Diskotekadagi yong‘inda 50 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
16 mart
17004Shimoliy Makedoniya shimoli-sharqidagi Kochani shahridagi “Puls” diskotekasi yonib ketishi oqibatida kamida 50 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda MIA xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Ichki ishlar vazirligidan hozircha rasmiy bayonot kelib tushmagan, biroq rasmiylar o‘nlab jabrlanganlar mamlakatning turli shaharlaridagi shifoxonalarga yetkazilganini tasdiqlagan.
Voqea sodir bo‘lgan vaqtda muassasada 1,5 mingga yaqin odam bo‘lgan. Yong‘in bugun, 16 martga o‘tar kechasi mahalliy vaqt bilan taxminan 3:00 da sodir bo‘lgan. Taxminlarga ko‘ra, yong‘inga konsert vaqtida pirotexnika vositalaridan foydalanish sabab bo‘lgan.
Voqea joyiga Bosh vazir Xristian Mitskoskiy va hukumat a’zolari yetib borgan.
Qayd etilishicha, qutqaruv xizmatlari yong‘in oqibatlarini bartaraf etishda davom etmoqda, ularga mahalliy aholi ko‘mak bermoqda.
Mahalliy “Vecher” nashri xabariga ko‘ra, konsert o‘tkazilgan tungi klub egasi qo‘lga olingan. Ichki ishlar vazirligi tadbir tashkilotchilarini so‘roqqa chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning Antalya viloyatidagi Alaniya shahrida qurilish bo‘layotgan mehmonxona binosida yong‘in chiqqani haqida xabar berilgandi.