Diqqat! Toshkentda firibgarlikning yangi turi paydo bo‘ldi
3-sahifa
−
01 aprel
30381Toshkent shahri aholisi orasida firibgarlikning yangi turidan jabrlanayotganlar ko‘paygani aniqlandi va poytaxt IIBB fuqarolarni bundan ogohlantirdi. Bu haqda IIBB axborot xizmati rahbari Nilufar Isoxonova brifingda so‘z ochdi.
Uning aytishicha, firibgarlikning bu usulida jabrlanuvchining yashash manzilidagi uy telefoniga noma’lum shaxs qo‘ng‘iroq qilib, baqirib yig‘lagan ovozda “Ona men YTHga uchradim, “avariya” mening aybim bilan sodir bo‘ldi. Jabrlanuvchi og‘ir ahvolda, uni zudlik bilan operatsiya qilish kerak. Meni qamab qo‘yishmoqchi”, deb vahima bilan gapiradi. So‘ngra go‘shakni boshqa noma’lum shaxs olib, go‘yoki o‘zini “tergovchi” deb tanishtiradi va yaqin qarindoshi ya’ni farzandi yoki nabirasi YTH sababchisi bo‘lganini, hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish va qamoqqa olish choralari ko‘rilayotganini aytib qo‘rqitadi.
Buni eshitgan jabrlanuvchi sarosimaga tushadi va jinoyat ishini qo‘zg‘atmaslik va hammasini oson yo‘l bilan hal qilish taklifini beradi, ya’ni firibgarlar “YTHga uchragan jabrlanuvchi” bilan kelishish uchun pul berish kerakligini aytib, jabrlanuvchini chuv tushiradi.
Telefonda gaplashib turgan shaxs fuqarodan go‘shakni qo‘ymaslikni talab qiladi. O‘zidan soxta tergovchi yasab olgan firibgar jabrlanuvchining uyali telefon raqamini o‘zidan so‘rab, bilib oladi va boshqa bir noma’lum raqamdan unga qo‘ng‘iroq qiladi. “Tergovchi” jabrlanuvchi bilan gaplashganda, pulni olib ketish uchun bir odamni yuborishini aytadi va jabrlanuvchidan uy manzilini aniq so‘rab bilib oladi.
Firibgarlar kurer fuqaroning uyiga yetib borguncha vaqtni cho‘zadi. Ular jabrlanuvchidan telefon orqali go‘yoki YTH oqibatida jabr ko‘rgan shaxsga yetkazilgan zararni undirish, uni operatsiya qilish uchun barcha mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgani haqidagi arizani yozdirib oladi. Shundan so‘ng jabrlanuvchiga farzandining kiyimi qon bo‘lib ketgani sababli birorta yangi kiyim, sochiq va choyshabni tayyorlashi kerakligini, bularning barchasini sumkaga solib, eng pastki qismiga pulni o‘rab qo‘yishni tayinlaydi.
So‘ngra fuqaroga yana bir noma’lum shaxs telefon qilib, o‘zini tibbiyot xodimi sifatida tanishtiradi va YTHga uchragan “jabrlanuvchi” og‘ir ahvolda ekanini bildirib, uni zudlik bilan operatsiya qilish uchun katta miqdorda pul kerakligini aytadi. Jabrlanuvchi pullarni tayyorlaguncha va kurer kelib olib ketgunicha, barcha xonadondagi telefon raqamlarni firibgarlar band qilib qo‘yadi. Firibgarlar pullarni olgach, ularning barchasi chet eldagi bank hisob raqamlariga o‘tkazib yuboriladi.
Nilufar Isoxonovaning aytishicha, bu firibgarlarning tuzog‘iga ko‘proq keksa yoshdagi otaxon va onaxonlar tushmoqda. Kurer sifatida esa ko‘proq ishsiz yoshlardan foydalanilmoqda. Bunday firibgarlik holatlari qo‘shni Qozog‘iston hamda Rossiya Federatsiyasida ham kuzatilgan. IIBB poytaxt aholisini yanada hushyor bo‘lishga chaqirgan.
Yuqoridagi holat bo‘yicha esa O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda. O‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida jinoiy guruh a’zolarining bir nechtasi qo‘lga olingan. Ularning orasida Qozog‘iston va Qirg‘iziston fuqarolari ham bor.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr