Deputatlar “tonirovka” masalasida Hukumatga taklif bilan chiqdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga avtomobillar oynasi tusini o‘zgartirish (tonirovka) uchun o‘rnatilgan to‘lov miqdorini kamaytirish bo‘yicha taklif kiritildi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev ma’lum qildi.

Doniyor G‘aniyev “tonirovka” masalasiga to‘xtalar ekan, jamoatchilik orasida bu borada turli e’tiroz, taklif va fikrlar bildirilayotganini aytib o‘tgan. 

“Ma’lumki, O‘zbekiston geografik jihatdan nisbatan issiq hududda joylashgan. Shu bois, so‘nggi paytlarda jamoatchilik tomonidan yengil avtotransport vositalari oynalarining qoraytirish (tonirovka) bilan bog‘liq amaldagi tartib yuzasidan ko‘plab e’tirozlar, fikr va takliflar bildirilmoqda”, deydi deputat.

U shuningdek, issiq mavsumda jazirama qator noqulayliklar tug‘dirishi va ish samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini urg‘ulagan. Mehnat unumdorligi 15 foizgacha pasayishi ta’kidlangan.

“O‘rganishlar shuni ko‘rsatadiki, odatda yilning issiq mavsumida havoning yuqori harorati va quyoshning jazirama issig‘i haydovchi va transportdan foydalanuvchilar uchun keskin noqulaylik tug‘diradi. Natijada, fuqarolarning iqtisodiy faolligi va mehnat samaradorligi 1 foizdan 15 foizgacha pasayishiga olib kelishi mumkin ekan”, deya faktlarni keltirib o‘tgan G‘aniyev.

Shundan so‘ng, u "tonirovka" bu masalada yordam berishi, u avtomobildagi haroratni 60 foizgacha kamaytirishi qo‘shimcha qilingan. Bu imkoniyatlar iqtisodiyotga ham foyda keltirishi esa alohida eslatilgan.

“Tonirovka”  esa avtomobil ichidagi havo haroratini 60 foizga kamaytirib, sovutish tizimining normal ishlashiga sharoit yaratadi hamda haydovchi va transport foydalanuvchilariga issiq mavsumda qulaylik yaratiladi. Bu esa o‘z navbatida fuqarolarning iqtisodiy faolligi va samaradorligi oshishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, mamlakat iqtisodiga qo‘shimcha o‘n millionlab dollar foyda keltirishi mumkin. Bugungi pandemiya sabab inqirozda bu biz uchun ayni muddao emasmi?”, deya savol qo‘ygan deputat.

Doniyor G‘aniyev quyoshning ultrabinafsha nurlari inson salomatligiga, xususan, uning terisiga qanday salbiy ko‘rsatishini aytib o‘tarkan, shunday deydi:

“Bundan tashqari, olimlar fikricha quyosh nurlari ostida uzoq bo‘lish va harkatlanish ham inson terisining quruqshab, qarib borishiga, terida dog‘lar paydo bo‘lishiga, ko‘zning to‘rpardasi zararlanishiga hamda teri saratoniga sabab bo‘lishi mumkinligi o‘z isbotini topgan. Sifatli “tonirovka” esa insonlarni quyoshning tik nurlaridan saqlash va ultrabinafsha (UV) nurlarining xatarli ta’siridan himoyalashda 99 foizgacha samara beradi.”

Tadqiqotlar “tonirovka” davlat uchun ham, fuqarolar uchun ham foydali ekanini ko‘rsatayotgani, ammo O‘zbekistonda ko‘pchilik haydovchilar bu qulaylikdan foydalana olmasligi qayd etilgan. Buning sababi sifatida “tonirovka” uchun to‘lov narxlari qimmatligi ko‘rsatilgan.

“Tahlillardan kelib chiqib aytish mumkinki, issiq mavsumda “tonirovka”dan foydalanishga ruxsat berish iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan davlat uchun ham fuqarolar uchun ham foydalidir. Ammo amaldagi tartibga ko‘ra belgilangan to‘lov miqdorlari “tonirovka“ga haqiqatda ehtiyoji bo‘lgan ko‘plab haydovchilarga qimmatlik qilmoqda”, deydi G‘aniyev.

Shundan so‘ng, u so‘zida davom etib, Hukumat bu qulaylikdan foydalanishni fuqarolar uchun bepul qilishni istamas ekan, uning narxi borasida yon berishi kerakligi ta’kidlangan. Bu bo‘yicha tegishli taklif kiritilgani ham qo‘shib o‘tilgan.

“Modomiki, Hukumat “tonirovka” uchun belgilangan to‘lovlarni butkul bekor qilishni istamas ekan, hech bo‘lmasa to‘lovlarni arzonlashtirish, yengillashtirish orqali kompromis qilishi kerak. “Tonirovka”dan foydalanish tartibiga biroz bo‘lsa ham ijtimoiy tenglik va adolat prinsipini singdirish lozim.

Shuni hisobga olib, yilning issiq mavsumida (1 maydan 30 sentyabrgacha, chunki asosan shu paytda “tonirovka”ga real ehtiyoj seziladi) BHMning 10 baravari miqdoridagi to‘lov evaziga (menga qolsa bepul bo‘lishi kerak, lekin shunisiga ham ko‘pchilik rozi hozir) avtotransport vositasining orqa (100 foiz) va old yon (30 foiz) oynalari “tonirovka” qilishga ruxsat berish tartibini joriy qilish maqsadga muvofiq.

Bu bo‘yicha o‘z taklif va tahlillarimizni hukumatga ham yubordik. Umid qilaman takliflarimizga mas’ul idoralar befarq bo‘lmay, o‘rganib chiqadilar hamda inobatga oladilar. Chunki har mavsumda milliardlab qo‘shimcha tushum, iqtisodiy faollik va mehnat samaradorligini o‘sishi, yangi ish o‘rinlari davlat iqtisodiga ijobiy ta’sir ko‘rsatsa, jismoniy qulaylik va sog‘liqqa xavfli nurlanishdan himoyalanish fuqarolar talablarini qondiradi”, deydi deputat Doniyor G‘aniyev.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning avgust oyida Hukumatning “tonirovka” bo‘yicha qarori qabul qilinib, avtomobil oynalarining tusini o‘zgartirish uchun ruxsatnoma olish narxlari o‘zgartirilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

tonirovka

Baholaganlar

1066

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing