Debyutidagi qizil kartochkadan tortib, jahon chempionligigacha: Messining Argentina terma jamoasidagi yo‘li
Sport
−
19:08 280 8 daqiqa
Lionel Messi Argentina terma jamoasi AQSHda bo‘lib o‘tgan jahon chempionati finalida Ispaniyaga mag‘lub bo‘lganidan yetti hafta o‘tib xalqaro faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi. 2005 yil yozida maydonga tushganidan bir necha soniya o‘tib qizil kartochka olgan futbolchining 21 yillik faoliyati 207 ta o‘yin, 125 ta gol, uzoq kutilgan jahon chempionligi va yana ikki Jahon chempionati finalidan so‘ng yakunlandi.
Kecha, 31 avgust kuni Messi Instagram sahifasida 21 iyul kuni, jahon chempionati finalidan ikki kun o‘tib yozgan xati aks etgan suratni joylashtirdi. Unda argentinalik futbolchi milliy terma jamoadagi faoliyatini yakunlayotganini tasdiqladi va avgust oyi boshida otasi Xorxe vafot etgani uni bu qarorga avvalgidan ham ko‘proq ishontirganini aytdi.
“Finaldan beri o‘tgan vaqt va uzoq mulohazadan so‘ng, hammaga milliy terma jamoadagi faoliyatimni yakunlayotganimni e’lon qilmoqchiman… Bu og‘riqli va hanuzgacha og‘riq berayotgan qaror bo‘ldi, ammo hozir eng munosib vaqt ekanini tushunib turibman. Qasam ichamanki, nafaqat hamma narsani yutib olgan oxirgi yillarimizda, balki undan oldin ham doimo bor kuchimni berganman, futbol orqali sizga quvonch ulashish va argentinalik ekaningizdan faxrlanishingiz uchun ushbu futbolka bilan doimo kurashganman va bor vujudimni bag‘ishlaganman.
Vaqt oz qoldi, boblar yopilmoqda va bu bob menga chuqur og‘riq yetkazmoqda. Men milliy terma jamoada bo‘lishni sevganman, sevardim va doimo sevaman. Men bor kuchimni berdim; beradigan boshqa hech narsam qolmadi, bundan tashqari, ortimdan u yerda bo‘lishga loyiq juda iqtidorli yosh o‘yinchilar kelmoqda. Bu 20 yil davomidagi barcha mehr-muhabbatingiz uchun tashakkur”.
Messi oilasiga “go‘zal, ammo qiyin sayohat” davomida unga hamroh bo‘lgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Messi o‘z bayonotini argentinalik muxlislarga murojaat bilan yakunladi:
“Sizlarga va jamoadoshlarimga ertakka o‘xshash lahzalarni taqdim etganimdan xotirjamlik va faxr tuyg‘usi bilan ketmoqdaman. Bularning barchasini sizlar bilan birga boshdan kechirish ajoyib edi. Sizlarni sevaman! Meni argentinalik qilganing uchun tashakkur, Xudoyim! Olg‘a, Argentina!”
2005 yilda Ispaniya fuqaroligini olgan (Argentina fuqaroligini saqlab qolgan holda) Lionel Messi Ispaniya terma jamoasi safida o‘ynash huquqiga ega edi. Biroq u faqat Argentina terma jamoasida o‘ylashni istagani uchun Ispaniya futbol federatsiyasining taklifini rad etdi.
O‘sha yili Messi Argentina yoshlar terma jamoasi bilan 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Jahon chempionatida g‘olib chiqdi. Messi esa turnirning eng yaxshi futbolchisi va to‘purari deb topildi.
Tasavvur qilish qiyin bo‘lgan debyut
2005 yildan buyon Messi Argentina milliy terma jamoasi safida to‘p tepib keldi. U kattalar terma jamoasidagi debyutini 2005 yil 17 avgust kuni 18 yoshida Budapeshtda Vengriyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida o‘tkazdi. Messi 63-daqiqada zaxiradan maydonga tushdi va oradan atigi ikki daqiqa o‘tib, raqib futbolchisiga tirsagi bilan zarba bergani uchun qizil kartochka bilan maydondan chetlatildi. Xullas debyut mana shunday boshlangan.
Messi terma jamoadagi birinchi golini 2006 yil 1 mart kuni Xorvatiyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida urdi. Biroq Argentina mazkur bahsda 2:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi. 2008 yilda Messi Pekin Olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritdi. 2011 yilda esa Argentina terma jamoasi sardoriga aylandi.
Shunga qaramay, Messi uzoq yillar davomida terma jamoa bilan yirik sovrin yuta olmayotgani uchun tanqid qilindi. 2016 yil iyun oyida u Argentina terma jamoasining eng yaxshi to‘purariga aylandi. AQSHga qarshi Amerika Kubogi yarim finalida Messi milliy jamoa uchun 55-golini urdi va Gabriel Batistutaning 54 ta gollik natijasidan o‘zib ketdi. Argentina o‘sha uchrashuvda 4:0 hisobida g‘alaba qozondi, ammo finalda Chiliga mag‘lub bo‘ldi. Bu Messining yirik turnirlar finalidagi navbatdagi omadsizligi edi. U 2007 va 2015 yillardagi Amerika Kubogi finallarida hamda 2014 yilgi Jahon chempionati finalida mag‘lub bo‘lgandi. 2016 yilgi Amerika Kubogida Chiliga qarshi finaldan so‘ng Messi terma jamoadagi faoliyatini yakunlashini e’lon qildi.
“Men qo‘limdan kelgan barcha ishni qildim. To‘rtta finalda ishtirok etdim va chempion bo‘la olmaganim achinarli”, degandi futbolchi.
Bu qaror Argentinada “Ketma, Leo!” shiori ostida ommaviy kampaniya boshlanishiga sabab bo‘ldi. Mamlakat Prezidenti Maurisio Makri ham futbolchini terma jamoada qolishga chaqirdi. 2016 yil sentyabr oyida Messi Argentina terma jamoasiga qaytdi. Shundan so‘ng, u jamoa bilan bir qator yirik sovrinlarni qo‘lga kiritdi. 2021 yilda u Argentinani Amerika Kubogi finalida Braziliya ustidan g‘alabaga olib keldi. Messi turnirda to‘rtta gol urdi va beshta golli uzatma amalga oshirdi. Bu Argentinaning 28 yil ichidagi ilk yirik sovrini bo‘ldi.
2022 yil Qatarda o‘tkazilgan Jahon chempionatida Messi yettita gol urdi, ulardan ikkitasi finalda Fransiya darvozasiga kiritildi. Argentina penaltilar seriyasida Fransiyani mag‘lub etib, o‘z tarixida uchinchi marta jahon chempioniga aylandi. Messi esa faoliyati davomida eng ko‘p intiq bo‘lgan sovrinni qo‘lga kiritdi.
2024 yilda Argentina Amerika Kubogi finalida Kolumbiyani 1:0 hisobida mag‘lub etdi. Lautaro Martines qo‘shimcha vaqtda yagona golni urdi. Bu g‘alaba Messi uchun faoliyatidagi 45-sovrin bo‘ldi va u tarixdagi eng ko‘p sovrin yutgan futbolchiga aylandi. 2026 yilda Messi yana Argentina terma jamoasining Jahon chempionati uchun tarkibiga kiritildi. AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida Argentina yana finalgacha yetib bordi. Biroq hal qiluvchi uchrashuvda argentinaliklar Ispaniyaga qo‘shimcha vaqtda 0:1 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
Mazkur turnirda ham Messi o‘z nomini tarixga yozdi. 22 iyun kuni u Jahon chempionatlaridagi golli harakatlari bo‘yicha Germaniya terma jamoasi sobiq hujumchisi Miroslav Klozening 16 ta natijadan iborat rekordini (21) yangiladi. Biroq 18 iyul kuni Fransiya hujumchisi Kilian Mbappe Messining ushbu natijasidan (22) o‘zib ketdi.
“Abadiy” yulduz o‘z tengdoshlari tomonidan olqishlandi
Messi bilan 2022 yil Qatarda bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida birga o‘ynagan Anxel Di Mariya endi muxlislar Argentina osmonining ko‘k-oq rangli libosida afsonaviy hujumchini ko‘ra olmasligini anglash juda og‘ir ekanini ta’kidladi.
“Men faqat sen bilan bir davrda tug‘ilganimni, seni ko‘rish, o‘yiningdan zavq olish va eng muhimi, terma jamoada sen bilan shuncha yillarni birga o‘tkazish baxtiga muyassar bo‘lganimni bilaman”, deydi Di Mariya.
Messining “Inter Mayami”dagi argentinalik jamoadoshi Rodrigo De Paul sakkiz karra “Oltin to‘p” sohibi bo‘lgan futbolchining o‘z mamlakatiga bo‘lgan “so‘zsiz muhabbati”ni alohida ta’kidladi.
“Shunchaki rahmat. Barcha davrlarning eng buyuk futbolchisi, bizga shuncha baxt baxsh etganing uchun rahmat. Odamlarni qanchalik ko‘p bor tabassum qildirganingni hatto tasavvur ham qila olmaysan! Sen abadiysan”, deb yozdi De Paul.
Argentina terma jamoasi yarim himoyachisi Enso Fernandes esa keyingi mashg‘ulotlar va o‘yinlarni Messisiz tasavvur qilish qiyinligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Messini ko‘p yillar davomida milliy jamoaning 10-raqamli libosida ko‘rish odatiy holga aylanib qolgan.
“Maydonga chiqib, seni 10-raqamda ko‘rmaslikni tasavvur qilish juda qiyin. Seni u yerda shuncha yillar davomida ko‘rib keldimki, bu manzarasiz terma jamoani tasavvur qilishning o‘zi mushkul”, deydi Fernandes.
Hujumchi Lautaro Martines esa 2005 yilda milliy jamoada debyut qilgan Messining Argentina futboli uchun qilgan xizmatlari oldida so‘zlar ojiz ekanini ta’kidladi.
“Maydonda erishgan barcha yutuqlaringdan tashqari, menga o‘rgatgan narsalaringni hamisha eslayman: hech qachon taslim bo‘lmaslik, har bir muvaffaqiyatsizlikdan keyin ham oldinga intilish, jimgina mehnat qilish va eng muhimi, har doim o‘zimizga ishonish. Biz senni juda sog‘inamiz, kapitan. Bu safarni sen bilan birga bosib o‘tganimiz uchun abadiy minnatdor bo‘lib qolamiz. Hammasi uchun rahmat, kapitan!” deydi Martines.
Messiga bildirilgan ehtirom va minnatdorlik so‘zlari faqat uning terma jamoadagi sobiq va amaldagi jamoadoshlari bilan cheklanib qolmadi. Argentina Prezidenti Xaver Miley Messini “ajoyib inson” deb atadi. Mamlakat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Klaudio Tapiya esa uni “orzularimiz sardori” deya ta’rifladi.
“O‘sha bola, “La Pulga” (Messining laqabi), ko‘pincha imkonsizdek tuyulgan narsalarni amalga oshirgan o‘sha betakror futbolchi... Sen allaqachon bu yurtning, milliy terma jamoamizning va jahon futbolining afsonasiga aylanib ulgurding.
Sen bizni sehrga ishonishga majbur qilding. Balki shuning uchun ham vaqt sen uchun ham to‘xtamasligini qabul qilish qiyin. Argentina terma jamoasi libosi sening ramzing bo‘lib qoladi. Xalqimizning senga bo‘lgan muhabbati esa abadiy davom etadi”, deydi Tapiya.
FIFA prezidenti Janni Infantino ham Messini yorqin xalqaro faoliyati bilan tabrikladi. U argentinalik futbolchi millionlab muxlislarga ulkan quvonch baxsh etganini ta’kidladi.
“Sen Jahon chempionati g‘olibi va sportimiz tarixidagi eng buyuk futbolchilardan biri sifatida xalqaro faoliyatingni yakunlayapsan. Senga faoliyatingning keyingi bosqichida eng yaxshi tilaklarimni bildiraman”, deydi Infantino.
Messining rafiqasi Antonella Rokutsso ham turmush o‘rtog‘iga samimiy so‘zlar bilan murojaat qildi.
“Bu safarda yoningizda bo‘lish va barcha orzularingiz ro‘yobga chiqqanini ko‘rish men uchun qanday sharaf ekanini so‘z bilan ifodalash qiyin. Siz bu hikoyaga va undan ham ko‘prog‘iga munosib edingiz. Biz sizni cheksiz sevamiz”, deb yozdi Antonella Rokutsso.
Futbol muxlislari va butun futbol jamoatchiligi uchun qanchalik og‘ir bo‘lmasin, Lionel Messi o‘zining buyuk futbolchilik faoliyati yakuniga tobora yaqinlashmoqda. Argentina terma jamoasi bilan xayrlashuvi esa bu jarayondagi birinchi va eng og‘riqli qadam bo‘ldi. Balki bu qaror uning millionlab muxlislariga haqiqatni bosqichma-bosqich qabul qilishga imkon berish, xayrlashuv og‘rig‘ini biroz yengillashtirish uchun tashlangan qadamdir.
Messi hali “Inter Mayami” safida maydonga tushishi, gollar urishi va muxlislar olqishi ostida o‘ynashda davom etishi mumkin. Ammo uning futbolchilik faoliyati finish chizig‘iga juda yaqin kelganini uning o‘zi ham, uni yillar davomida kuzatib kelgan muxlislari ham yaxshi anglab turibdi. Endi asosiy savol – bu buyuk kareraning rasmiy yakuni qachon e’lon qilinishida.
Ehtimol, Messi mavsum yakuniga qadar o‘ynashda davom etar, balki xayrlashuv sanasi yil oxiriga to‘g‘ri kelar. Bu hozircha noma’lum. Ammo bir narsa aniq: buyuk safarning so‘nggi bobi boshlandi. Argentina terma jamoasi bilan xayrlashuv – Messining futboldan ketishi emas, balki o‘sha buyuk kunga tashlangan birinchi qadamdir.
Live
Barchasi