Rossiyadagi tarixiy saroy yonib, kul bo‘ldi (video)
Olam
−
11:23 2614 2 daqiqa
Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida joylashgan tarixiy Miller saroyi to‘liq yonib ketdi. Yong‘in 2 ming kvadrat metr maydonni qamrab olib, olov qo‘shni binoning tomiga ham o‘tgan. Bu haqda shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar qildi.
Qayd etilishicha, yong‘in kecha, 1 oktyabr kuni soat 20:11 da Isaak maydonidagi binoda boshlangan. Yong‘in soat 20:26 da ikkinchi darajaga, 21:12 da esa uchinchi darajaga oshgani qayd yetilgan. Yong‘in vaqtida saroyning tomi qulagan.
Olov qo‘shni binoning tomiga ham o‘tib, 250 kvadrat metr maydondagi konstruksiyalarga zarar yetkazgan. U yerda mehmonxona joylashgani sabab barcha xodimlar va mehmonlar evakuatsiya qilingan. Yong‘in hududidan 10 kishi qutqarilgan. Jabrlanganlar haqida ma’lumot berilmagan.
Yong‘inni o‘chirishga 165 nafar qutqaruvchi va 37 ta texnika jalb qilingan. Suvni uzluksiz yetkazib berish uchun Neva daryosidan yong‘in joyigacha magistral quvur tortilgan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakili Andrey Litovkaning aytishicha, binodagi yog‘och qavatlar va to‘siqlar, shuningdek, yuqori harorat, bo‘shliqlar, ochiq joylar, murakkab rejalashtirish va qo‘shimcha qurilmalar olovning tez tarqalishiga sabab bo‘lgan.
Soat 00:40 da yong‘inning tarqalishi to‘xtatilgan va uning toifasi ikkinchi darajaga tushirilgan. Ochiq olov soat 01:45 da to‘liq o‘chirilgan. Shundan so‘ng qutqaruvchilar konstruksiyalarni qayta yong‘in chiqishining oldini olish uchun suv bilan sovitishda davom etgan.
Hodisa yuzasidan Rossiya Tergov qo‘mitasi tekshiruv boshlagan. “Fontanka“ nashrining Favqulodda vaziyatlar vazirligidagi manbasi yong‘inga qasddan o‘t qo‘yish sabab bo‘lishi mumkinligini aytgan. Biroq vazirlik matbuot xizmati rahbari yong‘in to‘liq o‘chirilmasdan turib uning sabablari haqidagi versiyalarni muhokama qilishga hali erta ekanini bildirgan.
Ma’lumot uchun, Miller saroyi XVIII asrning ikkinchi yarmida qurilgan. 1879 yilda mulkni iste’fodagi muhandis-podpolkovnik Karl Miller sotib olgan va uni qayta qurishni me’mor bo‘lgan ukasi Frans-Ferdinand Millerga topshirgan. 2021 yilda saroy va daromad uyi mintaqaviy ahamiyatga ega madaniy meros ob’ektlari reyestriga kiritilgan. So‘nggi yillarda bo‘sh turgan binoni “TAS“ kompaniyasi restavratsiya qilib, elita uy-joyiga moslashtirishni rejalashtirgan. Loyiha qiymati 700 mln rubldan ortiq deb baholangan, ishlarni esa 2027 yilda yakunlash mo‘ljallangan.
Kompaniya kecha, 1 oktyabr kuni binoda restavratsiya ishlari boshlanganini bildirgan. Keyinchalik esa aniqlik kiritib, yong‘in oldidan saroyda restavratsiyaning o‘zi emas, balki unga tayyorgarlik ishlari olib borilganini ma’lum qilgan. Yong‘in vaqtida binoda ishchilar bo‘lmagan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 1 oktyabr kuni Rossiyaning Moskva viloyatidagi Krasnozavodsk kimyo zavodida kuchli portlash sodir bo‘lib, 7 kishi halok bo‘lgandi.
Live
BarchasiTo‘qayev Putinni atoqli davlat arbobi deb atadi
29 Sentyabr