Deputatlar axborot maydonidagi cheklovlar to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi
Jamiyat
−
04 mart 2021
3554Bugun, 4 mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Jinoyat hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga, shuningdek, “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunga ayrim o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi “Milliy tiklanish” DP hamda “Adolat” SDP fraksiyalari tashabbusi asosida ishlab chiqilgan hamda shu yil 15 fevral kuni Qonunchilik palatasi tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilingan.
Loyihaga muvofiq, Jinoyat kodeksining 244-moddasida hokimiyat vakillarining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslikka, ommaviy tartibsizlikka, fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik qilishga ommaviy da’vat qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanadi.
Bu jinoyat uchun jarima yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini joriy etish.
Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 201-moddasiga 1-qo‘shimcha kiritilmoqda. Unda, fuqarolarni O‘zbekiston qonunchilik hujjatlari talablarini bajarmaslikka yoki buzishga, shu jumladan ommaviy axborot vositalaridan, telekommunikatsiyalar tarmoqlaridan, internet jahon axborot tarmog‘idan, shuningdek matnni nashr etish yoki boshqa shaklda ko‘paytirish turlaridan foydalangan holda ommaviy da’vat qilish kabi huquqbuzarlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining oltmish baravaridan sakson baravarigacha miqdorda jarima solinishi belgilanyapti.
Ta’kidlanishicha, qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida qo‘mitalarda, fraksiyalarda qizg‘in muhokamalar tashkil etilgan, qolaversa, ijtimoiy tarmoqlarda jurnalistlar, blogerlar tomonidan bu bo‘yicha turli fikr-mulohazalar bildirilgan. Natijada taklif etilayotgan moddalar bo‘yicha 3 ta tuzatish va 4 ta qisqartishlar amalga oshirilgan.
Jumladan, “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilishi kutilayotgan ayrim bandlar maqsadga muvofiqligiga ko‘ra, chiqarib tashlangan va tahririy jihatdan o‘zgartirilgan. Xususan, fuqarolarning shaxsga doir ma’lumotlarini ularning roziligisiz joylashtirishga yo‘l qo‘ymasligi, referendum to‘g‘risidagi va saylov haqidagi qonunchilikda nazarda tutilgan cheklovlarga rioya etishi, o‘z veb-saytida yoki veb-sahifasida Internet jahon axborot tarmog‘i milliy segmentining domen nomlari tizimida izoh beruvchi shaxslar turgan mamlakatni identifikatsiyalovchi noyob manzil to‘g‘risidagi ma’lumotlarni aks ettirishi shartligiga oid bandlar chiqarilgan.
Muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilinga. Endilikda qonunni Senat ko‘rib chiqadi.
LiveBarchasi