Real odamlardan ilhomlanib yaratilgan Disney qahramonlari
Madaniyat-san’at
−
01 fevral
11592Multfilmlarni yaxshi ko‘rmaydigan inson bo‘lmasa kerak. Ayniqsa, bolalar ularni “yotib olib” ketini uzmasdan tomosha qilishadi. Bu jarayon davomida bolalar multfilm qahramonlarini “Bu senga o‘xshaydi”, “Bu sensan” kabi o‘xshatmalar bilan do‘stlariga, yaqinlariga yuzlanishadi. Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, balki haqiqatdan ham multfilmdagi qahramonlar to‘qima emas, real hayotdan olingandir?
Misol uchun, “Alisa mo‘’jizalar mamlakatida” multfilmidagi 4 ta kalxat qushni eslaysizmi? Ha, o‘sha suv toshib quruq joy qolmagan paytda daraxt shoxiga o‘tirib olib g‘iybat qiladigan, xuddi shu obrazlar 60 yillarning eng mashhur “The Beatles” musiqa guruhi a’zolaridan ilhomlangan holda gavdalantirilgan desak ishonasizmi? Yoki bo‘lmasa “Alovuddin” multfilmidagi Alovuddinning o‘zi amerikalik aktyor Tom Kruzni eslatmayaptimi? E’tibor bergan bo‘lsangiz, yuqorida qayd etilgan multfilmlar 1923 yildan beri faoliyat olib borayotgan Disney animatsiya va ko‘ngilochar kompaniyasiga tegishli ekanini payqab olish qiyin emas.
Disney ko‘pincha qahramonlarning ko‘rinishi va harakatlarini yanada real qilish uchun haqiqiy hayotdagi insonlardan andoza olgan. Ular inson tanasining harakatlari, ifodalari, hatto kiyimlaridan foydalangan. Barchangizga ma’lumki, Disney qahramonlari faqat malika va shahzodalardan emas, balki hayvonlardan ham iborat. Animatorlar bunda ham insonlarning o‘ziga xos bo‘lgan belgilariga murojaat qilgan. Quyida sizni Disney’ning ba’zi qahramonlari uchun ilhom manbai bo‘lgan odamlar bilan tanishtiramiz.
“Alovuddinning shamchirog‘i”dagi jin – Robin Uilyams
1992 yilda suratga olingan “Alovuddin” animatsion filmidagi jin roli aktyor va senarist Robin Uilyams uchun maxsus yaratilgan, chunki Disney uni jin rolida tasavvur qilgan va qahramonga ovoz berishini juda xohlagan. E’tiborli tomoni shundaki, multfilm davomidagi ko‘plab jinning gaplari ssenariy bo‘yicha emas, balki improvizatsiya shaklida bo‘lgan. Ba’zi sahnalar uchun aktyorga mavzular yoki dialoglar taklif qilingan, lekin ko‘p gaplarni Robin Uilyams o‘zi ovoz berish davomida o‘ylab topgan. Prodyuserlar esa shunchaki, keyinroq o‘zlariga ko‘proq yoqqan qismlarni tanlab olishgan. Shunday qilib, Alovuddinning jinida Robin Uilyamsning shaxsiyati va yumori mujassamlashgan.
Aktyorning o‘ziga keladigan bo‘lsak, Robin Uilyams 1951 yilda AQSHning Chikago shahrida tavallud topgan. O‘zining aktyorlik faoliyati davomida Uilyams qariyb 100 dan ortiq filmda suratga tushgan. U “Popay” (1980), “Moskva Gudzon bo‘yida” (1984), “O‘lik shoirlar jamiyati” (1989), “Kapitan Xuk” (1991), “Jumanji” (1995) va boshqa filmlarda suratga tushgan.
U uch marta “Oskar” mukofotiga nomzod bo‘lgan va “Good Will Hunting” (1997) filmi uchun eng yaxshi ikkinchi darajali erkak roli bo‘yicha “Oskar” mukofotiga sazovor bo‘lgan. U, shuningdek, ikki “Emmi” mukofoti, 6 ta “Oltin globus”, ikki “Kino aktyorlar gildiyasi” mukofoti va to‘rt marta “Gremmi” mukofotiga loyiq deb topilgan.
Gollivudning “Shon-shuhrat xiyoboni”da kino sanoatiga qo‘shgan hissasi uchun uning nomi yozilgan yulduz joylashtirilgan. Uning iste’dodi ko‘pincha “Komediya sohasidagi Enshteyn” deb ta’riflanadi.
Filmda asosiy qahramon Alovuddin Tom Kruzning “Top Gun” filmidagi obraziga asoslangan. Bu qarorga Tom Kruzning tashqi ko‘rinishidagi pishiqlik va jozibadorlik, qo‘rqmaslik, undagi harakatlar sabab bo‘lgan.
Dastlabki loyihada Alovuddin 13 yoshli bola sifatida tasavvur qilingan va “Kelajakka qaytib” filmidagi Marti Makflay personaji bilan tanilgan Maykl J. Foks kabi yosh va quvnoq aktyor uni ifodalash uchun tanlangan. Lekin filmni ishlab chiqarish jarayonida personajning yoshi va harakatlari o‘zgartirilgan. Tom Kruz esa tayyor andoza sifatida olingan.
“Maugli”dagi kalxatlar – “Thye Beatles”
“Maugli” animatsion filmi 1967 yilda katta ekranlarga chiqarilgan. O‘sha yili “The Beatles” guruhi ham juda mashhur bo‘lgan palla edi. Mazkur guruh musiqa ixlosmandlarining ko‘nglidan joy olganini ko‘rib, film ustida ishlayotgan prodyuserlar jamoasi o‘zlarining ajoyib soch turmagi bilan 4 ta kalxatni yaratdi. Film ijodkorlari guruh a’zolari kalxatlarga ovoz berib, multfilm davomida kuylangan "Do‘stlar uchun" qo‘shig‘ini kuylashiga umid qilishdi. Afsuski, bu reja amalga oshmadi. Chunki guruh a’zosi Jon Lennon ishtirok etishni xohlamadi. Jon Lennon Elvis Preslini bu rolga yollash yaxshi g‘oya ekanini aytgan.
Oxir-oqibatda kalxatlarga boshqa aktyorlar tomonidan ovoz berilgan.
“Super oila”dagi tikuvchi ayol – Edit Xed
Yodingizda bo‘lsa, 2004 yil ekran yuzini ko‘rgan "Super oila" multfilmida qahramonlarga bo‘yi past, bob kare soch turmakli, dumaloq ko‘zoynak taqqan ayol forma tikib beradi. Buni qarangki, xarakterga namuna sifatida olingan ayol Edit Xed ham amerikalik kostyum dizayneri bo‘lib, Gollivuddagi uzoq yillik faoliyati davomida Amerika Kinoakademiyasi mukofotiga 35 marta nomzod bo‘lgan va sakkiz marta "Oskar" mukofotini qo‘lga kiritgan.
Edit aktrisa Linda Xantga juda o‘xshaydi. Ikkisining ham bo‘yi juda past, yuz shakli dumaloq va soch turmagi ham bir xil. Ijodkorlar hatto Editdagidek ko‘zoynakni ham unutmagan. Ammo multfilm davomida ishlatilgan Lindaning so‘zlari real hayotdagi dizaynerdan olingan iqtiboslar emas.
“Uyqudagi malika” Avrora – Xelen Stenli
“Uyqudagi malika” – 1959 yilda Disney tomonidan Charlz Perroning xuddi shu nomdagi ertagi asosida suratga olingan animatsion film. Bosh qahramon – Avrora. Disney Avrora uchun har tomonlama o‘xshash aktrisa topish uchun ancha harakat qildi. Ular qo‘shiqlarni ham aktrisaning o‘zi ijro etishini xohladi va Avrorada mujassam tabiatni amerikalik kino va televideniye aktrisasi va raqqosa Xelen Stenlidan topdi. Biroq qomat borasida ijodkorlar o‘zining “Rim ta’tillari” filmidagi roli bilan o‘zbek tomoshabinlarining ko‘nglidan joy olgan britaniyalik aktrisa, model, raqqosa Odri Xepbyornga murojaat qildi. Aktrisaning nozik qomati va ingichka beli Avroraning fiziologiyasiga ilhom bergan. Gap qahramonning yuz xususiyatlari, raqs harakatlari, nafisligi haqida ketganda Xelen Stenli Odri Xepbyornni ortda qoldirdi.
Bu multfilmda malika va shahzodani bir-biridan ayirgan yovuz qahramon Malifisenta xarakteriga to‘xtalmasak bo‘lmaydi. Ko‘pchilik bu qahramon Anjelina Jolidan ilhomlangan holda yaratilgan deb o‘ylasa kerak. Ammo unday emas. Bu qahramonning yaratilishi 1905 yilda tug‘ilgan amerikalik aktrisa, ovoz aktrisasi Elinor Odliga borib taqaladi. Malifisentaning obrazini yaratishda Eleanor Audleyning ovozi juda katta rol o‘ynagan. Uning ovozi Malifisentaning ruhiy va jismoniy kuchini aks ettirishda, uning dushmanlik va yomonlik tuyg‘ularini kuchaytirishda juda muhim bo‘lgan.
“Vinni-Pux”dagi Kristofer Robin – Kristofer Robin Miln
Vinni-Pux – Alen Aleksandr Milnning 1926 yilda nashr etilgan kitobi asosida yaratilgan mashhur hikoya va media franshiza. Hikoyaning bosh qahramoni – sariq ayiq Vinni Pux, uning do‘stlari esa Yo‘lbars, Puchuqvoy, Ho‘tikvoy, Quyonvoy va boshqalar haqida so‘z boradi. Ushbu hikoya Vinni Puxning o‘yinlar va sarguzashtlari orqali do‘stlik, sevgi va sadoqatni aks ettiradi.
Kristofer Robin Miln Alen Aleksandr Milnening o‘g‘li bo‘lib, yozuvchi o‘zining mashhur “Vinni-Pux” kitobida o‘g‘lini Kristofer Robin nomi bilan tasvirlagan. Kristofer Robin kitobdagi asosiy qahramonlardan biri bo‘lib, Vinni-Pux va uning do‘stlariga yordam berib, ular bilan birgalikda sarguzashtlarni boshdan o‘tkazadi.
Kristofer Robin Miln o‘zining o‘smirlik davrida mashhur bo‘lgan Vinni-Pux hikoyalaridan qochishga harakat qilgan, chunki u o‘zini bu hikoyaning asosiy qahramoni ekanidan uyalgan.
Disney esa “Vinni-Pux” multfilmini 1966 yilda namoyish etgan. Ular bu safar ko‘p o‘ylamasdan ilhom manbayi sifatida kichik Milnning ham ko‘rinishidan, ham harakteridan foydalangan.
“Qirol sher”dagi Skar – Jeremi Ayrons
“Qirol sher” multfilmi 1994 yilda chiqarilib, butun dunyo bo‘ylab odamlarning qalbini zabt etgan. Filmda yovuz qahramon, Sinbaning amakisi Skar ovozi mashhur aktyor Jeremy Ayrons tomonidan jonlantirilgan. Dastlab, Ayrons bu rolni olishni rad etgan, chunki u dramatik rollardan komediya roliga o‘tishni qiyin deb hisoblagan. Biroq oxir-oqibat u rozi bo‘lgan va animatsion rassom Andreas Deja Ayronsning oldingi filmlaridan biri "Reversal of Fortune" (1990)ni tomosha qilib, fikrini o‘zgartirdi.
Aytib o‘tish joizki, "Qirol sher" animatsion filmlar orasida eng ko‘p daromad keltirgan film bo‘lib, bu mavqeini 2003 yilgacha saqlab turgan. O‘sha yili kompyuter animatsiyasi asosida yaratilgan "Nemoni qidirib" multfilmidan keyin o‘z o‘rnini bo‘shatib bergan.
"Oppog‘oy"dagi malika – Marj Chempion
"Oppog‘oy va yetti gnom" 1937 yilda chiqarilgan birinchi Disney animatsion filmidir va Oppog‘oy Disney tarixidagi birinchi malika hisoblanadi. Film yaratish jarayonida qahramonga yanada reallik qo‘shish uchun ijodkorlar maxsus bir qizni izlashgan. Va bu rolga o‘sha davrning mashhur raqqosasi bo‘lgan 14 yoshli Marj Chempionni loyiq topishgan. Marjning obro‘li oilada o‘sgan va bu sifatlarga ega bo‘lgani uchun ijodkorlar uni birinchi Disney malikasining obraziga to‘liq mos deb topishgan.
Shunday qilib, ro‘yxatni davom ettiramiz desak, qahramonlarning oxiri ko‘rinmaydi. QALAMPIR.UZ esa sizlarga eng ko‘zga ko‘ringan, mashhur Disney qahramonlari va ularning ilhom parilarini e’tiboringizga havola etdi.
LiveBarchasi