DBQ IMEI-kodlar mojarosi bo‘yicha jinoiy guruhni fosh qildi
Jamiyat
−
09 Sentabr 2020
12437Avvalroq, bir necha oydan beri xorijdan kelgan fuqarolarni qiynab kelayotgan IMEI-kodlar masalasi bo‘yicha Davlat bojxona qo‘mitasi surishtiruv boshlagani haqida xabar bergan edik.
Gap shundaki, xorijdan kelgan ko‘plab fuqarolar o‘zlari bilan olib kelgan mobil telefonlarini ro‘yxatdan o‘tkazishmoqchi bo‘lganida, ularning nomiga allaqachon boshqa mobil qurilmalar Uz IMEI tizimidan ro‘yxatdan o‘tganligi noroziliklarga sabab bo‘layotgan edi.
Qo‘mita tomonidan qonunbuzarlik holatlarini aniqlash borasida olib borilgan tadbirlar natijasida ro‘yxatdan o‘tmagan mobil qurilmalarni O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasi orqali harakatlangan fuqarolarning nomlariga noqonuniy yo‘llar bilan ro‘yxatga qo‘yish, shaxslarga doir ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda yig‘ib, saqlab, ulardan foydalanib kelayotgan jinoiy guruh faoliyati fosh etildi.
Aniqlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi O.A. sheriklari M.B. va T.R. bilan tuzgan o‘zaro jinoiy rejaga ko‘ra qo‘shni davlatlarga o‘tib, u yerda O‘zbekistonga kirib kelayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining pasport ma’lumotlarini telefon yordamida rasmga tushirib, Telegram ijtimoiy tarmog‘i orqali yuborib, belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan mobil qurilmalarni Uz IMEI tizimi orqali ushbu fuqarolar nomiga ro‘yxatdan o‘tkazish bilan shug‘ullanib kelishgan.
Birgina fuqaro B.M.ning uyali aloqa vositasi ko‘zdan kechirilganida, telefon xotirasida O‘zbekiston fuqarolarining 200 ga yaqin pasport rasmlari borligi, u ushbu pasport ma’lumotlarni yig‘ib, jinoiy sherigi O.A.ga yetkazib berganligi uchun har bir pasportga 5 AQSH dollardan haq olganligi ma’lum bo‘ldi.
Mazkur xolat yuzasidan Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 141-2-moddasining 2-qismi “a” va “v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov organiga yuborildi.
Shu o‘rinda eslatib o‘tish lozimki, shaxsga doir ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda yig‘ish, tizimlashtirish, saqlash, o‘zgartirish, to‘ldirish, ulardan foydalanish, ularni berish yoki tarqatganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, IMEI-kodlar atrofida noroziliklar ortib ketgach, bu ishga mas’ul bo‘lgan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ham tekshiruv boshlagandi. Bunday tashqari, IIV ham shunday muamoga duch kelgan fuqarolardan hududiy IIBga murojaat qilishni so‘rab chiqqandi.
P.S.: Albatta, jinoiy guruh fosh qilingani yaxshi xabar. Endi fuqarolarda IMEI-kodlar bilan bog‘liq muammolar bo‘lmasligiga umid qilamiz. Ammo jinoiy guruh faoliyati masalasida mulohazali o‘rin bor. O‘zbekistonda IMEI-kodlarni ro‘yxatga olish karantin cheklovlari o‘rnatilgan vaqtda avj oldi. Bu vaqtda chegaralar O‘zbekiston fuqarolarining kundalik kirib-chiqishi uchun yopiq bo‘ldi va xorijdan kelayotganlar ham 14 kunlik karantinga joylandi. Shunday ekan jinoiy guruh a’zolari qanday qilib chegaradan o‘tib, faoliyatini amalga oshirgani kishida savol tug‘diradi.
LiveBarchasi