Deputat davlat to‘ntarishi uyushtirishda ayblanmoqda
Olam
−
14 iyun
11960Tojikiston Demokratik partiyasining hibsga olingan sobiq raisi Saidjafar Usmonzoda xorijdan kelishi kerak bo‘lgan terrorchilik tashkilotlarining 3 ming jangarisi yordamida harbiy va huquq-tartibot idoralari binolarini va qurol-yarog‘larni tortib olishni rejalashtirganlikda gumon qilinmoqda. Bu haqda “Xovar” davlat agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, parlament yig‘ilishida Bosh prokuror Yusuf Rahmon tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Usmonzodaga moddiy yordam va’da qilingani, “Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasi” (Tojikistonda sud qarorlari bilan taqiqlangan) esa terrorchilik tashkilotiga 3 mingdan ortiq jangchi ajratishga va’da berganini ma’lum qilgan.
“Bu jinoyatni sodir etish uchun Saidjafar Usmonzoda nufuzli shaxslarni jalb qilish va mitinglar uyushtirish uchun xorijiy davlatlardan birining vakilidan 10 million dollar so‘ragan”, deya Rahmonning so‘zlaridan iqtibos keltiradi agentlik.
Prokurorning so‘zlariga ko‘ra, jangchilar Afg‘onistonda joylashgan "Jamoat Annasrulloh" terrorchilik guruhidan bo‘lishi kerak edi.
“Ular oldindan rejalashtirilgan rejaga ko‘ra, respublikaning bir qator hududlarida tezkorlik bilan ijtimoiy-siyosiy vaziyatni izdan chiqarish, harbiy va huquq-tartibot idoralari binolari, harbiy tuzilmalarni egallab olish, qurol-yarog‘larni qo‘lga kiritishni maqsad qilgan”, deydi prokuror.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Usmonzoda o‘z aybiga iqror bo‘lgan.
“Usmonzoda Saidjafar Usmonning aybi jinoyat ishi materiallari, jumladan, o‘z aybiga iqror bo‘lishi, ya’ni aybiga to‘liq iqror bo‘lishi, video va audio yozuvlar, guvohlarning ko‘rsatmalari va boshqa rad etib bo‘lmaydigan dalillar bilan to‘liq tasdiqlanadi”, deydi Bosh prokuror.
Unga ko‘ra, Usmonzodaning deputatlik mandati 2025 yilgacha amal qilishiga qaramay, joriy yilning 12 iyun kuni hibsga olingan.
Bugun, 14 iyun kuni respublika parlamenti quyi palatasida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi, unda prokuror so‘zga chiqdi va Usmonzoda deputatlik daxlsizligidan mahrum etildi. Unga nisbatan xizmat mavqeidan foydalangan holda hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallab olish (Tojikiston Jinoyat kodeksi 306-moddasi 2-qismi “v” bandi) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Ushbu moddada umrbod qamoq jazosi ko‘zda tutilgan. Ishga aloqador boshqa shaxslar ham bor, ularning ismlari tilga olinmagan.
Usmonzoda avvalroq Tojikiston Demokratik partiyasini boshqargan, biroq may oyida navbatdan tashqari qurultoy bo‘lib o‘tgan va unda u raislikdan chetlashtirilgan edi. “Aziya plyus” axborot portalining 14 may kuni xabar berishicha, Usmonzoda bu qarorga rozi bo‘lmagan va Adliya vazirligida e’tiroz bildirishga uringan, biroq vazirlik Abror Shahbozi partiyaning yangi yetakchisi etib tayinlanganini qonuniy deb tan olgan. Usmonzoda 2020 yilgi Respublika Prezidentligiga ham o‘z nomzodini qo‘yish niyatida edi, biroq uni nomzod sifatida ro‘yxatga olish rad etildi.
LiveBarchasi