Qamalgan blogerlar, IIBdan sog‘ chiqmagan yigit, “umri uzaygan” Erdo‘g‘an – Hafta tahlili

Tahlil

Aprel-may oylarida Amerikada bo‘ldim va o‘z xohishim bilan Vatanga qaytdim. Kelgunimcha referendumni o‘tkazib bo‘libsizlar, saylov e’lon qilinibdi, nomzodlar ham aniq. Ha, mayli bunga alohida to‘xtalamiz. 

Yaxshiyam Amerikaga borganim, Vashingtonni aylanayotib, Markaziy masjidda O‘zbekiston bayrog‘i ilma-teshik bo‘lib yotganini ko‘rib, o‘sha bayroqning elchixonamiz xodimlari tomonidan o‘zgartirilishiga hissa qo‘shganim qoldi. Kelsam, O‘zbekistonda bayroq masalasi yana kun tartibida turibdi. Qaysidir bitiruvchi bayroqli lenta ilgani uchun ichki ishlar xodimlari bilan janjal chiqibdi. Paradoksni qarang: bir navqiron yigit o‘z yurtida bayroqli lentasi uchun sazoyi qilinyapti, dunyoning boshqa chekkasida, okean ortida esa O‘zbekiston bayrog‘i rangi o‘chib, yirtilib yotibdi. Bugun qo‘lidan bayroq zo‘rlik bilan olingan bolalar ertaga Vatanni, Vatan bayrog‘ini qanday himoya qilsin? Qalampirning men safarga ketganda to‘xtab qoladigan an’anaviy hafta voqealari tahlili yana e’tiboringiz maarkazida  

Vazir Nazarbekov tadbirkor bo‘lib chiqdi

Ozodbek aka 2016 yildan buyon rasman tadbirkor sifatida ro‘yxatda turarkanmi? Sizlar ham eshitdinglarmi? Ha, o‘sha o‘zimiz bilgan, qo‘shiqlariga mast bo‘lgan O‘zbekiston Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov haqida gapiryapman. Shu hafta Nazarbekov yana trendga chiqdi. Ma’lum bo‘lishicha, u 2016 yilda tashkil etilgan “Koba san’at majmuasi” MCHJning 100 foizlik ulush bilan ta’sischisi ekan. Buni biz o‘ylab topganimiz yo‘q, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi aytib chiqdi. 7 yil davomida hech kim payqamaganini qarang. Ammo bu gap keng ommaga tarqalishidan oldin Nazarbekov MCHJ ta’sischiligidan chiqqan.

Madaniyat va turizm vazirligiga kelgusida “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonun va boshqa qonunosti hujjatlariga hamda vazirlik faoliyatida ochiqlik va shaffoflik, raqobat va xolislik va korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik prinsiplariga rioya qilinishini ta’minlash choralarini ko‘rish yuzasidan taqdimnoma kiritilgan.

Mana shundan kritik vaziyatlar, kerak bo‘lsa xalqaro masalalar muhokamasidan hech chetda qolmaydigan Yulduz Usmonova esa Nazarbekovning davlat amaldori bo‘la turib tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishiga nisbatan otilgan toshlarga o‘zini tutib berdi. U darrov masalaga munosabat bildirib, odamlarni Nazarbekovni cho‘qimaslikka chaqirdi.  

Yulduz xonimning aytganlarida jon bordir, Nazarbekov halol odamdir, yaxshi ishlayotgandir, avvalgidek qimmatbaho kiyinmayotgandir. Lekin Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 14 oktyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari”da davlat xizmatchilari ishdan tashqari vaqtda tadbirkorlik yoki haq to‘lanadigan boshqa faoliyat bilan (pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyatdan tashqari) shug‘ullanmasligi belgilab qo‘yilgan. Usmonovaning esa bunga aqli ham, yuridik bilimi ham yetadi. Har holda o‘zi bir vaqtlar deputat bo‘lgan. 

Boshqa tomondan qarasangiz davlat amaldorlari orasida ochiqdan ochiq tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, “yo‘q, meniki emas yoki lavozimga o‘tirishdan oldin falonchiga topshirdim”, deb o‘yin qiladiganlari topiladi. Usmonova ham aynan shuni aytmoqchi bo‘lgandek, “davlat pulini Nazarbekov emas, boshqalar o‘g‘irlagan va ular haqida hech kim gapirmagan”, deyapti. O‘g‘irlaganlar esa allaqachon o‘lib ketganmish. 

Usmonova davlat pulini aynan kim o‘g‘irlaganiga aniqlik kiritmagan. Biroq u bundan bir necha yil avval Birinchi Prezident Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovani hech ikkilanmay o‘g‘ri deb chiqqan edi. 

Bosh vazir o‘g‘lini ishdan oldi

Biz bu yerda Nazarbekovning MCHJ ta’sischisi ekanini, bu fosh bo‘lgach, MCHJ ta’sischiligi boshqa odamga o‘tganini muhokama qilib o‘tiribmiz. Yaponiyada esa Bosh vazir o‘g‘lining xatti-harakatridan uyalib, uni ishdan bo‘shatdi. 

Gap shundaki, Bosh vazir Fumio Kisidaning o‘g‘li Syotaro Kisida otasining kotibi lavozimidan iste’foga chiqdi. Bunga uning qarindoshlari va tanishlarini Bosh vazir qarorgohiga taklif qilgani ortidan chiqqan mojaro sabab bo‘ldi.

Syotaro Kisidaning o‘tgan hafta chop etilgan bir nechta suratlari ommaviy norozilikka sabab bo‘lgan. Suratlardan ko‘rinib turibdiki, kichik Kisida o‘tgan yili do‘stlari bilan Bosh vazirning rasmiy qarorgohida Yangi yil kechasini o‘tkazgan. Bayram 2022 yil 30 dekabrda bo‘lib o‘tgan.

Suratlardan birida 32 yoshli Syotaro Kisida bir nechta sheriklari bilan Bosh vazirning rasmiy qarorgohi qizil gilamida turganini ko‘rish mumkin. Odatda bu joyda Vazirlar Mahkamasining rasmiy suratlari olinadi. Rasmda Syotaro Kisidaning o‘zi markazda, ya’ni Bosh vazir o‘rnida turgan. Boshqa suratda esa u do‘stlari bilan matbuot anjumani o‘tkazayotgandek minbarda gavdalangan.

Fumio Kisida o‘g‘lining xatti-harakati Bosh vazirning siyosiy masalalar bo‘yicha kotibi lavozimini egallagan shaxsga mos emasligini tushunib yetib, uni javobgarlikka tortish maqsadida ishdan bo‘shatishga qaror qilgan. Vazirlar Mahkamasi Matbuot xizmati esa rasmiy qarorgoh suiiste’mol qilinmasligi uchun allaqachon choralar ko‘rilganini ma’lum qilgan. Negadir ularning Yulduz Usmonovasi “Bosh vazirning o‘g‘li shu ishni qilsa qilibdi-da, zato bitta kostyumi ikkita bo‘layotgani yo‘q”, deb g‘amxo‘rlik bilan videomurojaat qilmagan. 

Qilichdoro‘g‘li sudlanishi mumkin

Turkiyada ham rasmiylar bilan bog‘liq vaziyat og‘ir. Prezidentlik saylovida Erdo‘g‘anga yutqazgan Kamol Qilichdoro‘g‘li deputatlik maqomidan mahrum bo‘ldi. Endi u o‘ziga nisbatan qo‘yilgan 40 ga yaqin ayblov bo‘yicha sudga tortilishi mumkin. 

Gap shundaki, Qiilichdoro‘g‘li 2002 yildan buyon parlament deputati sifatida daxlsizlik huquqidan foydalanib keladi. Bu yil esa prezidentlikka nomzodini qo‘ygani uchun parlament saylovlarida ishtirok etmagan va endi deputat ham emas. Unga nisbatan qo‘yilgan 40 ga yaqin jinoiy arizadan birortasi prokuratura tomonidan ma’qullansa, u sudga tortiladi. Da’volar ichida 16 tasi “Prezidentni haqoratlash, tahdid va tuhmat qilish” ayblovi hisoblanadi.

Qilichdoro‘g‘lining deputatlik daxlsizligi 2 iyun kuni, yangi parlament qasamyod qabul qilib, ishga kirishgani bilan tugadi. 

Unga sud jarayoniga ta’sir o‘tkazishga urinish, omma oldida haqorat qilish, mansabdor shaxslarni o‘z burchi yuzasidan haqorat qilish, qo‘mitalarda faoliyat yuritayotgan mansabdor shaxslarni o‘z xizmat vazifalari yuzasidan haqorat qilish, tergov sirini oshkor qilish, jinoyat va jinoyatchining yonini olish, tahdidli da’vo kabi ayblovlar qo‘yilmoqda. 

Shuningdek, Millat Ittifoqining qolgan a’zolari ham vitse-prezidentlikka nomzod bo‘lganlari uchun parlament a’zosi bo‘la olmagan. Shu sababdan, Meral Akshener, Ali Bobojan, Ahmad Dovuto‘g‘li, Gultekin Uysal va Temel Karamullao‘g‘li ham hozirda deputatlik daxlsizligiga ega emas. Prokuratura ularning ishlari bo‘yicha ham da’vo ochish imkoniyatiga ega. Bular orasidan Erdo‘g‘anning yagona ayol muxolifatchisi Meral Akshenerga qarshi 2016 yilda qo‘zg‘atilgan Fathulloh Gulen tashkiloti a’zosi bo‘lganlik ayblovi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.

Qashqadaryoda bloger o‘lasi qilib kaltaklandi, so‘ng qamaldi

Qashqadaryo tugayotgan haftada uch blogerlar qamalgan viloyat sifatida nom chiqardi. Avvaliga ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida yashovchi bloger va Inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati faoli Elmurod Odilov pilla punktida IIB xodimlari tomonidan o‘lasi qilib kaltaklangani, so‘ng izsiz yo‘qolgani haqida xabarlar tarqaldi. Oradan ko‘p o‘tmay, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tilga kirdi. 

Munosabatda aytilishicha, joriy yilning 26 may kuni taxminan soat 22:30 lar atrofida Yakkabog‘ tumani “Ibn Sino” MFY hududida joylashgan pilla mahsulotini saqlash omborxonasida o‘zini bloger deb tanishtirgan fuqaro Elmurod Odilov pilla topshirish maskaniga borgan. Keyin fermerlarning ishiga aralashib, ularga turli nomunosib savol-javoblar qilishi oqibatida o‘rtalarida janjal kelib chiqqan. Ushbu jarayonda fuqaro Odilov fermerlarni haqorat qilgan.

Shundan so‘ng pilla yetishtiruvchi fermerlar fuqaro Elmurod Odilovning xatti-harakatlari yuzasidan Yakkabog‘ tuman Ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilgan.

Ichki ishlar boshqarmasiga ko‘ra, holat mas’ul xodimlar tomonidan atroflicha o‘rganilib, fuqaro Odilovga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183- va 198-moddasi 1-qismi bilan bayonnoma rasmiylashtirilib, to‘plangan hujjatlar jinoyat ishlar bo‘yicha Yakkabog‘ tumani sudiga yuborilgan.

Sudning hukmi Elmurod Odilov Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) va 198-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan (hokimiyat vakilining qonuniy talablarini bajarmaslik yoki xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish) huquqbuzarligini sodir qilgan deb topilgan. Unga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Oradan ko‘p o‘tmay,  O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati Elmurod Odilov advokatga sudga qadar Ichki ishlar xodimlari tomonidan kaltaklanganini ma’lum qilganini bildirdi. 

Qayd etilishicha, 1 iyun kuni “Ezgulik” jamiyati advokati Qashqadaryo viloyati IIBning jamoat tartibini saqlash maxsus markazida bloger Elmurod Odilov bilan uchrashgan. Advokatga ko‘ra, blogerning chap oyoq son va boldir qismlarida jarohat izlari yaqqol ko‘ringan. Advokat bilan uchrashuv qamoqxona nozirlari nazoratida o‘tkazilgan. Shunga qaramay, bloger o‘zining sudga qadar IIB xodimlari tomonidan kaltaklanganini aytgan.

Jamiyat xabarida alohida urg‘ulanishicha, Odilov saqlanayotgan qamoqxona sharoiti o‘ta achinarli. Ovqatlanish ratsioni juda qoniqarsiz. Ichimlik suvi muammo, sanitariya qoidalariga amal qilinmaydi.

Shuningdek, sud qarori sudlanuvchiga ham, uning advokatiga ham berilmagan. Blogerning tan jarohatlari borasidagi murojaatlari o‘rganilmayapti.

O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati blogerga nisbatan tan jarohati yetkazgan muassasa va uning xodimlari harakatlarini keskin qoralab, prokuraturani vaziyat yuzasidan tekshiruv o‘tkazib, holatga baho berishga chaqirgan. 

Shuni alohida aytib o‘tish lozimki, Odilov ayni anomal sovuq davrida “svet” va gazdagi muammolar sabab Senat raisi Tanzila Norboyevaning iste’fosini so‘rab chiqqan edi. 

Yana Qashqadaryo, yana blogerlar, yana qamoq

Blogerlardan uzoqlashmaymiz. Ijtimoiy tarmoqlarda “AvtoblogUZ” Telegram kanali asoschisi Maqsud Muzaffarov hamda qashqadaryolik yana bir taniqli bloger Umid Karimov (“Kapitan Karimov”) Ichki ishlar xodimlari bilan tortishgani uchun qo‘lga olingani haqida xabarlar tarqaldi. Maqsud Muzaffarov o‘zining blogida bu haqda ma’lum qilib, voqea tafsilotlari bo‘yicha qisqacha video joylashtirdi.

U “tezkor xabar kutamiz”, deb videomurojaatini yakunlagan. Shundan so‘ng u bilan ham aloqaga chiqishning imkoni bo‘lmagani haqida xabar berildi.

Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi holat bo‘yicha rasmiy munosabat bildirib, blogerlar Muzaffarov va Karimovga nisbatan qamoqqa olish jazosi tayinlanganini ma’lum qildi.

Boshqarmaning bildirishicha, shu yilning 29 may kuni taxminan soat 10:20 larda Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahar IIB YHXB xodimlari “Pillakashlik” mahallasining Pillakashlik ko‘chasida 2 ta davlat raqamisiz, oynalari to‘liq qoraytirilgan hamda ruxsatsiz qayta jihozlangan Gentra avtomashinalarga nisbatan hujjatlarni rasmiylashtirishda transport vositalari haydovchilari, ya’ni Muzaffarov va Karimov ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan janjal chiqarib, ommani o‘ziga qaratgan.

Boshqarma tomonidan holatga aniqlik kiritilib, ularning shaxsi aniqlangach, fuqarolar nisbatan qonunchilik tartibi buzilganligi holati bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirilib, qonuniy to‘xtamga kelishlik uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Shahrisabz shahar sudiga yuborilgan.

Suddagilar ham tayyor turgandek, shu kunning o‘zidayoq qaror chiqarib bergan. Sudning 29 may kunidagi qaroriga binoan bloger Umid Karimovga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi hamda Maqsud Muzaffarovga 183- va 126-moddasi 1-qismi, 125-moddasi 5-qismiga asosan, huquqbuzarlarning har biriga 5 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan

Sobiq deputat, ayni paytda Tabiat resurslari vaziri maslahatchisi lavozimida ishlayotgan Rasul Kusherboyev Telegram’dagi kanalida har ikki blogerni tanishini, ular jinoyatchi emas, faol va talabchan fuqarolar ekani haqida yozib qoldirdi. 

U fuqarolarning befarq bo‘lmasligi adolatli, demokratik, kuchli fuqarolik jamiyatini qurish yo‘lida muhim ekanini ta’kidlagan. Biroq, uning bildirishicha, “amalda faol bo‘lib, bir og‘iz savol bergan yoki e’tiroz bildirganlarni “yopish” to‘xtamayapti”.

“Bu hammani cho‘chitadi. Masalan, qashqadaryolik blogerlarni ichki ishlar xodimlariga e’tiroz bildirgani va qonuniylikni talab qilgani uchun IIB binosiga olib ketib sud orqali qamashmoqchi ekanligi haqida xabarlar tarqalmoqda. Agar shunday bo‘lsa bu dahshat: yangi Konstitutsiya, yangi O‘zbekiston, degan gaplar shunchaki havoda degan xulosa beradi.  O‘zim shaxsan bu ikki blogerni taniyman. Ular jinoyatchi emas, ular jamiyatning uyg‘oq, faol, talabchan fuqarolari xolos”.

Mirziyoyev prezidentlik uchun nimalarni va’da qilyapti?

Dastur avvalida aytganimdek, joriy yilning 9 iyul kuni O‘zbekistonda muddatidan ilgari Prezident saylovi o‘tkazilishi belgilanibdi. Unda O‘zbekiston Ekologik partiyasidan Abdushukur Xudoyqulovich Hamzayev, Xalq demokratik partiyasidan Ulug‘bek Ilyosovich Inoyatov, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Robaxon Anvarovna Mahmudova, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan amaldagi Prezident Shavkat Mirziyoyev Prezidentlik uchun kurashadi. Ularning allaqachon saylovoldi dasturi ham tayyor. 

"Milliy tiklanish" demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov esa prezidentlikka qodirmas ko‘rinadi. U o‘z nomzodini qo‘ymasligini va umuman uning partiyasi saylovga nomzod ko‘rsatmasligini ma’lum qilgan. Partiyasi rahbari Alisher Qodirov amaldagi Prezident Shavkat Mirziyoyev nomzodini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.

Albatta, nomzodlar orasida Mirziyoyevning dasturi e’tiborimni tortdi. Hanr holda unda davlat bayrog‘idan foydalanish masalasiga to‘xtalingan.

Amaldagi O‘zLiDeP qurultoyida Prezident davlat bayrog‘idan faqat bayram va marosimlarda yoki sport musobaqalarida ko‘tarishda foydalanilayotgani, endilikda esa uning har bir xonadonda hilpirab turishiga ruxsat beruvchi hujjatni qabul qilish vaqti yetganini aytgan. Mirziyoyev bu gaplarni aytganidan 2 kun o‘tar-o‘tmas “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Shuningdek, Mirziyoyev saylovoldi dasturida aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi hozirgi 2 ming 200 dollardan 4 ming dollarga oshirilishini ma’lum qildi.

2030 yilga borib iqtisodiyot 2 barobarga oshirilib, 160 milliard dollarga yetkaziladi. Buning natijasida, O‘zbekiston “daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar” qatoriga kiradi. 

Eng muhimi, Prezident 4 ta nufuzli xorijiy kompaniyaning loyihalari ishga tushirilib, avtomobilsozlik sohasida haqiqiy raqobat paydo bo‘lishini va ishlab chiqarish hajmi yillik 1 million donaga yetkazilishini aytgan. Yiliga 300 mingta elektromobil ishlab chiqariladi.

Amaldagi davlat rahbarining va’dalariga ko‘ra, aviaqatnovlar soni 4 marta oshiriladi, Toshkent – Samarqand, Navoiy – Buxoro yo‘nalishlarida qo‘shimcha tezyurar temir yo‘llari quriladi, temir yo‘l sohasiga xususiy sektor jalb qilinib, xizmatlar sifati raqobatbardosh narxlar asosida belgilanadi, 6 ta yirik aeroport modernizatsiya qilinadi, xususiy aviakompaniyalar soni 10 taga yetkaziladi, 2030 yilga qadar tuman markazlaridan har bir qishloqqacha – jami 5,5 ming kilometr sement-beton yo‘llar quriladi va jamoat transporti bilan to‘liq qamrab olinadi.

Toshkent – Samarqand va Toshkent – Farg‘ona vodiysi yo‘nalishlarida xususiy sheriklik asosida yangi avtomobil yo‘llari quriladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda saylov 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadi va Yangi konstitutsiyaga ko‘ra prezident endi 7 yilga saylanadi. 

TIV urushda o‘layotgan migrantlar qolib Shimoliy Koreya haqida bosh qotiryapti

Shimoliy Koreya Yaponiyaning Okinava oroli tomon birinchi razvedka sun’iy yo‘ldoshi bilan raketa uchirdi. Yaponiya qirg‘oq qo‘riqlash xizmati raketa qulaganini aniqlagan. Yaponiyaning Okinava orolida ilgari e’lon qilingan evakuatsiya bekor qilingan, chunki raketaning traektoriyasi va taxminiy zarba zonasi Yaponiyadan tashqarida joylashgan.

KXDR ma’muriyatiga ko‘ra, sun’iy yo‘ldoshni uchirish vaqtida avariya yuz bergan. Bunga sabab raketa dvigatellari ishidagi muammolar va yoqilg‘ining beqarorligi bo‘lgan.

Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida raketa uchirilishidan zarar ko‘rilgani haqida xabarlar yo‘qligini aytgan. 

29 may kuni Yaponiya qirg‘oq qo‘riqlash xizmati Shimoliy Koreya 31 maydan 11 iyungacha bo‘lgan davrda mamlakatning birinchi razvedka yo‘ldoshini uchirish niyatida ekanini aniqlagandi.

Vashington ma’muriyatining fikricha, Shimoliy Koreyaning raketa tashuvchi uchirilishi Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va undan tashqarida vaziyatni beqarorlashtirish xavfini oshiradi.

Dunyoning ko‘plab mintaqalarida bo‘layotgan hodisalarga, jumladan Rossiyaning Ukrainadagi urushiga o‘zbekistonlik migrantlar jalb qilinayotganiga aytarli qat’iy bayonot bilan chiqmagan O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi Shimoliy Koreya tomonidan tashuvchi kosmik raketa uchirilganidan xavotir bildirdi.

Tashqi ishlar vazirligining qayd etishicha, ushbu holat Koreya yarim orolidagi keskinlikning yanada kuchayishiga olib keladi. 

“BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalaridan kelib chiqadigan majburiyatlarga muvofiq ommaviy qirg‘in qurollarining barcha turlarini sinovdan o‘tkazishdan bosh tortilishi tarafdorimiz. O‘zbekiston tomoni bundan keyin ham umumiy farovonlik va taraqqiyot yo‘lida Koreya yarim orolida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha faol qadamlarni qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi”, deyiladi TIV bayonotida.

Shimoliy Koreani raketa uchirganidan xavotir olayapmizu, lekin negadir Amudaryo suvini keskin kamaytirib, bir qator hududlarimizni suvsiz qoldirishi mumkin bo‘lgan Afg‘onistonda qurilayotgan Qo‘shtepa kanali haqida xavotirlanmayapmiz. Men ko‘proq kanaldan xavotirdaman. Ishqilib xavotirlarim asossiz bo‘lib chiqsin.

Bu gaplar menga oid emas. Sobiq deputat va hozirda vazir maslahatchisi Rasul Kusherboyevga tegishli. 

Ta’kidlash joizki, Qo‘shtepa kanali Afg‘onistonning Balx, Jauzjon va Faryob viloyatlarida 3 million jerib (1 jerib – 2000 kvadrat metr) yerni sug‘orish va 250 mingga yaqin aholini ish bilan ta’minlash maqsadida qurilmoqda. Kanalning uzunligi 285 km, eni 100 metr, chuqurligi 8,5 metr bo‘lishi kerak. Kanal Amudaryoning Balx viloyati Kaldar tumanidagi qismidan boshlanadi va suvni xuddi shu daryodan oladi. 

2022 yil noyabr oyining oxirida kanalning qariyb 40 kilometr qismi qurib bitkazilgan. Loyihani yakunlash 2028 yilga mo‘ljallangan.

Mutaxassislar Qo‘shtepa kanali foydalanishga topshirilgach, hududdagi suv havzasi bilan bog‘liq vaziyat keskin yomonlashishidan xavotirda. Shusiz ham so‘nggi yillarda Markaziy Osiyoning barcha respublikalarida suv tanqisligi tobora kuchayib borayotgan edi. Kanal qurilishi esa vaziyatni yanada keskinlashtiradi.

Ayniqsa O‘zbekiston va Turkmaniston eng ko‘p zarar ko‘rishi mumkin. Mamlakatlar mintaqaning asosiy daryosidan sug‘orish ishlari uchun oladigan suvning 15 foizini yo‘qotish ehtimoli bor. Lekin Markaziy Osiyoda suvning asosiy iste’molchisi O‘zbekiston bo‘lib, uning aholisi 36 million kishiga yetgan va o‘sishda davom etmoqda. Bundan tashqari, respublikadagi suvning 90 foizi qishloq xo‘jaligida foydalaniladi.

Yiqilib turolmayotgan Bayden

Joriy hafta AQSHning 80 yashar keksa Prezidenti Jo Bayden yana yiqilib, o‘rnidan bazo‘r turgani aks etgan video bilan esda qoldi. U Koloradodagi AQSH Harbiy-havo kuchlari akademiyasi kursantlariga diplom topshirish marosimida yiqilib tushdi. 

Videoda ko‘rish mumkinki, Oq uy rahbari sahnada turganida oyoqlari ostidagi qutiga qoqilgan. U o‘rnidan turishga qiynalib, muvozanatini saqlay olmagan. Shundan so‘ng yordamga kelgan soqchilar amerikalik yetakchini oyoqqa turishiga yordam bergan.

Qayd etish kerakki, bu yil 81 yoshni qarshilaydigan Jo Bayden AQSH tarixidagi eng keksa Prezidentga aylandi. Kamiga u 2024 yilda bo‘lib o‘tadigan saylovda ham qatnashmoqchi. 

Baydenning aqliy qobiliyatidan uning atrofidagilar, xususan shifokorlari xavotirda.  U joriy yilning mart oyida Kanadaga borganida mamlakat nomini Xitoy bilan adashtirib yuborgandi. Shuningdek, yanvar oyida Oq uyda nutq so‘zlash vaqtida vitse-prezident Kamola Xarrisni “prezident” deb atagan. Bundan tashqari, Baydenning nutq vaqtida “yo‘q odamlar” bilan gaplashishi yoki ularga qo‘l berishi holatlari ham tez-tez yuz berib turadi. 

Japarov Putinga qarshi bordimi?

Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida Prezident Sadir Japarov boshchiligida"Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi" ikkinchi sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev ham qatnashdi. U yerda Mirziyoyev Yevropa Kengashi rahbari Sharl Mishel bilan uchrashdi. Ularning samimiy muloqoti aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. 

Sammitda Qirg‘iziston rahbari Sadir Japarov Markaziy Osiyoning boshqa rahbarlaridan farqli o‘laroq Rossiya-Ukraina urushi bo‘yicha munosabat bildirdi. U o‘z nutqida Ukrainada tinchlikka erishishga chaqirgan. 

Sadir Japarov sammitda Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha Qirg‘iziston tomoni har qanday mojaro muzokaralar stolida hal qilinishi kerakligi tarafdori ekanini bildirgan.

“Biz bu urushni tugatish uchun o‘zaro maqbul yechim izlashga hissa qo‘shadigan vositachilik harakatlari va tinchlik tashabbuslarini olqishlaymiz”, deb gap boshlagan Japarov.

U, shuningdek, Rossiya rahbari Vladimir Putinga yoqmaydigan nim kosali gap aytib, boshqa davlatlarning hududiy yaxlitligiga daxl qilinishi va ichki ishlariga aralashilishini qoralagan. 

“Qirg‘iziston hududiy yaxlitlik, suverenitet, davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik tamoyillariga qat’iy amal qiladi hamda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyillari va normalariga rioya etilishi tarafdori hisoblanadi", deydi Sadir Japarov.

Erdo‘g‘an bozorgacha emas, mozorgacha hokimiyatda qoladimi?

Turkiya Respublikasini 2028 yilgacha boshqarish huquqini qo‘lga kiritgan Rajab Toyib Erdo‘g‘an 29 mayga o‘tar kechasi o‘z g‘alabasini Anqaradagi Beshtepa Prezidentlik majmuasida tarafdorlari bilan birga nishonladi. U o‘zining Istanbul va Anqaradagi g‘alaba chiqishlaridagi nutqini asosan raqibi Kamol Qilichdoro‘g‘li va uning nomzodini ko‘rsatgan partiyalarni qoralashga bag‘ishladi. Ularni besoqolbozlik targ‘ibotida aybladi. O‘zi rahbarlik qilayotgan “Adolat va taraqqiyot” partiyasida bunga o‘rin yo‘qligini bildirdi. 

Boshqa tomondan Turkiyada o‘tgan saylov siyosiy tahlilchilar tomonidan tarixga bog‘landi. Saylovning birinchi turi o‘tkazilgan 14 may tarixiga qaraydigan bo‘lsak, bundan 73 yil avval aynan shu kunda Jalol Bayor va Adnan Menderes boshchiligidagi “Demokratlar” partiyasi “Jumhuriyat xalq partiya”sidan mamlakat boshqaruvni olgan edi. 1960 yilning 27 may kuni esa mamlakatda davlat to‘ntarishi amalga oshirilib, Prezident Jalol Bayor va Bosh vazir Adnan Menderes hokimiyatdan ag‘darildi. 1961 yil sentyabrda Bayor uzoq yillik qamoqqa hukm qilindi, Menderes esa osildi. 

1453 yilning 29 may kuni Usmoniylar imperiyasidan Sulton Mehmet II Istanbulni egallaydi. Bu yil Istanbul Usmoniy imperiyasiga o‘tganiga 570 yil to‘ldi. Shu bois Erdo‘g‘an ilk g‘alaba nutqini Istanbulda qildi va so‘ng Anqaraga jo‘nab ketdi. U dunyoga Istanbul fath qilingan va o‘zi saylovda g‘alaba qilgan kunda nutq qilish orqali bir qator mesejlar berishga uringani aytilmoqda. Boshqa tomondan u o‘z nutqida bizning yo‘limiz bozorgacha emas, mozorgacha degani Erdo‘g‘an hali hokimiyatda ko‘p qolishini anglatadi.

Erdo‘g‘anning partiyasi 2019 yil shahar hokimligi uchun o‘tkazilgan saylovlarda eng yirik shaharlar, xususan Istanbulni boy bergan. Ayni vaqtda poytaxt Anqara va Usmoniylar imperiyasi markazi bo‘lgan Istanbul boshqaruvi Erdo‘g‘anga muxolif “Jumhuriyat xalq” partiyasi qo‘lida. Erdo‘g‘an esa bir saylov tugamasidan ikkinchiga tadorikni boshlab yuborgan. U Istanbuldagi g‘alaba nutqida 2024 yildagi shahar hokimligi uchun saylovlarga tayyorgarlik haqida gap ochdi. 

Erdo‘g‘anning g‘alabasi u qoralagan va LGBT targ‘ibotida ayblagan partiyalar rahbarlari tomonidan ochiq yuz bilan qabul qilindi va tan olindi. Xususan Meral Akshener Erdo‘g‘anni tabrikladi va uni bu safar saylagan va saylamagan har qaysi fuqaroning prezidenti ekanini unutmaslikka, davlatda yig‘ilib yotgan muammolarga yechib topishga chaqirdi. 

Akshener so‘zida davom etarkan, endigina prezidentlikka yangidan saylangan Erdo‘g‘an ishni o‘z raqibini haqoratlab, uning ustidan kulishdan boshlaganini qoraladi.

Kamol Qilichdoro‘g‘li esa ko‘p gapirgani yo‘q. Yana ishida davom etishini bildirgan siyosatchi mamlakat so‘nggi yillardagi eng adolatsiz saylovni boshdan kechirganini urg‘uladi. 

Erdo‘g‘an 3 iyun kuni navbatdagi 5 yillik uchun qasamyod qildi. Marosimda ko‘plab davlatlar rahbarlari qatorida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham qatnashdi. Inauguratsiya marosimida muxbirlarimiz alohida ko‘rsatuv tayyorlagan, uni YouTube kanalimizda tomosha qilishingiz mumkin. 

Ichki ishlardan yana bir yigit sog‘ chiqmadi

21 yashar Hafizulloh Turg‘unov Chilonzor tumani Ichki ishlar bo‘limi binosiga o‘z oyog‘i bilan kirib, u yerdan og‘ir ahvolda chiqdi va shifoxonada vafot etdi. 

Ichki ishlar vazirligi Matbuot kotibi Shohruh G‘iyosovga ishonadigan bo‘lsak, 22 may kuni tonggi soat 04:30 larda Chilonzor tumanidagi yo‘l patrul xizmati maskanida xizmat olib borayotgan YPX inspektorlari tomonidan Gentra rusumli transport vositasi to‘xtatilgan. 

Mazkur avtomobil yo‘lovchisi 2002 yilda tug‘ilgan Hafizulloh Turg‘unov o‘z xatti-harakatlari bilan xodimlarda shubha uyg‘otgani sabab xolislar ishtirokida tekshirilgan va uning yonidan o‘tkir hidli to‘q jigarrang rangdagi modda borligi aniqlanib, rasmiylashtirib olingan. Hafizulloh Turg‘unov va to‘plangan hujjatlar Chilonzor tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limiga topshirilgan.

O‘tkazilgan sudga oid kimyoviy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, yigitning yonidan topilgan modda 53,52 grammni tashkil qilib, “gashish” giyohvandlik moddasi ekani aniqlangan. 

Hafizulloh Turg‘unovga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Shu kuni taxminan soat 18:50 larda Hafizulloh Turg‘unov Chilonzor tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limidagi 4-qavatda joylashgan xizmat xonasiga olib ketilayotgan vaqtida, hojatxonaga kirishni so‘ragan. U 4-qavatda joylashgan hojatxonaga kirgandan so‘ng, tergovdan qochib yashirinish maqsadida hojatxona derazasidan pastga sakrashi oqibatida bosh va tana qismidan turli jarohatlar olgan. G‘iyosovga ko‘ra, mazkur holat binoga o‘rnatilgan videoyozuv moslamalarida qayd etilgan. Biroq G‘iyosov bu holat aks etgan videolarni taqdim etmagan. 

Tuman Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi xodimlari yigitga zudlik  bilan tez-tibbiy yordam ko‘rsatishni ta’minlash maqsadida Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib borgan. Unga "bosh miya yopiq jarohati, bosh miya lat yeyishi, bosh suyagini sinishi, tana a’zolarining gematomasi" tashxisi qo‘yilgan. 29 may kuni Turg‘unov shifoxonada vafot etgan. Holat yuzasidan Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda.

Mazkur holat bo‘yicha G‘iyosov bergan munosabat jurnalistlarimiz tomonidan o‘rganilmoqda. Tez orada batafsil ma’lumot beramiz. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Erdo'g'an hafta tahlili

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing