Deputatlar Bosh vazir o‘rinbosari Ramatovning ma’lumotini qabul qilmadi
Jamiyat
−
14 noyabr 2023
18338Bugun, 14 noyabr kuni bo‘lib o‘tayotgan Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatovning parlament so‘roviga yuborgan javobini qabul qilmadi.
Aytilishicha, joriy yilning 19 sentyabr kuni Qonunchilik palatasining tegishli qarori bilan Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatovga yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati yuzasidan parlament so‘rovi yuborilgan. Joriy yil 26 oktyabrida mazkur parlament so‘roviga javob sifatida Qonunchilik palatasiga ma’lumot taqdim etilgan.
Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Erkin Solihovning aytishicha, taqdim etilgan ma’lumotda asosiy e’tibor aynan parlament so‘rovida ko‘tarilgan masalalarga qaratilmagan.
Solihovga ko‘ra, taqdim etilgan ma’lumotnoma barcha siyosiy partiyalarning fraksiyalari yig‘ilishlarida muhokama qilingan hamda ma’lumotlar yetarli darajada tushuntirish berilmagani qayd etilgan.
Shundan kelib chiqib, Qonunchilik palatasining majlisida Bosh vazir o‘rinbosari mazkur parlament so‘rovini qayta ko‘rib chiqib, unda qo‘yilgan har bir masala yuzasidan joriy yilning 1 dekabriga qadar to‘liq va asoslantirilgan javob berish yuzasidan tegishli qaror qabul qilingan.
Majlisda deputatlar Bosh vazir o‘rinbosaridan qo‘shimcha javob olish uchun tayyorlangan qarorni ma’qulladi.
LiveBarchasi