Yondirilgan Qur’on, musulmonlarga hurmat ko‘rsatgan Putin, vafotidan so‘ng mukofotlangan Shayxlar - Hafta tahlili

Tahlil

Amaldor bo‘lish ham qiyin. Amalda bo‘lganingda hamma atrofingda parvona. Eng bashang dasturxonlar sen uchun yoziladi, eng go‘zal qo‘shiqlar sen uchun kuylanadi. Yo‘lingdan chiqqan to‘siqlarni ba’zan oshib, ba’zan aylanib o‘taveresan, ketaverasan. Ammo kursingni yo‘qotganingda... Bunisini gapirib o‘tirmayman. Kursisidan ketganlar yoki ularning yaqinlari boshidan nimalarni kechirayotganini hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi. Demak, navbatdagi hafta voqealari tahlili bilan tanishing. 

Tatyana Karimovaning “o‘gay o‘g‘li” bilan sudi boshqa muddatga qoldirildi

Gapni nega aynan yuqoridagi misollardan boshlaganimga hayron bo‘layotgandirsiz. Sababini aytay, tugayotgan haftada Markaziy Osiyoning uch respublikasi sobiq rahbarlari bilan bog‘liq ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan voqealar sodir bo‘ldi. O‘zimizda Birinchi Prezident Islom Karimovning mulki talash bo‘layotgan bo‘lsa, Qirg‘izistonda sobiq prezidentdan hatto “sobiq” degan rutba olib tashlanmoqchi. Qozog‘istonda esa Nazarboyevni obro‘sizlantirish kampaniyasi to‘xtamay davom etyapti. O‘zimizdagidan boshlasam. 

Tugayotgan hafta boshi – 26 iyunga Toshkent shahar Yakkasaroy tumanlararo sudida O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning turmush o‘rtog‘i Tatyana Karimovaga nisbatan fuqarolik ishi ko‘rib chiqilishi belgilangan edi. Biroq sud noma’lum muddatga qoldirildi.

Bunga tegishli hujjatlar yetishmaganligi va to‘plash ishlari amalga oshirilayotgani sabab qilib ko‘rsatilgan. Shuningdek, sud javobgar taraf (Tatyana Karimova) va da’vogar Pyotr Karimovning rasmiy vakilining arizasiga ko‘ra, yopiq ko‘rilishi qanoatlantirilgan. 

Bizgacha yetib kelgan ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu fuqarolik ishida vorislik huquqidan kelib chiqqan nizo da’vo predmeti bo‘lmoqda. Unda da’vogar Islom Karimovning birinchi turmushi – Natalya Kuchmi bilan farzandi Pyotr Karimov hisoblanadi. 

Darvoqe, joriy yilning may oyida Rossiyaning Krasnogorsk shahrida xotinini kaltaklaganlikda gumonlanib, ushlangan Pyotr Karimov meros bo‘yicha sudda ishtirok etish uchun O‘zbekistonga kelmoqchiligi aytilgan edi.

Shuni alohida urg‘ulash o‘rinliki, 2016 yil – Prezident Karimovning vafotiga qadar uning barcha rasmiy biografiyalarida ikki qizi borligi aytib kelingan. Garchi Birinchi Prezidentning o‘g‘li borligi haqida uzunquloq gaplar bo‘lsada, bular rasman tasdig‘ini topmagan. Faqatgina Prezident Islom Karimov vafotidan keyin uning nomi bilan tashkil etilgan ilmiy-ma’rifiy majmua saytiga joylashtirilgan biografiyada Islom Karimovning uch farzandi borligi aytilgan. 

Ayni vaqtda Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova bir qator jinoyatlarda ayblanib, qamoqda saqlanmoqda, kenja qizi Lola Karimova esa O‘zbekistondagi barcha lavozimlaridan voz kechib, turmush o‘rtog‘i va farzandlari bilan AQSHga ko‘chib o‘tgan. 

Nazarboyevning jiyan kelini qamaldi

Bu hafta Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev oilasi ham rosa tebrandi. Birinchidan 29 iyun kuni Senat deputatlari yalpi majlisida Nazarboyev yana bir maqomidan mahrum qilindi. 

Majlisda deputatlar prezidentni uning nomidagi maktablar, universitetlar va jamg‘armalar Oliy kengashi rahbari maqomidan mahrum etish to‘g‘risidagi qonunni ikkinchi o‘qishda ma’qulladi.

Qonunga ko‘ra, “Nazarboyev universiteti”, “Nazarboyev intellektual maktablari” va “Nazarboyev jamg‘armasi” to‘g‘risidagi qonunga qisman o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi.

Senat majlisida, shuningdek, “Noqonuniy yo‘l bilan orttirilgan aktivlarni davlatga qaytarish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Qayd etilishicha, ushbu yangi hujjat Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyevning atrofidagilarga ham tegishli bo‘ladi.

Oradan bir kun o‘tib, 30 iyun kuni Qizilo‘rda shahar sudi yirik mablag‘larni o‘zlashtirishda o‘ta katta hajmdagi ish bo‘yicha respublika birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning jiyani sobiq rafiqasi Gulmira Satibaldini sakkiz yilga ozodlikdan mahrum qildi. 

May oyi boshida Qozog‘iston poytaxti sudi Satibaldini “o‘zboshimchalik” va “o‘g‘irlash” moddalari bo‘yicha yetti yilga ozodlikdan mahrum qilgan edi.

Qayd etilishicha, Satibaldi ishi bo‘yicha Qizilo‘rdada yetti kishi ustidan mahkama bo‘lib o‘tgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ular 2018-2020 yillarda shahardagi Sirdaryoning chap qirg‘og‘ini isitish loyihasi bo‘yicha ishlarni yakunlamagan va o‘zlariga ishonib topshirilgan mulkni o‘ta yirik hajmda o‘g‘irlagan. Ayblanuvchilarning harakatlari natijasida 441 million tenge (979 ming dollar) miqdorida zarar yetkazilgan. 

“Sudlanuvchi Satibaldi jinoyat sodir etishda aybdor deb topildi. U sakkiz yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Ayblanuvchining 5 may kuni Ostonadagi avvalgi hukmi inobatga olinib, oxirgi jazo sifatida yengilroq jazoni og‘irroq jazoga qo‘shib, sakkiz yillik qamoq jazosi tayinlandi”, deya izohladi sud. 

Gulmira Satibaldi Nazarboyevning jiyani Qayrat Satibaldiulining sobiq rafiqasi. 2022 yil 26 sentyabrda Qozog‘iston sudi Satibaldiulini davlat mablag‘larini o‘zlashtirish ishi bo‘yicha olti yilga ozodlikdan mahrum qilgandi. O‘sha yilning 13 mart kuni Qozog‘iston Korrupsiyaga qarshi kurash xizmati uni mansab vakolatini suiiste’mol qilish va “Kazaktelekom” pul mablag‘larini o‘g‘irlashda gumon qilib qo‘lga oldi. 17 mart kuni unga va sobiq rafiqasi Gulmiraga nisbatan tadbirkorlik sub’ektini bosqinchilik yo‘li bilan olib qo‘yish fakti bo‘yicha tergov boshlandi.

Jeenbekovni “Ala-Archa”dan uloqtirishmoqchi

Qirg‘izistonda ham prezidentlar bilan bog‘liq vaziyat havas qilgulik emas. Mamlakatning Sadir Japarovdan avvalgi prezidenti Sooronbay Jeenbekovni Qirg‘izistonning sobiq prezidenti maqomidan mahrum qilish taklif qilinmoqda. Ushbu “iltifot” bilan parlament deputati Oqilbek Tumonboyev chiqdi.  

Tashabbuskorning so‘zlariga ko‘ra, u allaqachon Sooronbay Jeenbekovning “Ala-Archa” davlat qarorgohida istiqomat qilishi, uning himoyasi va boshqa imtiyozlarini ta’minlash uchun davlat byudjetidan tushadigan xarajatlarni hisoblab chiqish bo‘yicha ko‘rsatma bergan. 

Shuningdek, Oqilbek Tumonboyev nafaqat Sooronbay Jeenbekovning o‘zi, balki uning oila a’zolari va yaqinlari ham imtiyozlardan foydalanishini qo‘shimcha qildi. U bu masalani Jo‘qorg‘u Keneshda ko‘tarishga va tegishli qonun loyihasini kiritishga va’da berdi. Deputat ushbu masalada amaldagi davlat rahbari Sadir Japarovga ham murojaat qilmoqchi. 

Qayd etish kerakki, Oqilbek Tumonboyev Sadir Japarovning qudasi hisoblanadi. 

Qirg‘izistonda 2020 yilning 4 oktyabr kuni o‘tkazilgan parlament saylovlaridan keyin, 7 foizlik minimum ovozni to‘play olmagan partiya tarafdorlari norozilik namoyishlarini boshladi. Bir necha kun davom etgan namoyish va tartibsizliklar ortidan Bosh vazir Kubatbek Boronov va uning Hukumati iste’foga chiqdi. Namoyishchilar davlat idoralarini egallab oldi. 

Namoyishlar avj olgan pallada Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini tan olmaslik haqida qaror qabul qildi.

O‘sha vaqtdagi Prezident Sooronbay Jeenbekov Bishkekda favqulodda holat joriy qildi va poytaxtga harbiylar kiritildi. Buning natijasida vaziyat biroz tinchidi. Ammo namoyishchilar Prezidentdan iste’foga chiqishini talab qildi. Natijada 15 oktyabrda Jeenbekov xalqiga qarata o‘q uzib, qon to‘kmaslik uchun iste’fo berdi.

Uning vazifasini vaqtincha bajarishi kerak bo‘lgan parlament spikeri Kanat Isayev bundan bosh tortdi. Natijada davlat rahbari vakolati namoyishlar ortidan qamoqdan chiqib, Bosh vazir bo‘lgan Sadir Japarovga o‘tdi. 

Sadir Japarov Qirg‘izistonda joriy yilning 2021 yilning 10 yanvar kuni muddatidan oldin o‘tkazilgan prezidentlik saylovida g‘alaba qozondi. U 28 yanvar kuni qasamyod keltirib, rasman Prezident lavozimida ish boshladi.

Tojikistonlik erkak Kishinyovda otishma sodir etdi

Moldovaning Kishinyov aeroportida tojikistonlik erkak otishma sodir etishi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi, yana bir kishi jarohatlandi. 

Qayd etilishicha, Kishinyovga kelgan 43 yoshli erkakning Moldovaga kirishi taqiqlangan. Aeroport xodimlari tomonidan steril zonaga kuzatib qo‘yilayotgan paytda u xodimlardan birining to‘pponchasini tortib olgan va o‘q uzgan. Oqibatda bir nafar chegara politsiyasi xodimi hamda bir nafar aerport qo‘riqchisi halok bo‘lgan, yo‘lovchilardan biri esa jarohat olgan. Bu vaqtda uning o‘zi ham jarohat olib, keyinchalik qo‘lga olingan.

Favqulodda hodisa bartaraf etilgunga qadar Kishinyov aeroportidagi yo‘lovchilar evakuatsiya qilinib, barcha reyslar qoldirilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, otishma sodir etgan shaxs Kishinyovga Turkiyadan uchib kelgan. Uning nima sababdan bu ishni qilgani hozircha aniq emas. Ayblanuvchiga nisbatan terakt sodir etganlik fakti bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

Otishmadan so‘ng mamlakat Prezidenti Maya Sandu huquq-tartibot idoralarini shay holatga keltirdi. Voqeaga nisbatan Moldova Bosh vaziri Dorin Rechan ham munosabat bildirib, halok bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik izhor qildi.

Oradan ko‘p o‘tmay, otishma sodir etgan erkakning shaxsi aniqlandi. U Tojikistonda odam o‘g‘irlashda ayblanib, tergovdan yashirinib yurgan Rustam Ashurov bo‘lib chiqdi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 23 iyun kuni Dushanbe shahrida “Oriyonbank” raisining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Ismatulloyev o‘g‘irlab ketilgan. Mazkur fakt bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tezkor-tergov guruhi tuzilgan. Tergov jarayonida uyushgan jinoiy guruh ishtirokchilaridan biri – tojikistonlik Rustam Ashurov ushbu jinoyatni sodir etib, keyinchalik yashirinish maqsadida Turkiya orqali Moldova Respublikasiga qochib ketgani aniqlangan. 

Moldova Bosh prokurori Ion Muntyanuning ma’lum qilishicha, Kishinyov aeroportida otishma sodir etgan shaxs umrbod qamoq jazosiga mahkum etiladi. 

“Chegara nazoratini o‘tkazish va Tojikiston fuqarosining Moldovaga tashrifi maqsadini aniqlashtirish vaqtida u o‘zini agressiv tutgan. Politsiya va Kishinyov prokuraturasi tergov olib bormoqda, bu terrorchilik harakati. Tergov shuningdek, jinoyatga aloqadorlik versiyasini ham tekshirmoqda. Huquq-tartibot idoralari xodimlari otishma sodir etgan shaxsning harbiy yoki jinoiy guruh a’zosi ekani haqida ma’lumotga ega emas”, deydi Bosh prokuror. 

Shvetsiyada Qur’onning yoqilishini dunyoni oyoqqa turg‘azdi

28 iyun kuni butun dunyo musulmonlari muborak Qurbon hayitini nishonladi. Ammo shu kuni Shvetsiya poytaxti Stokgolm markazida sodir bo‘lgan voqea Islom olamining dilini xira qildi. Shu kuni Stokgolmda yana Qur’oni Karim tahqirlandi. Namoyishda iroqlik 37 yoshli muhojir Salvan Momika muqaddas kitobni yoqib yubordi. 

U arab tilida nutq qilib, musulmonlarning muqaddas kitobidan varaqlarni yirtib, o‘t qo‘ydi. Aksiya sodir bo‘lgan joyda Shvetsiya va xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, 200 ga yaqin tomoshabin bo‘lgan. Politsiya tashkilotchiga tosh otmoqchi bo‘lgan erkakni qo‘lga oldi. 

Aksiya politsiyaning ruxsati bilan bo‘lib o‘tgan, hisobotda ular musulmonlarning muqaddas kitobini “yoqish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri ruxsat” bermagani, balki bu “Qur’on haqidagi namoyish” ekanligi aytilgan. Xabarda, shuningdek, ayni paytda Poytaxt okrugida quruq va issiq ob-havo tufayli olov yoqish taqiqlangani va uni buzish jarimaga olib kelishi mumkinligi ko‘rsatilgan.

Ushbu hodisadan so‘ng butun dunyo Islom olami oyoqqa turdi. Saudiya Arabistonidan tortib, Erongacha, Indoneziyadan tortib, Turkiyagacha Shvetsiyadan hisob so‘rashni boshladi. Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘an Stokgolmni bu harakatning badali og‘ir bo‘lishini aytib cho‘chitsa, Saudiya Arabistoni galdagi tahqirlashni hech qanday yo‘l bilan oqlab bo‘lmasligini bildirdi. Ko‘plab mamlakatlardagi Shvetsiya elchilari Tashqi ishlar vazirliklariga chaqirtirilib, ularga norozilik notasi topshirildi. 

Iroq poytaxti Bag‘dodda esa odamlar Qur’on yoqilishiga qarshi namoyishga chiqib, Shvetsiya elchixonasigacha bostirib kirdi. Mamlakat rasmiylari va namoyishchilar Islom dinining muqaddas kitobini tahqirlagan iroqlikni Shvetsiyadan ekstraditsiya qilishni talab qildi. Biroq, Shvetsiya rasmiylari bu talablarga javob bergani yo‘q. Aksincha, mamlakat Bosh vaziri butun dunyoni xotirjamlikka chaqirib, Shvetsiya elchixonalariga bostirib kirish noqonuniy ekanini eslatdi. 

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenbergning fikricha, Qur’onni yoqib yuborish Yevropada so‘z erkinligining ifodasi va so‘nggi hodisa Shvetsiyani NATOga qabul qilish bo‘yicha Turkiya bilan muzokaralarga to‘siq bo‘lmasligi kerak.  

“Men bu voqea sabab bo‘lgan chuqur his-tuyg‘ularni tushunaman. Biroq haqoratli va tanqid qilinadigan bu harakatlar suveren huquq tizimida noqonuniy bo‘lishi shart emas. Biz Shvetsiyada Turkiya va NATOga qarshi noroziliklarni ham ko‘rdik. Bularning barchasi men yoqtirmayman, lekin men odamlarning rozi bo‘lmaslik huquqini himoya qilaman, bu so‘z erkinligi”, deydi u. 

AQSH esa Stokgolmda Qur’onning yoqib yuborilishini qoraladi va Shvetsiyadagi musulmonlar huquqlaridan xavotir bildirdi.

“Aytishim kerakki, biz buni haqiqatdan ham qoralaymiz. Bu harakatdan qattiq xavotirdamiz. Bu musulmonlar va boshqa diniy ozchiliklar vakillarining Shvetsiyada o‘z ibodat qilish huquqidan erkin foydalanish qobiliyatiga ta’sir qiladigan qo‘rquv muhitini yaratadi”, deydi AQSH Davlat departamenti matbuot xizmati rahbari Mettyu Miller so‘z ochdi.  

Vashington ma’muriyati aynan nimani qoralayotganiga oydinlik kiritish so‘ralganida, Miller "Qur’onning yoqib yuborilishi", deb javob bergan.  

Ayni vaziyatda esa Rossiya Prezidenti Vladimir Putin butun dunyo arab mamlakatlari va Islom dunyosini o‘z atrofida birlashtirishga urindi. U Qur’on yoqilgan kunda Dog‘istonga bordi va bag‘riga Qur’oni Karimni bosgan holda Islomga nisbatan hurmatini ifoda etdi. 

Gap shundaki, 28 iyun kuni Dog‘istonning Derbent shahridagi Juma masjidiga tashrifi chog‘ida Vladimir Putinga Qur’oni Karim sovg‘a qilindi. Putinning urg‘ulashicha, Rossiya Qur’onni va musulmonlarning diniy tuyg‘ularini chuqur hurmat qiladi, Rossiya Federatsiyasida ushbu muqaddas kitobga hurmatsizlik jinoyat hisoblanadi. Ushbu kitob nafaqat musulmonlar, balki boshqa din vakillari uchun ham muqaddas ekanini aytdi. 

Shuningdek, davlat rahbari Qur’onga nisbatan hurmatsizlik mamlakat Konstitutsiyasi va Jinoyat kodeksining 282-moddasiga muvofiq jinoyat ekanini eslatgan. 

Fransiya tebranyapti

27 iyun kuni Fransiyaning Parijga yaqin Nanter shahrida 17 yoshli yigit yo‘l harakati nazorati vaqtida politsiyaga bo‘ysunishdan bosh tortgani uchun otib o‘ldirildi. O‘smir bilan bir mashinada bo‘lgan yo‘lovchi qo‘lga olingan, ikkinchisi qochib ketgani uchun qidiruvga berilgan. Shuningdek, politsiya xodimi qasddan odam o‘ldirishda gumonlanib hibsga olingan. 

Qotillikdan bir necha soat o‘tib shahar ko‘chalarida aholi to‘plana boshlagan va holatdan norozilik fonida tartibsizliklar avj olgan.

Avtobus bekatlari buzib tashlangan va chiqindi qutilariga o‘t qo‘yilgan. Aholining bir qismi politsiyaning hududga kirishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun barrikadalar qurgan. Kun oxirida 50 ga yaqin odam Nanter politsiya idorasi oldida politsiyaga qarshi shiorlar aytib namoyish o‘tkazgan. 

Huquq-tartibot idoralari xodimlari olomonni orqaga qaytarish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan. 

Ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan kadrlarga ko‘ra, Parij markazidagi ko‘plab taniqli butiklar talon-taroj qilingan, do‘kon va restoranlarning oynalari sindirilgan. Namoyishchilar bankomatlarni ham talon-toroj qilishga uringan.

Namoyishlarda  mingga yaqin kishi hibsga olingan, ammo raqamlar soat sayin o‘zgarib bormoqda. 

Namoyishlar sabab Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron 30 iyun kuni Bryusseldagi Yevropa Ittifoqi sammitini tark etdi va undan keyin rejalashtirilgan matbuot anjumanini bekor qildi. 

Hukumat ketma-ket uch kecha davom etgan ko‘cha tartibsizliklari fonida barcha ommaviy tadbirlarni bekor qilishga va butun mamlakat bo‘ylab soat 21:00 dan boshlab yer usti jamoat transporti faoliyatini to‘xtatishga qaror qildi.

Jizzaxda qariyb 60 kishi zaharlandi

Tugayotgan haftada Jizzaxda 57 kishi ovqatdan zaharlandi. 25-26 iyun kunlari 57 nafar fuqaro viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga ich ketish va tana harorati ko‘tarilishi shikoyatlari bilan murojaat qilgan.

Ularga birlamchi laboratoriya tekshiruvi xulosasiga ko‘ra, “o‘tkir diareya” ovqatdan zaharlanish tashxisi qo‘yilib, tibbiy muolajalarni amalga oshirish uchun barchasi shifoxonaga yotqizilgan.

Bemorlarning 11 nafariga tibbiy yordam ko‘rsatilib, uyiga javob berilgan, 46 nafari qoniqarli ahvolda ekani ma’lum qilingan.

Jizzax shahar prokuraturasining dastlabki tergovga qadar tekshiruvlari  davomida bemorlar Jizzax shahridagi oshxonalarning birida ovqatlangani aniqlanib, hodisa joyidan olingan oziq-ovqat mahsulotlarining namunalari hamda barcha bemorlarga nisbatan tegishli ekspertizalar tayinlanib, soha mutaxassislari jalb etilgan.

O‘zbekistonlik yoshlar Germaniyada sarson qolib ketdi

“Turon World Cooperation Xususiy Bandlik Agentligi” mas’uliyati cheklangan jamiyati  orqali joriy yilning may-iyun oylarida Work and Travel dasturi bilan Germaniyaga ketgan 102 nafar o‘zbekistonlik yoshlar mamlakatda sarson qolib ketdi. Ular vokzalda och-naxor, ishsiz va pulsiz qolib ketgani aytilmoqda. Qolaversa, yoshlarning ko‘pchiligi ishga joylashish uchun til ham bilmagan. 

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining ma’lum qilishicha, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ushbu tomonidan "Turon World Cooperation Xususiy Bandlik Agentligi" MCHJga berilgan litsenziyaning amal qilish muddati 2022 yil 10 iyunda vaqtincha to‘xtatilgan.

Holat bo‘yicha O‘zbekistonning Frankfurt-Mayndagi Bosh konsulxonasi munosabat bildirdi.

Aytilishicha, Bosh konsulxonaga “Work and Travel” dasturi bo‘yicha Germaniyaga borgan, ish bilan bog‘liq muammolar va yetarli moliyaviy resurslar yo‘qligi sababli Myunxendagi markaziy vokzalda tunashga majbur bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari haqida ma’lumot kelib tushgan.

Bosh konsulxona xodimlari “Humo” o‘zbek-nemis madaniy jamiyati faollari bilan birgalikda voqea joyiga yetib borgan va 35 nafar muhtoj O‘zbekiston fuqarolariga ushbu hududda vaqtincha yashashi uchun zarur yordam ko‘rsatilgan. 

Hozirda O‘zbekistonning Berlindagi elchixonasi va Frankfurt-Mayndagi Bosh konsulxonasi vaziyatni nazoratga olgan va vakolatli organlar bilan hamkorlikda mazkur muammoni bartaraf etish choralarini ko‘rmoqda.

O‘zbekistondagi “Turon World” konsalting firmasi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu tashkilot 98 nafar O‘zbekiston fuqarosini “Work and Travel” dasturi bo‘yicha Germaniyaga mavsumiy ishlarga jo‘natgan. 

Qalampir.uzga yetib kelgan ma’lumotlarga ko‘ra, Germaniyadagi vokzalda qolib ketgan o‘zbekistonliklarga elchixona va konsullikdan avval, birinchi navbatda Germaniyada qolayotgan o‘zbekistonliklar va O‘zbekistonda ushbu hodisadan xabar topgan saxiy insonlar yordam qo‘lini cho‘zgan. Xususan, Germaniya hayoti instagram kanali ma’muri Bexruz Bozorov orqali ko‘pchilik yoshlar ish topishga muvaffaq bo‘lgan. Shuningdek, Bozorov saxiy kishilar bir qator yoshlarning O‘zbekistonga qaytib ketish uchun samolyot chiptalarini olib berishga tayyorligini ham bildirgan. U ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat qilib, hujjatlarni aniq tekshirmay, amin bo‘lmay, qolaversa, til bilmay Germaniyaga kelmaslik, bir kunimni ko‘rib ketaman degan xom xayolga berilmaslikka chaqirdi. 

Mirziyoyev marhum ikki Shayxni mukofotladi

Dunyoning bir burchagida Islomga nisbatan hurmatsizlik qilinayotgan bir paytda O‘zbekistonda Islom va diniy ulamolar ulug‘lanyapti. Tugayottgan haftada Prezident Shavkat Mirziyoyevning Farmoni bilan ikki nafar marhum shayxlar Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf va Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon “Oliy darajali Imom Buxoriy” ordeni bilan mukofotlandi.

Prezident farmonida shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning serqirra faoliyati hamda beqiyos ilmiy-ma’rifiy merosi bilan islomiy tafakkur va madaniyatni ravnaq toptirish, islom dinining ulug‘ insoniy g‘oyalarini o‘zbek xalqiga yetkazish, mashhur ulamolarning asarlarini chuqur tadqiq etish, turli mamlakat va o‘lkalarda keng targ‘ib qilish borasidagi ko‘p yillik samarali mehnati, xalqaro miqyosda dinlararo muloqotni yo‘lga qo‘yish, millat va elatlar o‘rtasida hamjihatlik va ahillikni mustahkamlash, jamiyat hayotida ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashga qo‘shgan ulkan hissasi, diniy va dunyoviy bilimlarni puxta egallagan yetuk mutaxassislarni tayyorlash yo‘lidagi xizmatlari alohida qayd etilgan.

Shayx Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxonning esa g‘oyat murakkab tarixiy sharoitda faoliyat ko‘rsatib, mamlakat va mintaqada islom madaniyati va ilm-fanini rivojlantirish, islom dinining insonparvarlik mohiyati va ezgu g‘oyalarini odamlarga bezavol yetkazishdagi xizmatlari alohida ta’kidlangan.

Prigojin yo‘q, Surovikin ham yo‘qolib qoldi

24 iyun kuni Rossiyada “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi boshlig‘i Yevgeniy Prigojin tomonidan uyushtirilgan harbiy qo‘zg‘alon bu haftada ham asosiy mavzuligicha qoldi. 

Moskvagacha yetib borishni maqsad qilgan Prigojin manzilga 200 km qolganda ortga chekingandi. Chunki oraga Lukashenko tushgan va “Vagner” tarkibidagi jangchilar xavfsizligini kafolatlagan holda ularning Belarusga o‘tishiga ko‘ndirgandi.

Biroq Prigojin Rossiyani tark etgach, Rossiya qo‘shinlarining Ukrainadagi qo‘shma guruhi qo‘mondoni o‘rinbosari general Sergey Surovikin ko‘rinmay qoldi. Turli nashrlar Rossiya Mudofaa vazirligiga yaqin manbalarga tayanib, uning hibsga olinganini yozdi.

Gap shundaki, Surovikin Prigojinning isyoni paytida uning tarafini olgan bo‘lishi mumkin.  G‘arb razvedkasi ham Prigojin yuqori martabali rossiyalik zobitlarga, jumladan, general Sergey Surovikinga o‘z rejalari haqida ma’lumot berganini aytmoqda. 

Putinning voizi Dmitriy Peskovdan Surovikinning hibsga olingani haqida so‘ralganda esa u bu borada hech narsa bilmasligini va bunday savollar bilan Mudofaa vazirligiga murojaat qilinishi kerakligini aytgan. 

Tez-tez ommaviy chiqish qiladigan Yevgeniy Prigojinning o‘zini ham oxirgi marta Rostov Donni tark etayotganda ko‘rishgan, xolos. Shundan ikki kun o‘tib, 26 iyunda uning Telegram kanaliga 11 daqiqalik audioyozuvi joylangan.

Ovozli xabarda Prigojin mamlakatda hukumatni ag‘darmoqchi emasligini ta’kidlagan. Shuningdek, u rus askarlarining qonini to‘kmaslik uchun orqaga chekinishini qo‘shimcha qilgan.

Mana necha kun o‘tdiki, Prigojindan yangi sado chiqqani yo‘q. Peskov esa u haqida ham hech nimani bilmasligini aytmoqda. 

Prigojinning isyonini bostirishda jonbozlik ko‘rsatgan Lukashenko esa Belarus fuqarolari “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi bilan shartnoma tuzishi mumkinligini ma’lum qildi. Shuningdek, u Putin Prigojinni o‘ldirib yuborishga qaror qilganini, biroq uni to‘xtatib qolgani bildirdi.

Uning aytishicha, 24 iyun kuni Yevgeniy Prigojin harbiy kuch ishlatish orqali Rostov-Dondagi Janubiy harbiy okrugi shtab-kvartirasini nazorat ostiga olib, mamlakatda keskinlik yuzaga keltirgan vaqtda Putin uni o‘ldirib yuborishni buyurgan.

Lukashenko esa vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilish, “Vagner” rahbari o‘ldirilgan taqdirda vaziyat izdan chiqib ketishi, jangchilar betartib ravishda hujum boshlashi mumkinligini aytib, Prigojinning hayotini saqlab qolgan.

“Men Putinga shoshilmaslikni taklif qildim. “Vagner” rahbari va uning komandirlari bilan gaplashishim, Prigojinning yo‘q qilinishi jangchilarining keng ko‘lamli qo‘zg‘oloniga sabab bo‘lishi mumkinligini aytdim”, deydi Lukashenko.
 


Maqola muallifi

Teglar

Tat'yana Karimova hafta tahlili

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing