Deputatlar atom energiyasi to‘g‘risidagi qonunni uchinchi o‘qishda qabul qildi

Jamiyat

image

Kecha, 2 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi tegishli o‘zgartirishlar kiritilgandan so‘ng qayta ko‘rib chiqildi va qabul qilindi.

Mazkur qonunning maqsadi atom energiyasidan foydalanish xavfsizligini ta’minlash uchun yangi tashkil etililayotgan davlat tashkilotlari va tizimlarning faoliyati uchun qonuniy asoslar yaratish, shuningdek, milliy qonunchilikka atom energiyasidan foydalanish bo‘yicha samarali xavfsizlik mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan.

Qonun loyihasida atom energiyasidan foydalanish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirishda quyidagi asosiy prinsiplar ko‘zda tutilgan:

•    fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini, jismoniy hamda yuridik shaxslarning mol-mulkini saqlash, shuningdek atrof-muhitni muhofaza qilish ustuvorligi;

•    xavfsizlikning ta’minlanishi;

•    axborotning ochiqligi;

•    yadroviy qurol va boshqa yadroviy portlovchi qurilmalar ishlab chiqarishning ta’qiqlanishi.

Qonun loyihasini tayyorlashda atom energetikasidan muvaffaqiyatli foydalanib kelayotgan xorijiy mamlakatlar, xususan, AQSH, Fransiya, Xitoy, Yaponiya, Rossiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Kanada, Ukraina, Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Chexiya, Belgiya, Shveysariya, Finlyandiya, Vengriya, Slovakiya, Argentina, Braziliya kabi davlatlarning hamda Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlikning (MAGATE) qonunchilik bo‘yicha keng xalqaro tajribasi o‘rganildi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 5 mart kuni ushbu Qonun loyihasi Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda qabul qilingan. 13 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida mazkur Qonun loyihasini moddama-modda ko‘rib chiqish jarayonida ayrim me’yorlarni kuchaytirish, davlat boshqaruvi organlarining huquq va majburiyatlari, vakolatlarini yanada aniqlashtirish yuzasidan tavsiyalar berilib, qaytarib yuborilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

qonun Atom energiyasi

Baholaganlar

9

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing