan” (1998), “Misr shahzodasi” (1998), “Tarzan” (1999), “Eldoradoga yo‘l” (2000), “Atlantis: Yo‘qolgan imperiya” (2001), “Mustang” (2002) va Pixar'ning “Super oila” (2004) animatsiyalarida ham qahramonlarning jonlanishiga o‘z hissasini qo‘shgan. Xususan, u “Alovuddin” badiiy animatsion filmida Mo‘’jizalar g‘orining gapiruvchi va harakatlanuvchi yo‘lbars boshi ustida ishlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq taniqli xonandalarning kliplarini suratga olgan rejissyor va operator Jasur Shametov vafot etgandi.
LiveBarchasi