O‘zbekistonda “Disney”ning Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi ochilishi kutilmoqda
Jamiyat
−
19 dekabr 1054 1 daqiqa
O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva bugun, 19 dekabr kuni “The Walt Disney Company” kompaniyasining vitse-prezidenti, “Emmi” mukofotining 7 karra sovrindori Hayma Vashington bilan uchrashdi. Bu haqda Mirziyoyeva o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.
“Maqsadimiz — O‘zbekiston poytaxtini bolalar kontenti ishlab chiqarish bo‘yicha mintaqaviy markazga aylantirish”, deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Gollivud mutaxassislari bilan hamkorlikda animatorlar, rejissyorlar va ssenariynavislarning yangi avlodini tayyorlamoqchi. Hayma Vashington O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga qiziqish bildirgan hamda barcha tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini aytgan.
Shuningdek, O‘zbekistonda “Disney”ning Markaziy Osiyodagi vakolatxonasini ochish va kontenti to‘liq o‘zbek tilidagi telekanal tashkil etishga qiziqish bildirilgan.
Muhim loyihalar qatorida xalqaro kompaniyalar uchun imtiyozli sharoitlar yaratiladigan “Cinema Park” kreativ parkini tashkil etish, shuningdek, kelgusida mintaqa turizmi uchun yangi drayverga aylanadigan “Disneyland” tematik bog‘ini barpo etish g‘oyasi ham bor.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 15 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev qarori bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi qoshida Bolalar kontentini rivojlantirish markazi tashkil etilgan va unga direktor etib taniqli rejissyor Jahongir Ahmedov tayinlangandi.
Live
Barchasi“Samarqand darvoza”da Tahoe yonib ketdi
19 dekabr