Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ogohlantirish bilan chiqdi

Jamiyat

image

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita fuqarolarga murojaat qilib, ularni har qanday noqonuniy yo‘llar bilan hajga bormaslikka chaqirdi. 

Ma’lum qilinishicha, qo‘mitaga Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligidan xabarnoma kelib tushgan. Ushbu xabarnomada ruxsatnomasiz haj amallarini bajarishga harakat qilish tegishli tartibda javobgarlikka sabab bo‘lishi eslatilgan.

Shuningdek, ushbu xabarnomaga Saudiya Ichki ishlar vazirligining maxsus bayonoti ham ilova qilingan.

Qo‘mitaga ko‘ra, belgilangan tartibga muvofiq Haj amallarini bajarish uchun ziyoratchida “Haj-2025” vizasi bo‘lishi shart. Saudiya Arabistoni hukumati qolgan barcha turdagi vizalar – umra, turizm, biznes, ziyorat va boshqalar bilan haj tadbirini amalga oshirishga qat’iy yo‘l qo‘ymaydi.

Bildirilishicha, hozirda ayrim turfirmalar va uchinchi davlatlar orqali O‘zbekiston fuqarolarini haj ziyoratiga jo‘natishga harakatlar kuzatilmoqda.

“Saudiya huquq-tartibot idoralari tomonidan amalga oshirilayotgan reydlar natijasida noqonuniy ravishda Haj ibodatini amalga oshirishga uringan shaxslarga nisbatan jazo choralari qo‘llaniladi va mamlakatdan deport qilinadi”, deyiladi xabarda.

Haj tadbiri Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 iyundagi 364-son Haj va umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida o‘tkaziladi. Shunga ko‘ra, Haj tadbiri Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra vazirligi o‘rtasida har yili imzolanadigan shartnoma asosida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan amalga oshiriladi hamda bunday faoliyat bilan boshqa tashkilotlarning shug‘ullanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

“Shunday ekan, yurtdoshlarimizni turli aldov yo‘llari bilan hajga olib borishni va’da qilayotgan firibgarlarga ishonmaslikka chaqiramiz”, deyiladi qo‘mita xabarida.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 29 aprel kunidan boshlab Saudiya Arabistoni ruxsatnomasiz haj amalini ado etganlar va bunga yordamlashganlarga jarima va deportatsiya kabi choralarni qo‘llashi haqida xabar berilgan edi. Yangi choralarga ko‘ra, ruxsatnomasiz haj ibodatini ado etayotgan yoki ado etishga urinayotgan shaxslarga 20 000 Saudiya rialigacha (5,3 ming AQSH dollari) miqdorida jarima solinadi. Shu bilan birgalikda, Makkaga ruxsatnomasiz haj qilish uchun bostirib kirganlar, xoh u yerda yashovchilar bo‘lsin, xoh muddatidan ortiq yashovchilar, deportatsiya qilinadi va 10 yil davomida Saudiya Arabistoniga kirishi taqiqlanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Saudiya Arabistoni Haj Umra Din ishlari bo'yicha qo'mita

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing