Diqqat! Toshkentda avtomobillar evakuatsiyasi uchun to‘lov keskin oshirildi
Jamiyat
−
04 avgust 3759 2 daqiqa
Toshkent shahar hokimining tegishli qarori bilan poytaxtda avtomobillarni evakuatsiya qilish va jarima maydonchalarida saqlash uchun to‘lovlarning eng yuqori miqdori belgilanmoqda. Bu haqda Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.
Qayd etilishicha, bu chora yo‘laklar va piyodalar hududlari odamlar uchun erkin bo‘lishi lozim bo‘lgan qulay, xavfsiz va tartibli shahar muhitini yaratish bo‘yicha olib borilayotgan izchil ishlarning bir qismi.
Qarorga ko‘ra:
- avtomobilni saqlash – har bir sutka uchun BHMning 20 foizi (82 ming 400 so‘m);
- maxsus transport vositasi bilan evakuatsiya qilish va tashish – har bir kilometr uchun BHMning 20 foizi (82 ming 400 so‘m).
Shu bilan birga, avtomobilni jarima maydonchasiga evakuatsiya qilishning umumiy qiymati BHMning to‘rt baravaridan (1 mln 648 ming so‘m) oshmasligi kerak.
Bildirilishicha, yagona cheklangan tariflarning joriy etilishi tizimni yanada tushunarli va shaffof qilishga, fuqarolarni asossiz hisob-kitoblardan himoyalashga va ortiqcha to‘lovlarga yo‘l qo‘ymaslikka imkon beradi.
“Asosiy maqsad – nafaqat xizmatlar narxini tartibga solish, balki poytaxt ko‘chalarida tartibni ta’minlashdir. Avtomobillar piyodalar yo‘laklarini, o‘tish joylarini va boshqa jamoat joylarini to‘sib qo‘ymasligi lozim”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, hozir evakuatsiya xizmatlarini turli kompaniyalar ko‘rsatadi, tariflar esa tartibga solinmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda Jinoyat kodeksida voyaga yetmagan shaxsga transport vositasini boshqarishni, agar odam o‘limi yoki jarohatlanishi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan holatda, avtomobilni topshirgan shaxsga jinoiy javobgarlik belgilash taklif qilinayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi