Debat-2024: keskin savollarga asosli javoblar
Jamiyat
−
21 Oktabr
3650O‘zbekistonda Parlament saylovi boshlanishiga 6 kun vaqt qoldi. Bu kun yaqinlashgani sari partiyalararo raqobat ham jiddiy tus olmoqda. Jumladan, 19 oktyabr kuni O‘zbekistonning siyosiy partiyalari ishtirokidagi teledebatda ham tomonlar bahsga kirishib, ko‘pchilikning e’tiborini tortishdi. Partiya vakillari o‘z dasturlaridagi masalalar ustuvorligiga urg‘u berib, saylovchilar diqqatini jalb eta oldilar. Ular o‘rtasidagi qizg‘in bahs va tortishuvlar jarayonga dramatik tus berib, siyosiy kurashni kuchaytirish va saylovchilarni tanlash imkoniyatlarini kengaytirishga sabab bo‘lmoqda.
Partiya vakillarining o‘zaro savol-javoblari ushbu debatning eng yuqori nuqtasi bo‘ldi, desak adashmaymiz. Ayniqsa, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi (O‘zLiDeP) vakilining Xalq demokratik partiyasi (XDP) vakiliga bergan savoli jiddiy munozaraga sabab bo‘ldi. Bu savol XDP dasturidagi tabaqalashtirilgan soliq tizimini joriy qilish, ya’ni, yuqori daromadga ega bo‘lgan fuqarolardan ko‘proq soliq undirish masalasi bilan bog‘liq edi. O‘zLiDeP vakili partiya pozitsiyasidan kelib chiqib, bunday tashabbuslar mulkdorlar huquqlarini cheklab qo‘yishi, mamlakatimizda tadbirkorlik rivojiga putur yetkazishi mumkinligini ta’kidladi.
XDP vakilining javobi ham o‘rinli bo‘ldi va partiya taklifini yetarlicha asosladi. Uning ta’kidlashicha, tabaqalashtirilgan soliq tizimida mulkdorlarning huquqlari cheklanmaydi, balki adolatli soliq tizimi joriy etilib, ijtimoiy barqarorlik o‘rnatiladi. Qolaversa, bunday soliq tizimi dunyo tajribasida mavjud bo‘lib, davlatlar shu orqali ijtimoiy himoyani ta’minlayotganliklarini qayd etdi. Partiyaning ushbu tashabbusi mamlakatning har tomonlama rivojlanishiga ko‘proq hissa qo‘shishi mumkinligi bilan asoslandi.
Shuningdek, partiyalar xalqni qiynayotgan ko‘plab masalalar – soliq yuki, uy-joy yetishmovchiligi, ekologik muammolar, tirbandlik, muhojirlarning sharoitini yaxshilash kabilarni ko‘tarib chiqayotganligini kuzatish mumkin. Keskin savollar va asosli javoblar bir jihatdan siyosiy partiyalarga ochiq muloqotlar natijasida o‘z pozitsiyalarini yaqqolroq namoyon etish imkoniyatini bersa, boshqa tomondan bahslarda haqiqat yaralishiga zamin yaratib, partiyalar ilgari surgan tashabbuslarni yana bir bor chig‘iriqdan o‘tkazib, saragini sarakka, puchagini puchakka ajratishga imkon bermoqda.
Masalani chuqurroq tahlil qiladigan bo‘lsak, soliqlar azaldan davlatchilikning moliyaviy asosi bo‘lib kelgan. Shu nuqtai nazardan davlatlar shakllanishi bilan soliqlar ham shakllanib, odatda, majburiylik xarakterini kasb etgan. Bugungi kungacha adolatli soliq tizimini joriy etish masalasi doimo ziyolilar va hokimiyatni o‘ylantirib keladi. Bunda soliq to‘lovchi bilan davlatning manfaatlarini uyg‘unlashtirish, ularning roziligi masalasi muhim hisoblanadi. Bu esa ancha murakkab masala hisoblanadi. Zero, buyuk Sohibqiron “Temur tuzuklari”da ta’kidlaganidek, “Soliqlar davlatning iqtisodiy tayanchidir”.
Umuman olganda, teledebatlarda partiyalarning barqarorlik uchun muhim ahamiyatga ega masalalarni ana shunday qizg‘in bahslar orqali muhokama qilishi istiqbolimiz uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr