“Demokratiyaga jiddiy zarba”. G‘arb Imomo‘g‘lining hibsga olinishi bo‘yicha nimalar deyapti?

Olam

image

Turkiyada Istanbul shahrining muxolif hokimi Ekrem Imomo‘g‘li kecha, 19 mart kuni hibsga olindi. Buning ortidan Yevropa Ittifoqi, AQSH, Germaniya va Fransiya hukumati rasmiylari voqea yuzasidan munosabat bildirmoqda.

“Biz Turkiyani inson huquqlariga rioya qilishga, ichki tuzilmasini tegishli ravishda boshqarishga chaqiramiz. Biz boshqa mamlakatning ichki qarorlarini izohlash niyatida emasmiz, biroq – ularga eslatishimiz mumkin bo‘lgan yagona narsa shuki, biz ulardan o‘z fuqarolarining huquqlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishlarini kutamiz”, dedi AQSH Davlat departamenti vakili Temmi Bryus.

Germaniya hukumati esa Imomo‘g‘lining va boshqa ko‘plab turk muxolifati vakillarining hibsga olinishini keskin qoraladi. Mamlakat Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok bu voqeani “Turkiya demokratiyasiga jiddiy zarba” deb atadi.

“Biz aniq ko‘rib turibmizki, muxolifat siyosatchilari uchun maydon tobora torayib bormoqda”, dedi Berbok.

Uning ta’kidlashicha, xalq tomonidan saylangan shaxslarning huquqlariga rioya qilinishi “huquqiy davlat ishlashining asosiy sharti” hisoblanadi.

Shuningdek, Germaniya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Imomo‘g‘lining hibsga olinishini unga nisbatan kuchayib borayotgan huquqiy bosimning bir qismi sifatida baholadi va Anqara Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishga da’vogar mamlakat va Yevropa Kengashi a’zosi sifatida demokratiya hamda qonun ustuvorligi tamoyillariga rioya qilish majburiyatini olganini eslatdi.

Fransiya ham Turkiyadagi voqealarni tanqid qildi. Mamlakat hukumati Ekrem Imomo‘g‘li va uning tarafdorlari hibsga olinishidan chuqur xavotirda ekanini bildirdi. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Kristof Lemuan jurnalistlarga bergan bayonotida Turkiya hukumati harakatlari turk demokratiyasi uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan xavotirda ekanini ta’kidladi.

Shuningdek, Parij meri Ann Idalgo bu voqeani “Erdo‘g‘an rejimi tomonidan muxolif merlarni bostirish yo‘lidagi navbatdagi qadam” deb atadi. Afina meri Xaris Dukas esa ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida “Do‘stim Ekrem, biz sening yoningdamiz” deb yozdi.

Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Kaya Kallas hamda YeIning kengayish masalalari bo‘yicha komissari Marta Kos tomonidan e’lon qilingan qo‘shma bayonotda esa Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘li hibsga olinishi va 2025 yil boshidan buyon davlat amaldorlari, faollar, fuqarolik jamiyati vakillari, tadbirkorlar va jurnalistlarga nisbatan ta’qiblar kuchaygani Turkiyaning uzoq yillik demokratik an’analariga sodiqligi borasida savollar tug‘dirishi ta’kidlangan. Yevroittifoq Anqarani huquqiy me’yorlarga rioya qilishga chaqirdi. 

Bryussel ham Turkiya hukumatini barcha huquqiy tartib-qoidalarga to‘liq rioya qilish va jarayonning shaffofligini ta’minlashga chaqirdi. Bayonotda Turkiya Yevroittifoqqa nomzod davlat va Yevropa Kengashi a’zosi sifatida eng yuqori demokratik standartlarga amal qilishi shart ekani ta’kidlangan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 19 mart kuni tongda Istanbul hokimi va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning asosiy siyosiy raqibi Ekrem Imomo‘g‘li hamda uning 106 tarafdori hibsga olingandi. Ular Kurd harbiy-siyosiy tashkiloti PKKga ko‘maklashish hamda boshqa noqonuniy harakatlarda ayblanmoqda.

Mazkur voqealar yuzasidan Turkiya Adliya vaziri Yilmaz Tunch tegishli bayonotini e’lon qildi. Uning ma’lum qilishicha, Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan olib borilayotgan tergov harakatlari doirasida 106 nafar gumonlanuvchiga, jumladan, Istanbul shahar hokimiga nisbatan bugun ertalab hibsga olish to‘g‘risida qarorlar chiqarilgan. Bildirilishicha, Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan 2 ta tergov harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, Istanbul Bosh prokuraturasining bayonotidan ma’lum bo‘lishicha, tergov materiallari orasida  MASAK (Moliyaviy jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi) hisobotlari, soliq ekspertizasi xulosalari, depozitlar haqida hisobotlar, guvohlarning bayonotlari va boshqa dalillar mavjud.

Turkiya Prezidenti devoni Kommunikatsiyalar boshqarmasi rahbari Faxriddin Altun esa Ekrem Imomo‘g‘li hibsga olingani ortidan davlat rahbariga nisbatan tuhmat va bo‘htonlar aytilayotganini bildirdi. U sud organlarining mustaqilligiga putur yetkazish, shuningdek, Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anga daxl qilish, mafkuraviy tuhmat harakatlariga qarshi qarshi ekanini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Istanbul Turkiya Ekrem Imomo'g'li

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing