O‘qituvchi ham odammi? Prezident hokimlarni quvgan hafta tahlili
Tahlil
−
06 avgust 2023
33757Hafta bo‘yi Toshkentda emasdim. Ketganimda o‘qituvchilarning tili chiqib qolibdimi? Maktab direktori kimsan viloyat hokimiga gap qaytaryapti, tortishyapti, o‘zinikini ma’qulllayapti. Kim o‘zi u? Viloyat hokimi qayerda-yu maktab direktori qayerda?! Ha, eslaridan chiqib qoldimi paxta terib, supurgi ko‘tarib, maktab hududi qolib o‘quvchisi yashaydigan uyning ostonasini ham supurib yurgani?! Endi tillari 15 qarich bo‘lib qolibdimi? Ortlarida Prezident turibdi-da a? Yengil hayotga tez o‘rganib qolibdimi bu o‘qituvchilar? Yo yana dalaga qaytgisi kelyapti? Bu gaplar meniki emas, ammo sho‘rlik o‘qituvchilarni eza-eza bugun ular dodini eshitgan ayrimlarning ichidan o‘tganu tiliga chiqmagan gaplar bo‘lsa ajabmas. E’tiboringizga tugayotgan hafta voqealari tahlilini taqdim etamiz.
Abduqodir Mo‘minovga hukm o‘qildi
4 avgust kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida jurnalist va bloger Abduqodir Mo‘minovga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilindi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudining raisi Sodiqov e’lon qilgan hukmga ko‘ra, Abduqodir Mo‘minov 3 nafar fuqaroning pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan egallash holatlari bo‘yicha jinoiy hodisa yuz bermaganligi hamda uning qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmaganligi sababli Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b”, “v” bandlari bilan aybsiz deb topilib, reabilitatsiya etilgan hamda jinoyat ishining shu qismlari Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi (reabilitatsiya uchun asoslar) 1, 2-bandlariga asosan tugatilgan.
Mo‘minov Jinoyat kodeksining 141-1-moddasi (shaxsiy hayot daxlsizligini buzish) 2-qismi “a” bandi, 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismi “a” bandi, 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi, 189-moddasi (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) 1-qismi va 28,211-moddasi (pora berishda ishtirokchilik) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 45 (muayyan huquqdan mahrum qilish) va 57 (yengilroq jazo tayinlash) moddalarini qo‘llagan holda Jinoyat kodeksining 59 (bir necha jinoyat sodiri etganlik uchun jazo tayinlash) va 61 (jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari) moddalari tartibida 3 yil muddatga jurnalistik (blogerlik) faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilgan holda 7 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tattirilish belgilandi.
Shuningdek, Mo‘minovdan jabrlanuvchilar foydasiga jinoyat oqibatida yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni undirish belgilandi.
Birinchi instansiya hukmidan norozi taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahar sudining apellyatsiya instansiyasiga shikoyat berish va protest keltirish huquqi mavjud.
Abduqodir Mo‘minov ishi bo‘yicha sud majlisi 25 iyul kuni boshlanib, o‘tgan 10 kun ichidagi jami 4 ta sud majlisidan so‘ng nihoyasiga yetdi. 1 avgust kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida prokuror unga 11 yil qamoq jazosi so‘ragandi.
Yana bir bloger hibsga olindi
Bloger Olimjon Haydarov Farg‘ona viloyati huquq-tartibot organlari tomonidan qo‘lga olin. Unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, qamoqqa olinishi va tergov hibsxonasiga joylashtirilishi belgilandi.
29 iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudida Qo‘qon shahar prokurorining Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) 2-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinuvchi va Jinoyat-protsessual kodeksining 227-moddasi tartibida ushlangan 1989 yilda Rossiya Federasiyasida tug‘ilgan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, muqaddam sudlanmagan Olimjon Haydarovga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi iltimosnomasi taqdim etilgan hujjatlar bilan ko‘rib chiqilgan.
Sudning ajrimi bilan Qo‘qon shahar prokurorining iltimosnomasi qanoatlantirilib, Olimjon Haydarovga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, qamoqqa olinishi va tergov hibsxonasiga joylashtirilishi belgilangan.
Farg‘ona viloyati IIB Axborot xizmatining xabar qilishicha, Haydarov joriy yilning 12 iyun kuni “Qo‘qon Istiqlol” savdo kompleksida norasmiy savdo faoliyati bilan shug‘ullangan tadbirkorlarning ishonchiga kirib, ularda norozilik kayfiyatini uyg‘otish orqali, savdo komplekslaridagi rekonstruksiya ishlari bo‘yicha salbiy mazmundagi maqolalarni o‘ziga tegishli ijtimoiy tarmoq kanallariga joylashtirgan.
Qo‘shimcha ravishda, bloger “Qo‘qon Istiqlol” savdo kompleksi MCHJ rasmiylaridan tovlamachilik yo‘li bilan moddiy mablag‘ undirishga urinib, o‘zi tomonidan tayyorlangan “Qo‘qonda huquqiy demokratik boshqaruvmi yoki shar’iy boshqaruvmi?” nomli salbiy mazmundagi maqolani internet tarmoqlarida tarqatmaslik evaziga, 10 ming AQSH dollarini tovlamachilik yo‘li bilan talab qilib, undan umumiy qiymatda 7,5 ming AQSH dollarini qo‘lga kiritib, qo‘shimcha 2,5 ming AQSH dollarini olayotgan vaqtida tezkor tadbir ishtirokchilari tomonidan qo‘lga olingan.
Olimjon Haydarovning ham hibslanishi mamlakat ommaviy axborot vositalari, blogerlar orasida xavotirlarni kuchaytirdi. Ushbu holat tugayotgan haftaning asosiy mavzusiga aylandi. Xususan, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri maslahatchisi Rasul Kusherboyev ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida shunday yozdi:
“Men Olimjon Haydarov bilan ko‘p bora muloqotda bo‘lgan inson sifatida undagi e’tiqod va insoniy prinsiplardan kelib chiqib, uning tovlamachilik qilishiga ishonmayman. Bilganim shu”.
Shuningdek, Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Abdulla Abduqodirov ham Haydarovning hibsga olinishiga jim qarab turgani yo‘q.
“Olimjon Haydarov. Tovlamachilik?! Umid qilaman-ki, bu anglashilmovchilik. Maqsad kengroq. Tushunarli. Lekin bu metodlar bilan emas”, deb yozgan u.
Abduqodirov o‘z izohida aynan qaysi maqsad tushunarli ekanini izohlamagan.
"Azon.uz"faoliyatini to‘xtatdi
O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan "Azon.uz" sayti 6 yillik faoliyatidan so‘ng o‘z ishini to‘xtatdi. Bu haqda sayt ta’sischisi Mubashshir Ahmad ijtimoiy tarmoqlar orqali xabar berdi.
“Azon.uz" barcha loyihalarini to‘xtatadi. Sabablarini keyinroq, ma’qul topilsa ma’lum qilinadi”, deb yozgan u.
Ayni vaqtda saytga kirish cheklangan. Uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi ham o‘chirib yuborilgan.
Putinning dushmani 2040 yilgacha qamoqda saqlanadi
4 avgustda Rossiyaning Vladimir viloyatidagi 6-axloq tuzatish koloniyasida Moskva shahar sudining sayyor majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Rossiya muxolifati yetakchisi, jurnalist Aleksey Navalniy ekstremistik jamiyat tashkil qilganlikda ayblanib, 19 yilga ozodlikdan mahrum etildi.
Prokuror muxolifatchini qattiq rejimdagi koloniyada 20 yilga ozodlikdan mahrum etishni so‘ragan. Navalniyga 7 ta ayblov qo‘yilgan.
Natijada sud Navalniyni ekstremizmni moliyalashtirish (JKning 282.3-moddasi 2-qismi), ekstremistik jamiyat yaratish (JKning 282.1-moddasi 3-qismi) va ekstremizmga da’vat qilish (JKning 280-moddasi 2-qismi) moddalari bo‘yicha aybdor deb topgan.
Avvalgi hukmlarni inobatga olgan holda, muxolifatchi 19 yilga maxsus rejimli koloniyaga hukm qilingan va 500 ming rubl miqdorida jarimaga tortilgan. Bundan tashqari, u uch yilga ozodlikni cheklash va 10 yil davomida Internetda yozishni taqiqlash belgilangan.
Navalniy 2021 yilning yanvaridan beri hibsda saqlanmoqda. Shuning uchun sud tomonidan tayinlangan muddat 2040 yilgacha tugashi kerak.
Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniy 2020 yilning 20 avgustida Rossiyaning Tomsk shahrida zaharlanganidan so‘ng, Germaniyada 4 oy davolanib, 2021 yilning 17 yanvar kuni Rossiyaga qaytdi va darhol hibsga olindi. Moskvaning Simonov tumanlararo sudi 2 fevralda Navalniyni “Iv Roshe” ishi bo‘yicha aybdor deb topib, 3,5 yilga qamashga qaror chiqardi. Moskva shahar sudi 20 fevralda qarorni qonuniy deb topdi va sud hukmi kuchga kirdi.
U 2023 yilning yozida ozod etilishi kerak edi, biroq 2022 yilning mart oyida u o‘ta katta miqdordagi firibgarlik va sudga hurmatsizlik moddalari bo‘yicha 9 yilga qattiq rejimli koloniyaga hukm qilindi.
Sobiq bosh vazir qamaldi
Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi davlatlari jurnalistlar va blogerlar hibslanayotgan bir vaqtda Pokistonda sobiq Bosh vazir va muxolifatdagi “Adolat harakati” partiyasi raisi Imron Xon sud qilindi va 3 qilga qamaldi.
Islomobod sudi Xonni Toshaxon davlat g‘aznasida saqlanayotgan qimmatbaho buyumlarni sotish bilan bog‘liq firibgarlik ishida “korrupsion harakatlar” qilganlikda aybdor deb topgan.
Aytish joizki, joriy yilning 10 may kuni sobiq bosh vazirga nisbatan Pokiston Saylov komissiyasi jinoiy ish qo‘zg‘atganidan so‘ng ayblov e’lon qilingan.
5 avgust kuni sudya Humoyun Dilavar birinchi instansiya sudida bu ish bo‘yicha sobiq bosh vazirga qo‘yilgan ayblar o‘z isbotini topdi, degan qarorga kelgan. Xon korrupsiyada aybdor deb topilgan. Shuningdek, sud uni 100 ming rupiy (1200 dollar) miqdorida jarima to‘lashga majbur qilgan.
Xon Lahor shahridagi qarorgohida hibsga olindi.
Imron Xon 2022 yil aprel oyida parlamentdagi ishonchsizlik votumi natijasida hokimiyatdan chetlatilgan. U o‘ziga qo‘yilgan ayblovlar amaldagi Bosh vazirning uni obro‘sizlantirishga qaratilgan rejasining bir qismi ekanini aytgan. Shahboz Sharif esa Xonni hibsga olish sud qarori ekani, bunda hech qanday siyosiy ta’sir yo‘qligini bildirgan.
Oliy suddan o‘lik chiqdi
3 avgust kuni Oliy sudning kutish zalida 66 yoshli fuqaro vafot etdi. Qayd etilishicha, 1957 yilda tug‘ilgan fuqaro Oliy sudning Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasida soat 09:15 dagi sud majlisiga da’vogar sifatida kelgan.
Sud majlisi o‘z vaqtida boshlangan bo‘lib, kotib taraflarni sud zaliga taklif etish uchun kutish xonasiga chiqqanida kutib turgan shaxs bexush holda yotganini ko‘rgan. Shu zahoti barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilib, tez tibbiy yordam xodimlariga xabar berilgan.
Hodisa joyiga zudlik bilan yetib kelgan tibbiyot xodimlari 66 yashar fuqaroning allaqachon vafot etib bo‘lganini aniqlagan.
Birlamchi xulosaga ko‘ra fuqaroning o‘limiga o‘tkir yurak yetishmovchiligi sabab bo‘lgan.
Mirziyoyev noloyiq hokimlarni ishdan quvdi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning bundan avvalgi haftada Farg‘ona va Qo‘qon shaharlarida o‘tkazgan yig‘ilishlari, unda o‘nlab rahbarlarni ishdan quvgani eyforiyasidan chiqolmay yurgandim hamki, davlat rahbari Toshkent viloyatida ham juda og‘ir yig‘ilish o‘tkazib, kursisiga yopishib olgan va allaqachon noloyiq bo‘lgan ayrim amaldorlarga eshikni ko‘rsatdi.
2 avgust kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash hamda mahalliy byudjet daromadlarini ko‘paytirish masalasi muhokama qilindi. Ishidagi qator kamchiliklar ortidan Toshkent viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Muzaffar Fayziyev, Qibray tumani hokimi Mira’zam Mirqosimov va Yangiyo‘l tumani hokimi Ulug‘bek Yalgashev hamda ushbu tumanlarning boshqa sektor rahbarlari, Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, tuman prokurori va soliq xizmati rahbari lavozimidan ozod etildi.
Viloyat hokimining sanoat va investitsiyalarga mas’ul o‘rinbosari Najmiddinxo‘ja Sharipov, qurilishga mas’ul o‘rinbosari Shukurulla Mahmudovga hayfsan berildi.
Davlat rahbari yig‘ilish kun tartibidagi ikkinchi masala – tadbirkorlikni rivojlantirish orqali soliq bazasini kengaytirishga to‘xtaldi.
Bugungi kunda soliq tushumlarining 60 foizini Yirik soliq to‘lovchilar inspeksiyasi elektron tizim orqali joyiga chiqmasdan undirayotgani, lekin viloyat va tuman soliq xodimlari xotirjam bo‘lib o‘tirgani tanqid qilindi.
Shu bois, Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irot, Taxtako‘pir, Andijonning Ulug‘nor, Buxoroning Olot, Jizzaxning Paxtakor, Namanganning Namangan, Mingbuloq, Chust, Qashqadaryoning Koson, Muborak, Dehqonobod, Kitob, Samarqandning Urgut, Kattaqo‘rg‘on, Nurobod, Surxondaryoning Muzrabot, Xorazmning Xiva, Xonqa tumanlari hamda Buxoro, Kogon, Samarqand, Angren, Bekobod, Olmaliq, Nurafshon, Urganch shaharlari, jami 26 ta soliq idoralari rahbarlari ishdan olindi.
Qolaversa, Prezident, soliq idoralari qo‘shimcha manbalar topish o‘rniga eski zamon kasaliga berilib, tuppa-tuzuk ishlab turgan tadbirkorning tayyor mablag‘lari undirishga o‘rganib olganini aytdi. Keyin Mirziyoyev soliq idoralari xodimlari o‘rtasida korrupsiyaviy jinoyatlar yildan yilga ko‘payib borayotganini bilishini ham yashirmadi.
Bosh Prokuratura huzuridagi Departament nazoratni susaytirib yuborgani tanqid qilinib, unga soliqchilar tomonidan ortiqcha to‘lovlar undirish, ularni vaqtida qaytarmaslik, tekshirishdagi soxtakorlik kabi qonun buzilishlarni oldini olish bo‘yicha amaliy tizim yaratish topshirildi.
Shuningdek, byudjet tushumlarini ta’minlash va tadbirkorlar faoliyatini tekshirishda yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun Andijon va Sirdaryo viloyatlari soliq boshliqlari hamda Soliq qo‘mitasining yirik soliq to‘lovchilar bilan ishlash inspeksiyasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchisini lavozimidan ozod qilish, Iqtisodiyot va moliya vazirining soliqqa mas’ul o‘rinbosari Sultonov, Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosarlari Mirzayev, Abdiyev, Eshmatov, Mahkamov, Toshkent shahar soliq boshqarmasi boshlig‘iga hayfsan e’lon qilindi.
Yig‘ilishda ko‘plab sharoitlar yaratib berilganiga qaramasdan, Bekobod, Bo‘ka, Qo‘shko‘pir, Shahrixon, Qonliko‘l, Taxtako‘pir, Chimboy, Mirzaobod, Bog‘ot, Ulug‘nor, Xo‘jayli va Shumanay tumanlarida kambag‘allik darajasi yuqoriligicha qolayotgani qayd etildi.
Shu munosabat bilan Bekobod, Bo‘ka, Qo‘shko‘pir, Shahrixon, Qonliko‘l, Taxtako‘pir, Chimboy, Mirzaobod, Bog‘ot, Ulug‘nor, Xo‘jayli, Shumanay, Mirzacho‘l, Do‘stlik, To‘raqo‘rg‘on tumanlari va Namangan shahar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari lavozimidan ozod etildi.
Yig‘ilishda oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida muammoli kreditlar ulushi 19 foizdan 16 foizga pasaygani, 6,5 mingdan ziyod mahallada muammoli qarzdorlik qolmagani ta’kidlandi. Lekin, haligacha qariyb 3 trillion so‘mlik kreditlar qaytmagan.
Banklar kesimida eng ko‘p muammoli kreditlar Xalq banki, “Mikrokreditbank” va “Agrobank” hissasiga to‘g‘ri keladi. Ayniqsa, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida ishlar ahvoli qoniqarsiz.
Bundan tashqari, hududlarda o‘tkazilgan o‘rganishlarda 2,5 mingta holatda 68 milliard so‘m kreditlar maqsadsiz sarflangani aniqlangan.
Shu munosabat bilan Farg‘ona va Sirdaryo viloyatlari Markaziy bank rahbarlarini, Xalq bankining Namangan va Surxondaryo, “Agrobank”ning Andijon va Farg‘ona hamda “Mikrokreditbank”ning Toshkent viloyatlari rahbarlarini lavozimidan ozod etish, muddati o‘tgan qarzdorlik yuqori 15 ta tuman va shahar banklari rahbarlarini to‘liq yangilash masalasini ko‘rib chiqish belgilandi.
Ma’muriy islohotlardan ortga qaytish. 2-qadam
Tugayotgan haftada soliq qo‘mitasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tarkibidan yulib olinib, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi tashkilotga aylantirildi va unga rais qilib vazir Sherzod Qudbiyev tayinlandi. Qo‘ynidan to‘kilsa qo‘njiga deganlaridek, Qudbiyevdan bo‘sh qolgan o‘rinni Jamshid Qo‘chqorov egalladi. Endi u ham Bosh vazir o‘rinbosari hamda Iqtisodiyot va moliya vaziri lavozimida faoliyat yuritadi.
Bu 2022 yil oxirida betakroru bebaho deb ta’riflangan ma’muriy islohotlardan ortga qaytishning ikkinchi namunasi. Bundan oldingi haftada Madaniyat va turizm vazirligi negizida Madaniyat vazirligi tashkil etilib, Turizm Nazarbekovdan tortib olinib, Aziz Abduhakimov boshqaruvidagi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga tortiq qilingan edi. Ko‘ramiz, hali oldinda bizni yana nimalar kutayapti ekan?!
Bobolov yana hokimlikka qaytarildi
Yiqilgan kurashga to‘ymas deydilar. Bu naqlni o‘tgan yilning dekabrida katta shov-shuvlar bilan lavozimidan ozod etilgan Surxondaryo viloyatining sobiq hokimi To‘ra Bobolovga nisbatan ishlatish mumkin. Nega deysizmi? Chunki 53 yashar Bobolov joriy hafta yana hokimlik kursisiga qaytdi. Faqat tuman hokimligiga. A nima qilibdi, muhimi hokimlik-ku?! Keyin rahbari ham begona emas, o‘zi bilan deyarli tengdosh va bir vaqtlardagi mavqedoshi Zoyir Mirzayev.
To‘ra Bobolov endi Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanini boshqaradi.
Yodingizda bo‘lsa kerak, o‘tgan yili janob Bobolovning Angor tumani prokuroriga qo‘pol muomala qilgani, uni haqoratlagani va ishiga noqonuniy aralashgani aks etgan audio tarqalgandi. Lekin Surxondaryo viloyati hokimligi ushbu “zapis”ni montaj deb ko‘zni shamg‘alat qilishga urindi. Sentyabr oyida esa Prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda ushbu ovoz Bobolovga tegishli ekani, hatto bu ekspertiza bilan isbotlangani aytildi. O‘shanda Bobolov jarima bilan qutildi. Lekin oradan ko‘p o‘tmay, lavozimi bilan xayrlashdi.
Hozir esa Surxondaryoni Bobolovdan keyin boshqarib kelayotigan Ulug‘bek Qosimov trendda. U o‘qituvchini qanday ishdan olgani, qanday qamagani, o‘qituvchining nima deganiyu o‘zini qanday himoya qilgani allaqachon ilmiy ishlar mavzusiga ham aylanib bo‘ldi. Bunga birozdan keyin qaytamiz.
Ichki ishlar xodimlari ham qamaldi
Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2022 yilning iyun oyida sodir etilgan ommaviy tartibsizliklarni bartaraf etishda noqonuniy xatti-harakatlar sodir etgan Ichki ishlar vazirligi tizimida ishlagan xodimlar jinoiy javobgarlikka tortildi.
Qayd etilishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon shahar sudining 4 avgustdagi hukmi bilan 27yashar va 38 yoshli Ichki ishlar xodimlari Jinoyat kodeksining 235-moddasi (qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilib, ularning har biriga 2 yil muddatga ichki ishlar organlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Shuningdek, 44 yoshli Ichki ishlar xodimi Jinoyat kodeksining 117-moddasi (xavf ostida qoldirish) 2-qismi va 238-moddasi (yolg‘on guvohlik berish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilib, unga 1 yil muddatga ichki ishlar organlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Birinchi instansiya sudining ushbu hukmidan norozi tomonlar qonunchilikda belgilangan tartibda Buxoro viloyat sudiga apellyatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi ma’lum qilingan.
*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*-*
3 avgust kuni ijtimoiy tarmoqda tarqalgan video, undagi Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi 28-maktabining sobiq direktori bo‘lgan ayolning ovozi butun mamlakatni tebratdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Surxondaryo Afg‘onistonga yaqin hudud: u goh raketa kelib tushgani bilan e’tibor markazida bo‘lsa, goh so‘kong‘ich hokimi bilan tilga tushadi. Bu safar esa u huquqiy bilimga ega bo‘lgan, sobiq prokuror hokimi va maktab direktori o‘rtasida tortishuv, oqibatda direktorning gap qaytargani uchun qamalishi bilan trendda turibdi.
Toshkent shahrining sobiq prokurori hozirgi Surxondaryo viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov yig‘ilishda maktab direktorini o‘rnidan turg‘azib, uni “maktabdagi muhitni buzganlik”da, “viloyatni butun dunyoga sharmanda qilganlik”da ayblagan va ishdan bo‘shatilganini aytgan. Ayol esa haqqini talab qilgan.
Majlisning o‘zida ichki ishlar xodimlari ayolni zaldan chiqarishga urindi va buning uddasidan ham chiqdi. Bu ham bo‘lsa boshqaruv tizimidagi asosiy muammo. Hokim haqmi, nohaqmi Ichki ishlar va prokuratura unga bo‘ysunadi, uning tarafini oladi. O‘z haqqini himoya qilgan odamga esa shunchaki jinoyatchidek muomala qilinadi, xolos.
Bu o‘rinda biz o‘qituvchi ayolning yonini olishni istamaymiz, bunga bahoni odamlarning o‘zi va qonun bersin. Biroq muammo o‘z haqqini talab qilib, shunchaki fikr bildirayotgan va so‘z erkinligi huquqidan boshqalarning huquqini poymol qilmagan holda foydalanayotgan odamning ne ko‘yga tushishi, tushirilishi haqida ketmoqda.
Selektordagi janjal shu bilan tugamadi. Janob hokim direktorni ishdan oldi va ayol hibsga olindi. Shuningdek, uning maktabga direktorlik qilgan davrini qayta tekshiruvdan o‘tkazish boshlangani ham aytildi.
Holatga munosabat bildirgan Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova sobiq direktorning hibsga olinganini tasdiqladi.
“Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi 28-m
aktab direktori bilan bog‘liq vaziyatni shaxsan o‘z nazoratimga oldim. Maktab direktori ayni damda ma’muriy qamoq jazosidan ozod etildi”, degan vazir.
Shuningdek, u ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan har bir shaxs o‘z muomala madaniyati bilan barchaga o‘rnak bo‘lishi lozimligini ham eslatib o‘tgan.
4 avgust kuni vazir Umarova sobiq direktor bilan telefon orqali muloqot qilgani aks etgan video tarqaldi. Unda Umarovaning ayoldan hol-ahvol so‘ragan. Xullas, bu masalada aytaman, desang gap ko‘p. Eng yaxshisi QALAMPIR.UZ’ning YouTube kanalida tayyorlangan alohida ko‘rsatuvni tomosha qiling.
LiveBarchasi