Diqqat, jazirama! JSST Markaziy Osiyo aholisini ogohlantirdi
Jamiyat
−
08 iyul 7455 2 daqiqa
Yevropani qamrab olgan rekord darajadagi issiqlik to‘lqinidan so‘ng jazirama yanada kuchayishi kutilmoqda. Bu hafta Portugaliya va Ispaniyaning janubida harorat 43 darajagacha ko‘tarilishi prognoz qilinayotgan bo‘lsa, Markaziy Osiyoning ayrim hududlarida havo allaqachon 40 darajadan oshdi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti xabar qildi.
Shu munosabat bilan JSSTning Yevropa bo‘yicha mintaqaviy direktori Xans Klyuge Yevropa Komissiyasi, a’zo davlatlar va fuqarolik jamiyati vakillari ishtirokida favqulodda yig‘ilish o‘tkazdi.
Ko‘plab davlatlar haddan tashqari issiqlikni endi shunchaki ob-havo hodisasi emas, balki aholi salomatligiga jiddiy tahdid o‘laroq hisoblamoqda.
Qayd etilishicha, issiqlik to‘lqinlariga qarshi milliy harakat rejasini ishlab chiqqan mamlakatlar bunday vaziyatlarda tezroq chora ko‘rish va aholini samaraliroq himoya qilish imkoniga ega.
Xususan, Italiyada 45 shaharda issiqlik sabab yuz berayotgan o‘lim holatlarini kuzatuvchi monitoring tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Ispaniyada aholini sog‘liq uchun xavflar haqida xabardor qilish kuchaytirilgan, Avstriyada esa ishchilarni jaziramadan himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha choralar joriy etilgan. Fransiyada idoralararo hamkorlik sog‘liqni saqlash tizimiga tushayotgan bosimni kamaytirishga xizmat qilmoqda. Shimoliy Makedoniyada esa uysiz fuqarolarga yordam ko‘rsatish ishlari kuchaytirilgan.
“Kerakli vositalar mavjud. Ilmiy asoslar yetarli. Agar rejalar inqiroz boshlanishidan oldin ishlab chiqilib, sinovdan o‘tkazilsa, ular insonlar hayotini saqlab qoladi”, deydi Xans Klyuge.
Shu bilan birga, tashkilotning Yevropa mintaqasiga kiruvchi 53 mamlakatning yarmidan kamida haddan tashqari issiqlikka qarshi milliy harakat rejasi mavjud.
Shuningdek, ko‘plab mamlakatlarda aholining issiq havo xavfini yetarlicha anglamasligi, uysizlar uchun salqin boshpanalar yetishmasligi hamda sog‘liqni saqlash tizimlarini iqlim o‘zgarishlariga moslashtirish zarurligiga e’tibor qaratilgan. Ayniqsa, yolg‘iz keksalar, ijtimoiy muassasalarda yashovchilar va uysizlar eng ko‘p xavf ostida ekani ta’kidlangan.
JSST yaqin kunlarda Yevropa va Markaziy Osiyodagi barcha 53 davlat uchun tavsiyalar ishlab chiqishini hamda issiqlikdan himoyalanish bo‘yicha milliy rejalarni tayyorlayotgan mamlakatlarga texnik ko‘mak berishda davom etishini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHda kuzatilayotgan kuchli anomal issiq oqibatida kamida 25 kishi vafot etgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi“Qo‘qon patiri” patentlandi
15 iyul