TIV yong‘inda halok bo‘lgan o‘zbekistonliklar haqida ma’lumot berdi
Jamiyat
−
25 dekabr 2019
3900Avvalroq, Rossiyaning Irkutsk viloyatida ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi yong‘in oqibatida halok bo‘lgani haqida xabar bergan edik. Tashqi ishlar vazirligi mazkur ma’lumotni tasdiqladi va quyidagilarni ma’lum qildi.
O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasi Irkutsk viloyatining Zalari aholi punktida joylashgan yotoqxonada sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida O‘zbekiston fuqarolari H.N. va O.S. qurbon bo‘lganini ma’lum qildi.
Hodisa joyidan 13 kishi evakuatsiya qilinib, ularning ikki nafari shifoxonaga yotqizilgan, to‘rt kishiga tibbiy yordam ko‘rsatilgan va ular ambulator davolanishda.
Bosh konsulxona vaziyatni nazoratga olgan, Sibir federal okrugi va Irkutsk viloyati vakolatli organlari va tibbiyot muassasasi bilan muntazam aloqada bo‘lib turibdi.
Konsullik-huquqiy departamenti marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik izhor etadi hamda Rossiyaning Sibir federal okrugi hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga ular zarurat tug‘ilgan holatlarda mamlakatning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tdi: +7-383-246-04-85, +7-383-246-04-84, +7-383-246-04-63, +7-383-246-04-64.
LiveBarchasi