Deputat: “Karantin vaqtida davlat avvalo uch toifa oilalarga yordam berishi kerak”

Jamiyat

image

O‘zbekistonda deyarli bir oydan beri karantin rejimi hukm suryapti. Odamlarning ishi to‘xtagan, aholining katta qismida daromadlar oydan-oyga yetib olishga mo‘ljallanganini hisobga olsak, bir oydirki ishlamayotgan odamlarning yashash uchun mablag‘i ham tugagan yoki tugash arafasida. Davlat ularni qo‘llab-quvvatlashi kerak. Ammo davlatning bir o‘zi hammaga yordam berishi qiyin. Soliq tushumlari kelishi ham to‘xtagan bir vaqtda bu yanada mushkul vazifa.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi Maqsud Qurbonboyev ayni vaziyatda davlat birinchi navbatda qo‘llashi kerak bo‘lgan uch toifaga to‘xtalib o‘tdi

“Hozirgi karantin sharoitida uch toifadagi oilalar eng qiyin davrni boshidan o‘tkazmoqdalar.

Birinchi toifa bu o‘z uy-joyiga ega bo‘lmagan, ijarada yashayotgan oilalar hisoblanadi. Chunki ular daromad topadilarmi-yo‘qmi, ijara va kommunal to‘lovlarni har oy to‘lashga majbur. Karantin davrida esa ularning aksariyati ishsiz qolishdi. Ammo ijara to‘lovlarini to‘lamasa, boshpanasiz qolishi ham hech gap emas. 

Eng yomoni, ularning aksariyatida o‘zlari yashayotgan joyida propiskasi bo‘lmaydi. Tabiiyki, mahalladan olinadigan moddiy yordam yoki oziq-ovqat mahsulotlar olish imkoniyati cheklanadi. 

Ikkinchi toifa - faqatgina chet elda ishlayotgan oila a’zosining daromadiga qarab qolgan oilalar. Sababi bugun aholimizning aksariyat qismi ishlayotgan Rossiya Federatsiyasi va Qozog‘istonda ham karantin e’lon qilingan. 

Ularning oila a’zolari karantin sharoitida mablag‘siz qolmoqda. Boisi ular na kam ta’minlangan oilaga, na yetarli ta’minlangan oilaga kiradilar.

Uchinchi toifa - kundalik daromadga asoslangan ishlarni qilib yurgan vatandoshlarimiz. Ya’ni kafe, restoranlarda ishlayotgan xodimlar yoki bo‘lmasa kirakashlik bilan shug‘ullanib tirikchilik qilib yashayotgan fuqarolarimiz. Agarda karantin davri cho‘ziladigan bo‘lsa, fuqarolarimizning ushbu qatlami yanada qiynalishi aniq.

Afsuski, bu kabi oilalarga zaruriy oziq-ovqatni yetkazish bilan birlamchi ehtiyojini to‘liq qoplay olmaymiz. 
Shuning uchun ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bir qator takliflarni ilgari suramiz. 

Birinchidan, joylardagi hokimliklar mahalla fuqarolar yig‘inlari bilan hamkorlikda yuqoridagi toifalarga mansub oilalarni propiskasidan qat’iy nazar a’lohida ro‘yhatini shakllantirishi kerak. 

Bu kabi oilalarni ro‘yxatga olishga ijtimoiy tarmoqlar va yagona telefon tarmog‘i orqali amalga oshirish ham mumkin.  

Ikkinchidan, ro‘yxati shakllantirilgan oilalarga zaruratga qaragan holda banklar tomonidan har oyda ma’lum summadan vaqtincha qisqa muddatlik (3 oy 5 oy oylik) mikrokredit ajratish yo‘li bilan qo‘llab-quvvatlab turish zarur.

Uchinchidan, homiylik jamg‘armalari hisobidan aholiga naqd shaklda yoki plastik kartaga o‘tkazish orqali 3 oylik muddatga foizsiz ssuda berib turish lozim. 

Ahamiyatlisi, mazkur takliflarni amalga oshirish bo‘yicha qonunchilik mexanizmlari shakllantirilgan. Faqat ijrochilardan ozgina tashabbuskorlik ko‘rsatilsa, bas.

Albatta, yuqoridagi takliflarni o‘qib, davlat va banklar tomonidan o‘zi shuncha mablag‘ yo‘naltirilmoqda-ku, deya e’tirozlar bildirilishi mumkin. Ammo bir narsani unutmaslik lozimki, agar fuqarolarimiz vitaminli, kaloriyali taomlarni iste’mol qilmas ekan, bu kasallik bizni tark etishi uzoqqa cho‘zilaveradi. 

O‘z-o‘zidan, fuqarolarimizning yashash darajasi pasayyadi va kambag‘al oilalar soni yanada oshadi. Natijada bugun berilmagan bir so‘mimiz ertaga uch so‘m zararga aylanadi. Bundan eng avvalo banklarimiz va davlat byudjeti aziyat chekadi. 

Shuning uchun hamjihatlikda, fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashga qilingan har bir sa’y-harakat ertaga o‘z natijasini berishi tabiiy”, deydi Maqsad Qurbonboyev.

Eslatib o‘tamiz, Prezidentning 19 martdagi farmoni bilan inqirozga qarshi choralar doirasida Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasiga 500 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘ berilishi belgilandi. 3 aprel kuni Prezident tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi farmon imzoladi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurash doirasida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzurida Xayriyalarni muvofiqlashtirish markazi tashkil etilgan. Aholini murojaatlari bilan tizimli ishlash va manzilli yordam ko‘rsatish maqsadida ochilgan Call-markazning  1197 qisqa raqami soat 9:00 – 17:00 oralig‘ida muntazam ishlamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

181

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing