Deputatlar: Maktabga qabul tizimining yangi tartibi Konstitutsiyaga zid
Jamiyat
−
15 iyun 2019
9544O‘zbekiston Respublkiasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari Abdurashid Abduqodirov va Rasul Kusherbayev Toshkent shahridagi maktablarda yangi o‘quv yilidan bolalarni 1-sinfga qabul qilishning yangi tizimi joriy etilishi munosabati bilan boshlangan muhokamalarga qo‘shildi. Deputat Kusherbayev ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida hammualliflikda yozilgan "Ta’limda korrupsiyaning oldini olishmi yoki taka bo‘lsin, sut bersinmi? Nega Konstitutsiyamiz va qonun normasiga zid hujjatlar qabul qilinmoqda?" sarlavhali maqola matnini keltirgan.
Hammamiz guvohi bo‘layotganimizdek, so‘nggi vaqtlarda e’lon qilinayotgan yangi qonun va qarorlarning aholi, jamoatchilik o‘rtasida keng muhokamalari bo‘lib o‘tmoqda. Bunda ommaviy axborot vositalari, jumladan, televideniye, bosma nashrlar va ijtimoiy tarmoqlarning o‘rni juda katta bo‘layotganini ham e’tirof etish zarur.
Eng muhimi, bu kabi muhokamalar jarayonida halqimizning bildirayotgan haqli e’tirozlariga sabab bo‘lgan hujjatlar bo‘yicha, vakolatli davlat organlari tomonidan ushbu e’tirozlarni o‘rinli deb topib, tegishli normativ huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilayotgani, albatta, jamiyatimizda ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlardan darak beradi.
Lekin, xalqning e’tiroziga sabab bo‘ladigan qarorlarning qabul qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik, aholining bu kabi haqli e’tirozini uyg‘otadigan qarorlar qabul qilinishi oldini olish yana ham yaxshiroq bo‘lar edi, albatta.
Biroq...
Vazirlar Mahkamasining joriy yilning 7 iyunda e’lon qilingan "Bolalarni davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida"gi №-469 sonli qarori ko‘pchilik fuqarolarimizning e’tirozlariga, jamoatchilikning qizg‘in muhokamalariga sabab bo‘ldi. Vazirlar Mahkamasining qarori yuzasidan ko‘plab yurtdoshlarimiz, saylovchilarimiz o‘zlarining e’tirozlarini bildirib, ushbu masalada yordam so‘rab murojaat qilmoqdalar.
Xo‘sh, ushbu qarorda nimalar ko‘zda tutilgan va e’tirozlarga nimalar sabab bo‘ldi?
Avvalo, ushbu qarorda 2019/2020 o‘quv yili uchun bolalarni davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga qabul qilish 2019 yil 20 iyundan boshlab Davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bosqichma-bosqich joriy etilishi nazarda tutilgan.
Birinchi e’tiroz: tegishli maktabga qabul qilish faqatgina Davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali joriy etilishi nazarda tutilgan. Ko‘pchilikning yashash manzili esa Davlat xizmatlari markazi joylashgan yerdan ko‘ra o‘sha maktabga yaqinroq. Biroq, nega o‘sha maktabga yaqinroq yerdagi aholiga asosiy kvota bo‘yicha ushbu ta’lim muassasaning o‘ziga borib to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish imkoniyati berilmayapti. Bu axir, xalqning yaqinini uzoq, yengilini og‘ir qilish emasmi?
Ushbu qaror bilan tasdiqlangan Bolalarni davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga muvofiq tuman (shahar) hokimliklari zaruratga ko‘ra tegishli yilning 1 yanvariga qadar umumta’lim muassasalariga biriktirilgan hududlarni tasdiqlashi belgilangan.
Ikkinchi e’tiroz: Maktablarga hududlarning biriktirish bo‘yicha mezonlarni belgilamasdan turib, hokimliklarga umumta’lim muassasalariga biriktirilgan hududlarni tasdiqlash vakolatini berishning nima keragi bor? Shundoq ham, hokimiyatlarga berilgan vakolatlardan noqonuniy manfaatlarda foydalanilayotganiga oid misollar yetarlicha emasmi? Buning o‘rniga, ta’lim berish tilini inobatga olgan holda tegishli ta’lim muassasasiga eng yaqin manzilda joylashgan xonadonlar o‘sha umumta’lim muassasalariga biriktirilgan hudud deb hisoblanishini; bunda, otasi yoki onasi I guruh nogironi bo‘lgan hamda yetim yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, shuningdek, shu maktabda akasi yoki singlisi o‘qiyotgan bolalar uchun ustuvorlikni belgilash to‘g‘ri va adolatli emasmi?
Qaror bilan qabul qilingan reglamentda qabul kvotasi asosiy va qo‘shimcha kvota turlariga ajratilgan:
• Asosiy kvota — tuman (shahar) hokimliklari tomonidan umumta’lim muassasalariga biriktirilgan mikrohududda istiqomat qilayotgan fuqarolarning farzandlari, otasi yoki onasi I guruh nogironi bo‘lgan hamda yetim yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar sonini inobatga olgan holda shakllantiriladi;
• Qo‘shimcha kvota — umumta’lim muassasalarining imkoniyatidan kelib chiqib, mikrohududdan tashqarida istiqomat qilayotgan maktab yoshidagi, mikrohudud va mikrohududdan tashqari maktab yoshiga yetmagan, ya’ni tegishli yilning 1 yanvaridan 31 avgustiga qadar 7 yoshga to‘lmaydigan bolalar (tegishli yilning 1 sentyabriga qadar 6 yoshga to‘ladigan), shuningdek, umumta’lim muassasalarida ta’lim berish tili bo‘yicha boshlang‘ich bilim (muloqot qilish) ko‘nikmasiga ega bo‘lmagan bolalar uchun ajratiladi.
Shuningdek, ushbu reglamentdagi asosiy kvota asosida qabul qilish tartibiga ko‘ra umumta’lim muassasalariga biriktirilgan mikrohudud bo‘yicha tegishli yilning 31 dekabriga qadar 7 yoshga to‘ladigan bolalar qabul qilinishi nazarda tutilgan.
Uchinchi e’tiroz: Nima uchun asosiy kvotaga ta’lim berish tilini inobatga olgan holda tegishli ta’lim muassasasiga eng yaqin manzilda joylashgan xonadonlarda yashovchi bolalar to‘liq va to‘g‘ridan-to‘g‘ri kiritilmayapti? Bunda boshqa tilda ta’lim beruvchi maktabga ta’lim berish tili bo‘yicha boshlang‘ich bilim (muloqot qilish) ko‘nikmasiga ega bo‘lgan bolalar nega ko‘rsatilmagan?
Mamlakatimiz konstitutsiyasining 41-moddasida bepul umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanishi, shuningdek, amaldagi "Ta’lim to‘g‘risida"gi qonunda maktabning birinchi sinfiga bolalar olti-yetti yoshidan qabul qilinishi belgilab qo‘yilgan (Garchi ushbu qonun bugungi kun talabidan kelib chiqib aytganda, yangi tahrirga muhtoj bo‘lsada, bu qonun hali bekor qilinmagan). Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 15 martdagi 140-son qarori bilan tasdiqlangan "Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risida"gi NIZOMda quyidagicha belgilangan:
• Davlat umumta’lim muassasalarida umumiy o‘rta ta’lim olish bepul amalga oshirilishi;
• Davlat ta’lim standartlariga muvofiq har bir shaxsning ta’lim va tarbiya olishdagi konstitutsiyaviy huquqini ro‘yobga chiqarish umumiy o‘rta ta’limning maqsadi hisoblanishi;
• Umumta’lim muassasasi rahbariyati mazkur muassasaga biriktirilgan hududdagi maktab yoshidagi bolalarni o‘z vaqtida umumta’lim muassasasiga o‘qishga jalb qilish uchun mas’ul hisoblanishi;
• Umumta’lim muassasalarining I sinfiga 6-7 yoshli bolalar tibbiy xulosaga muvofiq qabul qilinishi;
• Tegishli yilning 31 avgustiga qadar 6,5 yoshga to‘lmagan, I sinfda o‘qish istagini bildirgan bolalarning ota-onalari bilan umumta’lim muassasasining pedagog xodimlari va psixologi tomonidan bolani maktabda o‘qishga jismonan va ruhan tayyorlash bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilishi.
To‘rtinchi e’tiroz: Yuqoridagilardan kelib chiqib, nima uchun 6 yoshga to‘lgan, biroq, tegishli yilning 31 dekabriga qadar 7 yoshga to‘lmagan bolalar asosiy kvota asosida bepul asosda qabul qilinishi nazarda tutilmagan? Bu yoshdagi bolalarni asosiy kvota asosida qabul qilinmasligi hamda ularni faqat ma’lum miqdordagi pul evaziga qo‘shimcha kvota asosida qabul qilinishi amaldagi konstitutsiyamiz va qonun normasiga zidku! Qolaversa, ushbu reglamentdagi belgilangan bu kabi qoidalar, umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi nizom talablariga ham mos kelmaydiku?
Reglamentga ko‘ra, bolalarni umumta’lim muassasalariga yo‘llanmalar mavjud bo‘lmaganda rasmiylashtirishga yo‘l qo‘yilmasligi hamda bolaning sog‘lig‘i to‘g‘risida tibbiy ma’lumotnomada o‘qishga tavsiya etilgan tibbiy xulosa mavjud bo‘lganda (sog‘lom ekanligi ko‘rsatilganda) bola umumta’lim muassasasiga qabul qilinishi belgilangan.
Beshinchi e’tiroz: Nega, tegishli umumta’lim muassasasiga yo‘llanmaga ega va bolaning sog‘lig‘i to‘g‘risida tibbiy ma’lumotnomada o‘qishga tavsiya etilgan tibbiy xulosa mavjud bo‘lganda (sog‘lom ekanligi ko‘rsatilganda) bolani tegishli umumta’lim muassasasiga qabul qilinishi shartligi va hech qanday asosda bunday bolalarni maktabga qabul qilishni rad etish mumkin emasligi ko‘rsatib qo‘yilmagan? Bu kabi majburiyat belgilanmaganidan ta’magirlik maqsadida foydalanadiganlar topilmaydimi, axir?
Ushbu qaror bilan, 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab bolalarni umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga qabul qilish jarayoni Davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladigan ta’lim muassasalari ro‘yxati tasdiqlangan. Shuningdek, Reglamentga ko‘ra, qo‘shimcha kvota umumta’lim muassasalarining imkoniyatidan kelib chiqib, umumta’lim muassasasining o‘quvchilarni qabul qilish uchun malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlangani, sinf xonalarining o‘quv mebellari bilan jihozlanganidan kelib chiqib Kuzatuv kengashining tavsiyasi va umumta’lim muassasasi rahbarining buyurtmasi asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq ta’limi vaziri, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi va viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari boshliqlarining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.
Oltinchi e’tiroz: Toshkent shahrida to‘lov evaziga bir qator maktablarga qabul qilinishi belgilangan bu tartib jamiyatimizda aholini boy va kambag‘alga ajratishning hukumat hujjati bilan qo‘llab-quvvatlangan oshkora ko‘rinishiga olib kelmaydimi? Umumiy ta’limning bepulligi bo‘yicha mavjud Konstitutsiyaviy prinsipga va konstitutsiyaviy huquqga putur yetkazibgina qolmay, jamiyatimiz kuchli tabaqalashtirilishiga olib kelmaydimi? Bu tartib korrupsiyaning oldini olish emas, balki, korrupsiyaga yo‘l qo‘yib kelgan ta’lim muassasalari mas’ullarining o‘tmishdagi ishini berkitish va qonuniylashtirish deganiku! Aslida, bunga yo‘l qo‘yganlar qonun oldida javob berishlari kerak!
Bundan tashqari, ushbu ro‘yxatga kiritilgan aksariyat (balki barchasi ham bo‘lishi mumkin) umumta’lim muassasalaridagi o‘quvchilarning soni ushbu muassasalarning quvvatidan deyarli ikki barobarga ko‘p bo‘lib, ikki smenada o‘qish tashkil etilganku? Shuningdek, ushbu muassasalarning aksariyatida ko‘plab fan o‘qituvchilari bo‘yicha ham vakant ish o‘rinlari mavjud. Nima uchun, reglament talablariga javob bermaydigan, ya’ni, quvvatidan o‘quvchilari soni ko‘p bo‘lgan, ikki smenada o‘qish tashkil etilgan va fan o‘qituvchilari bo‘yicha o‘qituvchilar yetishmaydigan umumta’lim muassasalari qo‘shimcha kvota asosida qabul qilinishi mumkin bo‘lgan muassasalar ro‘yxatiga kiritilgan? Nima uchun, xalqimizning asosiy kvota hisoblanadigan farzandlari qo‘shimcha pullik kvota asosda qabul qilingan o‘quvchilar hisobiga ikkinchi smenada o‘qishi kerak? Bu kabi holatlar ta’lim sifatiga ham salbiy ta’sir qilishi aniqku?
Xulosa
1. Tegishli yilning 1 sentyabriga qadar 6 yoshga to‘ladigan hamda bolaning sog‘lig‘i to‘g‘risida tibbiy ma’lumotnomada o‘qishga tavsiya etilgan tibbiy xulosa mavjud bo‘lgan barcha bolalarni tegishli maktabga qabul qilishda aholiga asosiy kvota bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri tegishli ta’lim muassasasiga murojaat qilish imkoniyati berish;
2. Ta’lim berish tilini inobatga olgan holda tegishli ta’lim muassasasiga eng yaqin manzilda joylashgan xonadonlar o‘sha umumta’lim muassasalariga biriktirilgan hudud deb hisoblanishi; bunda, otasi yoki onasi I guruh nogironi bo‘lgan hamda yetim yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, shuningdek, shu maktabda oilaning boshqa farzandlari o‘qiyotgan bolalar uchun ustuvorlikni belgilash;
3. Boshqa tilda ta’lim beruvchi maktabga ta’lim berish tili bo‘yicha boshlang‘ich bilim (muloqot qilish) ko‘nikmasiga ega bo‘lgan bolalar asosiy kvotani tashkil etib, bunda, tegishli ta’lim muassassasiga eng yaqin manzildagi xonadon farzanlariga, otasi yoki onasi I guruh nogironi bo‘lgan hamda yetim yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, shuningdek, shu maktabda oilaning boshqa farzandi o‘qiyotgan bolalar uchun ustuvorlikni belgilash;
4. Qo‘shimcha kvota bo‘yicha umumta’lim muassasalariga qabul qilish uchun mikrohududdan tashqarida istiqomat qilayotgan hamda tegishli yilning 1 sentyabriga qadar 6 yoshga to‘ladigan hamda bolaning sog‘lig‘i to‘g‘risida tibbiy ma’lumotnomada o‘qishga tavsiya etilgan tibbiy xulosa mavjud bo‘lgan barcha bolalarni tegishli umumta’lim muassasalarida 15 avgustga qadar kelib tushgan arizalar asosida ro‘yxatini shakllantirish; bunda, sinflardagi o‘quvchilar sonini 35 nafardan oshib ketishiga, ikki smenadan ortiq smenada mashg‘ulotlar olib borilishiga yo‘l qo‘ymasdan (keyinchalik bunday maktablar uchun qo‘shimcha binolar qurishni nazarda tutgan holda), zarur hollarda tegishli moliya bo‘limlari orqali yangi tashkil etiladigan sinflar bo‘yicha moliyalashtirish ishlarini hal etgan holda qo‘shimcha qabulni 31 avgustga qadar yakunlash. Bunda, bolalarning yashash manzilini tegishli maktabga qanchalik yaqinligiga hamda ustuvorlik huquqiga qat’iy amal qilinishi shart. Qo‘shimcha kvota bo‘yicha umumta’lim muassasalariga qabul qilishni to‘liq bepul asosda amalga oshirish maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
So‘ngi so‘z o‘rnida: Bugungi kunda mamlakatimiz aholisining 10 millionga yaqin farzandlari maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va oliy ta’lim tizimi bilan qamrab olingan. Bizning ham farzandlarimiz maktabgacha ta’lim muassasasida, umumta’lim maktabida, oliy ta’lim muassasida ta’lim olmoqdalar. Ushbu farzandlarimiz umrining dastlabki 20 yillari o‘zining kelajagi uchun poydevor qurish vazifasini bajarishi kerak bo‘lgan ta’lim muassasalarida o‘tmoqda. Biroq, mamlakatimiz ta’lim tizimining barcha bo‘g‘inlarida poraxo‘rlik, ta’magirlik, tanish-bilishchilik kabi illatlar saqlanib qolmoqda. Boshqaruv tizimida ko‘p hollarda mutlaqo noloyiq, mavjud muammo va kamchiliklardan bexabar yoki ularga befarq, salohiyatsiz rahbarlar ishlab kelmoqda. Mavjud muammolarni hal etishning eng birinchi zaruriy sharti bu - o‘sha muammolar mavjudligini tan olish bo‘lsa, ikkinchi muhim shart o‘sha muammolarni hal etishda jamoatchilik muhokamalari asosida to‘g‘ri chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘lgani holda, aksariyat hollarda muammolarni yo‘qdek qilib ko‘rsatish, berkitish kabi holatlar mavjud. Bugungi kunda, davlat rahbari tomonidan barcha sohalardagi mavjud muammolarni hal etish yuzasidan katta imkoniyatlar, vakolatlar berilmoqda. Foydalanilmayotgan ko‘plab ichki imkoniyatlar mavjud. Bularni inobatga oladigan bo‘lsak, ta’lim tizimida saqlanib qolayotgan ko‘plab muammolardan kelib chiqib, ta’lim sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan barcha bo‘g‘indagi mas’ul rahbarlarning faoliyatini qoniqarsiz deb baholash mumkin.
Men, siz va boshqa yurtdoshlarimiz o‘z farzandlarimizning kelajagini, haqiqatan ham, porloq bo‘lishini, ularni bilimli, sog‘lom va albatta, baxtli bo‘lishini chin yurakdan istaymiz. Ushbu ezgu orzularimizga barcha farzanlarimiz uchun birdek sifatli ta’lim-tarbiya berishni yo‘lga qo‘ysakkina erisha olamiz? Shunday emasmi?
Abdurashid Abduqodirov, Rasul Kusherbayev,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari
LiveBarchasi