Azon.uz`ga bosim bo‘lganmi? Din ishlari bo‘yicha qo‘mita qat’iy javob berdi
Jamiyat
−
04 fevral 2021
13377Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Azon.uz portali bilan yuz bergan holat muhokamalarga sabab bo‘lgan uchun yana bir rasmiy bayonot bilan chiqdi. Bayonot aksar izoh qoldirayotganlar orasida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita haqida yetarli taassurot bo‘lmagani sababli turli tushunmovchiliklar kuzatilgani uchun berilgan.
“Ko‘pchilikka tushunarli bo‘lishi uchun Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning faoliyati, maqsad va vazifalari borasida quyidagi ayrim asosiy vazifalarini keltirib o‘tishni lozim topdi”, deyiladi axborotda.
Unga ko‘ra, Qo‘mitaning asosiy maqsad va vazifalari quyidagilardan iborat:
• vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq din ishlari sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
• O‘zbekiston Respublikasining dunyoviy davlat tamoyilini amaliy ro‘yobga chiqarish, fuqarolarning vijdon erkinligi kafolatlarini himoya qilish;
• diniy mutaassiblik va ekstremizm g‘oyalarini tarqatish, turli konfessiyalar o‘rtasida adovatni yuzaga keltirishga qaratilgan xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish;
• jamiyatda diniy-ma’rifiy muhit barqarorligi va e’tiqod erkinligiga tahdid tug‘dirishi mumkin bo‘lgan omillarni o‘rganish, tahlil qilish va ularning oldini olish choralarini ko‘rish, shuningdek, ushbu jarayonlarda diniy-ma’rifiy soha vakillarining ishtirokini kengaytirish;
• davlat organlarining diniy tashkilotlar bilan o‘zaro aloqasi va hamkorligini muvofiqlashtirish hamda davlat siyosatida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan diniy tashkilotlar manfaatlarini aks ettirish;
• aholi orasida konfessiyalararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash bo‘yicha targ‘ibot va tashviqot ishlarini olib borish va boshqalar.
“Bundan ko‘rinib turibdiki, jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligi va e’tiqod erkinligiga tahdid tug‘dirishi mumkin bo‘lgan omillarni o‘rganish, tahlil qilish va ularning oldini olishga qaratilgan choralarni ko‘rish, respublikada chiqariladigan yoki chet ellardan keltiriladigan diniy tusdagi mahsulotlarni (matbuot va elektron nashrlarni, audio, video kassetalarni, SD, DVD va boshqa elektron tashuvchilarni, Internet butunjahon axborot tarmog‘ida joylashtirilgan diniy materiallarni) ekspertizadan o‘tkazish faoliyatini muvofiqlashtirish Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning asosiy vazifalaridan hisoblanadi.
Shundan kelib chiqib, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash va tarqatishda diniy-ma’rifiy saytlarga yo‘nalish va tavsiya berishi mumkin. Lekin, qaysidir saytdan qandaydir ma’lumotni oldirib tashlash yoki olib tashlashga majbur qilish vakolatiga ega emas”, deyiladi bayonotda.
Shundan so‘ng, idora Azon.uz saytida e’lon qilingan maqolalani olib tashlash bo‘yicha topshiriq bermaganini yana takrorlagan.
“Azon.uz saytida e’lon qilingan muayyan maqolalarni oldirib tashlash bo‘yicha Qo‘mita rahbariyati tomonidan hech qanday topshiriq bo‘lmaganini qat’iy ma’lum qilamiz”, deyilgan tashkilot munosabatida.
Shuningdek, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita qator ommaviy axborot vositalari bilan doimiy hamkorlikda faoliyat olib borayotganini, Prezident boshchiligida diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan yangilik va o‘zgarishlarni birgalikda omma e’tiboriga havola qilayotgani ham ta’kidlangan.
“Bayonot yakunida, yurtdoshlarimizga yana bir bora, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita rahbariyati tomonidan azon.uz sayti tahririyati va jamoasiga maqolani oldirib tashlash bo‘yicha bosim bo‘lmaganini, aksincha saytda berilayotgan xabar va maqolalar keng xalq ommasiga mo‘ljallangani uchun foydali va xolis bo‘lishi borasida doimiy hamkorlik qilib kelayotganini bildiramiz”, deyilgan.
Avvalroq, Azon.uz sayti bosh muharriri Abdulaziz Muborak (Abdulaziz Raimov) Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari Dilshod Eshnayev tomonidan tahririyatga bosim va tahdid bo‘layotgani tufayli ishdan bo‘shash to‘g‘risida ariza yozgani haqida xabar berilgandi. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Axborot xizmati holat yuzasidan rasmiy axborot berib, tahririyatga bosim bo‘lmaganini ma’lum qildi.
Keyinroq Azon.uz portali ta’sischisi Mubashshir Ahmad Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisning o‘rinbosari Dilshod Eshnayev tomonidan tahdid qilinganini ma’lum qildi. Ta’kidlanishicha, Azon.uz`da buni isbotlovchi dalillar ham bor.
Eslatib o‘tamiz, Azon.uz portali va Qo‘mita o‘rtasidagi mojaroga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bu holat bo‘yicha alohida bayonot bilan chiqdi.
Agentlik doimgidek davlat organlari va ommaviy axborot vositalarini qonunchilikda ko‘rsatib o‘tilgan qoidalar hamda o‘rnatilgan talablarni hurmat qilgan holda o‘zaro munosabatlarga kirishishga chaqirgan.