IIV IMEI-kodlar bo‘yicha aholiga murojaat bilan chiqdi
Jamiyat
−
03 Sentabr 2020
13254Bugun, 3 sentyabr kuni Ichki ishlar vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi va UZIMEI tizimi operatori mas’ul xodimlari ishtirokida ishchi uchrashuv o‘tkazildi. Bu haqda IIV Matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda IMEI-kodni ro‘yxatdan o‘tkazib bo‘lmayotgani, bunga fuqaroning shaxsiy ma’lumotlari o‘g‘irlangani bo‘lishi mumkinligi haqidagi shikoyatlar ortib borayotgani muhokama qilindi va muammolarni bartaraf etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilab olingan.
Ta’kidlanishicha, shaxsga doir ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 2 iyuldagi “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi Qonuni bilan himoyalanadi. Fuqarolarning shaxsga doir ma’lumotlarini qonunga xilof ravishda yig‘ish, tizimlashtirish, saqlash, o‘zgartirish, to‘ldirish, ulardan foydalanish, ularni berish, tarqatish, uzatish, egasizlantirish va yo‘q qilish MJtKning 46-2-moddasiga asosan, fuqarolarga BHMning 3-5 baravari, mansabdor shaxslarga esa 5-10 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
O‘sha harakatlar ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa, yoxud bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirilib, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan, g‘arazli yoki boshqacha past niyatlarda, xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etilsa, yoxud og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, Jinoyat kodeksining 141-2-moddasiga asosan, 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
“Yurtdoshlarimizdan, agarda telefonlarining “IMEI” kodlari bilan bog‘liq yuqoridagi muammolar yuzaga kelgan taqdirda yashash manzillari bo‘yicha ichki ishlar organlariga murojaat qilishlarini tavsiya etamiz”, deyilad IIV xabarida.
Ma’lumot uchun, so‘ngi oylarda tex-tez yuz berayotgan mazkur masala yuzasidan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari vazirligi bayonot berib, tegishli idoralar bilan tekshiruv boshlanganini ma’lum qildi.
Keyinroq esa davlat bojxona qo‘mitasi ham holat yuzasidan tekshiruv boshlanganini bildirdi. O‘z navbatida har ikki tashkilot tekshiruv yakunlari bo‘yicha ma’lumot berilishini ta’kidladi.
LiveBarchasi