Akulaga yem bo‘lgan rossiyalik, O‘zbekistonda o‘layotgan turistlar, ayblanayotgan Olloqulov - Hafta tahlili
Tahlil
−
11 iyun 2023
19103O‘zbek 50-60 daraja issiqda ham 70 darajada qaynagan choy ichadi. Qoq oftobda dalada mehnat qiladi. Kun qiziganda ishlari avjiga chiqadi. Bizning issig‘imizga, ayniqsa, so‘nggi yillarda cho‘llashish, daraxtsizlashish, yashillik ustidan boshlagan kurashimiz ortidan kuchaygan issig‘imizga, o‘zimizdan boshqachasi chiday olmayapti. Chiday olmaydiyam-da. Mana masalan Buxoroda Ispaniya fuqarosi to‘satdan hushidan ketib, vafot etdi. Uzunquloq gaplarga qaraganda, uning o‘limiga issiq ta’sir qilgan. Bunga birozdan keyin to‘xtalamiz. Tugayotgan hafta voqealari tahlili bilan tanishing.
Xidirnazar Olloqulov IIB xodimlariga hujum qildimi?
Tugayotgan haftada Farg‘onada “Xaqiqat, taraqqiyot va birdamlik” partiyasini tuzish uchun imzo to‘plash jarayonida Xidirnazar Olloqulov bir nechta tarafdorlari bilan ikki nafar ichki ishlar xodimiga tan jarohati yetkazgani aytildi. Bu haqda Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xabar qildi.
Bugungacha ijtimoiy tarmoqlarda ushbu shaxs haqida ko‘plab bahsli xabarlar tarqalgan. Uning o‘zi xalqaro ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusidao‘tkazayotgan yig‘ilishlarida odamlar tomonidan bosim va zo‘ravonlikka uchraganini aytgan. Ammo Ichki ishlar tizimi u bilan bog‘liq vaziyat haqida birinchi marta xabar berdi.
Aytilishicha, 7 iyun kuni soat 09:10 da Farg‘ona viloyatining Farg‘ona shahridagi “Islom Karimov” nomidagi san’at saroyi hududida Xidirnazar Olloqulov “Xaqiqat, taraqqiyot va birdamlik” deb nomlangan partiyasini tuzish maqsadida imzo to‘plash ishlari olib borgan. Mazkur jarayon vaqtida Olloqulov va bir nechta fuqarolar (shaxsi aniqlanmoqda) o‘rtasida nizoli holat yuzaga kelgan.
Boshqarmaning qayd etishicha, mazkur holat yuzasidan fuqaro Xidirnazar Olloqulovning Farg‘ona shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasiga qilgan murojaati Ichki ishlar xodimlari tomonidan belgilangan tartibda qabul qilingan.
Shuningdek, Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi binosining tashqarisida Xidirnazar Olloqulov 1971 yilda tug‘ilgan fuqaro bilan o‘zaro tushunmovchilik oqibatida janjallashgan.
“Go‘yoki uning imzo yig‘ish jarayoniga huquq-tartibot xodimlari tomonidan aralashuv bo‘layotganligini asossiz vaj qilib, shahar IIO FMB hududiga qaytib kirib, Ichki ishlar organlari xodimlari bilan janjal uyushtirgan. IIO xodimlarining qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan, fukaro Xidirnazar Olloqulov o‘z tarafdorlari A.Sh. va T.Sh. bilan faol qarshilik ko‘rsatib, o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan ikki nafar ichki ishlar xodimiga tan jarohati yetkazgan”.
Bayonotda hozirda mazkur holat yuzasidan Farg‘ona shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotgani aytilgan. Biroq Xidirnazar Olloqulov va uning tarafdorlari IIB xodimlariga aynan qanday tan jarohati yetkazgani, sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan yo yo‘qligi, xodimlarning hozirgi ahvoli va jarohatlari haqida ma’lumot berilmagan.
Termiz va Nyu-Yorkni buzilgan ob-havodan boshqa nima bog‘laydi?
AQSH va O‘zbekiston. Amerika elchisi Jonatan Xenikning fikricha, ikki mamlakat munosabatlari o‘tgan 30 yillik diplomatik tarixda hech qachon bugungidek yaxshi bo‘lmagan. Bizningcha, ham shunday, munosabatlar shu qadar yaxshi. Mamlakatlarda o‘xshashlik juda ko‘p, hatto, ob-havosi bilan. Tugayotgan hafta AQSHning turizm poytaxti va iqtisodiy markazi Nyu-York va o‘zimizning Termizni deyarli ajratib bo‘lmaydigan bo‘lib qoldi. Ular xuddi ikki tomchi suvdek bir-biriga shu qadar o‘xshaydi. Gapniyam olib qochasanda, demang. Isbotlab beraman.
9 iyun kuni Termiz shahri va unga yaqin boshqa hududlarda kuchli chang bo‘roni kuzatildi. Qum bo‘roni tufayli kunduz kuni shaharda hatto tungi chiroqlar yoqilgan. Termizda ko‘rinish masofasi 200 metrgacha cheklangan. Shuningdek, shahar aeroport uchish-qo‘nish yo‘lagida ko‘rinish masofasi 500 metrgacha cheklangan. Shamol 11 m/s tezlikda esgan.
O‘zgidromet yetakchi mutaxassisi, iqlimshunos olim Erkin Abdulahadovning aytishicha, Termizdagi bu chang bo‘roni mintaqada qurg‘oqchilik, cho‘llashish jadal tarzda davom etayotganidan yana bir signal.
Ana endi navbat Nyu-Yorkning o‘zimizning Termizga o‘xshashiga keldi. Bu haqfta Kanadada davom etgan kuchli o‘rmon yong‘inlari tufayli Nyu-York zich tutun bilan qoplandi.
Nyu-York meri Erik Adams aholini ochiq havoda sayr qilishni cheklashga chaqirgan. Maktablarning ochiq havodagi faoliyati ham bekor qilingan. Shuningdek, odamlarga niqobsiz ko‘chaga chiqmaslik tavsiya etilmoqda. Shahar ko‘chalari xuddi kovid paytidagi niqobli odamlarga to‘lgan. Surat va videolardan ko‘rinyaptiki, Nyu-York jigarrang tusga kirgan.
Ma’lumki, Nyu-York shahri dunyoda havo sifati eng yomon shaharlar orasida ikkinchi o‘rinda turadi. IQAir xizmatiga ko‘ra, kecha bu ko‘rsatkich keskin yuqorilagan, hattoki bu borada yetakchi bo‘lgan Dehlini ham ortda qoldirgan. Bir vaqtlar bu natijaga Toshkent erishgan edi.
Nyu-York qanchalik ifloslangan shahar bo‘lmasin, u yerda ekologiya, xususan yashillikka nisbatan e’tibor ancha yuqori. Masalan shaharning qoq markazi, biznes hududida 40 gektarga yaqin maydonda o‘rmonni eslatuvchi markaziy bog‘ joylashgan. Agar bizda shahar o‘rtasida shunday bo‘sh hudud qolib ketgan bo‘lsa bormi, o‘sha yerga ham yo sity qurishadi yo eng kamida plastik qoplamalarga to‘lgan soxta shaharchaga aylantiriladi va kishi ko‘ziga o‘rtasiga ko‘l paydo qilinadi.
Ichki ishlarga sog‘ kirgan erkakning o‘ligi chiqdi
O‘tgan haftadagi dasturimizda 21 yashar Hafizulloh Turg‘unboyev Chilonzor tumani Ichki ishlar bo‘limi binosiga o‘z oyog‘i bilan kirib, u yerdan og‘ir ahvolda chiqqani va shifoxonada vafot etgani haqida aytgan edik. Ichki ishlar vazirligiga ishonilsa, Turg‘unboyev o‘zini Ichki ishlar bo‘limi binosining 4-qavatida joylashgan hojatxona derazasidan tashlagan va bir hafta koma holatiga yotib, vafot etgan.
Bu hafta ham yana ichki ishlar bo‘limiga sog‘ kirgan odamning u yerdan jasadi chiqdi. Bu safar u o‘zini hech qayerdan tashlamagan. Aksincha, qiynoqlar oqibatida vafot etgan.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, bir qator o‘g‘rilik jinoyatlarini sodir etishda gumonlanib, JKning 169-moddasi 3-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida 3 iyun kuni tergovga jalb etilgan Yuqori Chirchiq tumani Yangi bozor MFYda yashagan, 1987 yilda tug‘ilgan lo‘li elatiga mansub Usmon Salimboyev Bo‘ka tumani IIBda so‘roq qilingan.
Aniqlanishicha, 3 iyun kuni soat taxminan 22:00 larda gumonlanuvchi Usmon Salimboyev Bo‘ka tumani Jinoyat qidiruv bo‘limining tezkor xodimlari tomonidan protsessual tartib buzilgan tarzda maxsus so‘rov xonasiga emas, balki xizmat xonasiga olib chiqilib, u bilan boshqa jinoyatga aloqadorligi bo‘yicha surishtiruv o‘tkazilgan. Jarayonda fuqaroning sog‘lig‘i yomonlashib, keyinchalik o‘limi yuz bergan.
Tayinlangan birlamchi sud-tibbiy ekspertizasining tashxisiga ko‘ra Salimboyevning tanasida tan jarohatlari borligi aniqlangan.
Holat yuzasidan Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 235-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, voqeaga aloqador bo‘lgan 2 nafar tezkor xodim hibsga olingan.
Ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan xizmat vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan Bo‘ka tumani IIB boshlig‘i A.Babaxanov, uning birinchi o‘rinbosari V.Xudayqulov, jinoyat qidiruv bo‘limi rahbari J.Subanov, tergov bo‘limi boshlig‘i J.Achilov, shuningdek navbatchilik qismi mas’uli Sh.Ibragimov egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.
Bundan tashqari, mazkur salbiy holatga aloqador bo‘lgan 2 nafar tezkor xodim ichki ishlar organlari tizimidan bo‘shatilgan.
Shuningdek, Vazirlikning markaziy apparati hamda Toshkent viloyati IIBB mas’ul rahbarlari va boshqa xodimlarining harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan.
Ishga aloqador tezkor xodimlar o‘z jinoiy qilmishlarini rad etgan. Shu bois marhumning tanasidagi tan jarohatlari borligini hisobga olib prokuratura tomonidan qo‘shimcha gistologik (ichki organlar va to‘qimalardagi jarohat vaqti va darajasini aniqlash bo‘yicha) ekspertiza tayinlangan. Mazkur ekspertiza ma’lum muddat talab qiladi va uning xulosasi va to‘plangan dalillar bo‘yicha xodimlarning jinoiy javobgarlik masalasi ko‘rib chiqiladi.
Ayni vaqtda viloyat prokuraturasining o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ko‘pincha bunday voqealardan chetda qoladigan ombudsman bu safar jim turolmadi. Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili Feruza Eshmatova Bo‘kadagi qiynoq bilan bog‘liq holatni qoraladi. Uning bildirishicha, gumonlanuvchi yoki ayblanuvchilar surishtiruv va tergov jarayonida kaltaklanib, vafot etishi mumkin emas.
Qiynoq “jamiyat tanasidagi kasallik” hisoblanadi. Shuningdek, ombudsman tomonidan bunday kasallikni davolash uchun avvalo shaffoflik ta’minlanishi kerakligi, u qiynoqlarning barvaqt oldini olish vositasi ekani aytilgan.
Bildirilishicha, qiynoqqa oid xabarlar Ombudsman nazoratiga olinib o‘rganilmoqda. Bo‘kada sodir bo‘lgan holat sud-tergov jarayonlarida qiynoq deb atalmish illatga hali-hanuz yo‘l qo‘yilayotganini tasdiqlaydi.
Biz shuncha paytdan beri nima deyotgandik, Feruza opa? Xuddi bugungacha bunday gaplarni eshitmagan odamdek gapirmang. O‘tgan yilning oktyabr oylarida andijonlik Oyatullo Maxsumov Navoiy shahar beshinchi mintaqaviy hudud 4-son jazoni ijro etish koloniyasida vahshiylarcha o‘ldirilgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu xabarlar keng jamoatchilik orasida muhokamalarga sabab bo‘ldi. Biz bu masalada alohida surishtiruv ham o‘tkazdik. O‘shanda Inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanovdan intervyu oldik. U O‘zbekistondagi qamoqxonalarda qiynoqlar soni sezilarli darajada oshganini aytib chiqdi. Sizlar-chi? Siz hissiyotlarga to‘la javob qaytarib, aksincha, qiynoqlar bo‘yicha holatlar tasdiqlanmayotgani, qiynoqlar bo‘yicha murojaatlar 5-10 yil ilgari sodir bo‘lgan holatlar bo‘yicha ekanini aytdingiz. Bugun esa boshqacha gapiryapsiz. O‘rtoqlar, bitta gapda turinglar. O‘zbekiston huquq-tartibot organlari va qamoqxonalarida qiynoq bormi yo yo‘q?
Ispaniya fuqarosi O‘zbekistonda vafot etdi
So‘zim avvalida aytganim – bizdagi issiqqa boshqa mamlakat fuqarolar bardosh bera olmasligi masalasiga mana endi navbat yetib keldi.
7 iyun kuni Ispaniya fuqarosi 1958 yilda tug‘ilgan Amez Perez Antonio Buxoro shahrining tarixiy qismida joylashgan Haqiqat ko‘chasida buyumlar savdo rastasi oldida savdolashib turgan vaqtida to‘satdan hushidan ketib, voqea joyida vafot etdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, tez tibbiyo yordam murojaat qilinganda shifokorlar guruhi yarim soatda ham yetib kelmagan. Bosh prokuratura voizi Hayot Shamsutdinovning bildirishicha, tez tibbiy yordam xodimlari voqea joyiga Amez Perez Antonio tobi qochib yiqilganidan so‘ng 22 daqiqa o‘tib, yetib borgan.
Hozirda holat yuzasidan shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Oradan bir necha kun o‘tsa ham xorijlik mehmonning vafoti sabablari ochiqlangani yo‘q.
Italiya fuqarosini Farg‘onada mashina urib o‘ldirdi
O‘zbekistonga sayohat qilib jon bergan faqat ispaniyalik Amez Perez Antonio emas. Farg‘ona viloyatida velosiped haydab ketayotgan Italiya fuqarosi ham baxtsiz hodisa qurboni bo‘ldi. U Nexia-2 urib ketishi oqibatida vafot etdi. Voqea 2 iyun kuni sodir bo‘lgan bo‘lsada, buning isi joriy haftada chiqdi.
Ichki ishlar vazirligi Matbuot kotibi Shohruh G‘iyosovga ko‘ra, yo‘l-transport hodisasi Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumani “Azimobod”mahallasini kesib o‘tuvchi Bog‘dod-Oltiariq yo‘lining 2-kilometrida yuz bergan. 2002 yilda tug‘ilgan Nexia-2 haydovchisi velosipedni boshqarib ketayotgan 1956 yilda tug‘ilgan chet ellik ayolni urib yuborgan.
Oqibatda jabrlanuvchi turli tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan. Biroq ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay, vafot etgan.
Holat yuzasidan Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Rossiyalik sayyohni akula yeb qo‘ydi
Sayyohlarning baxtsiz hodisalarga uchrab, vafot etishi bilan bog‘liq holatlar nafaqat bizda, balki boshqa mamlakatlarda ham sodir bo‘lmoqda. Xususan Misrdagi voqea ancha dahshatli. Gap shundaki Misrning Xurgada shahridagi plyajda rossiyalik 24 yoshli sayyohni akula yeb qo‘ydi. Voqea joyidan olingan videolardan ko‘rish mumkinki, yigit akuladan qochishga harakat qilganiga qaramay, nahang uni baribir o‘ldirgan. Bundan tashqari, yana bir qiz ham bu paytda suvda bo‘lib, u qochib qolishga ulgurgan.
Mahalliy aholi vakillari qayiqda yigitni qutqarishga harakat qilgan, ammo bu vaqtda u allqachon akulaning o‘ljasiga aylanib bo‘lgandi. Yirtqich jonzot voqeadan so‘ng hududdagi boshqa plyajlarda ham ko‘rinish bergan. Xabarlarga ko‘ra, hodisadan keyin shahardagi barcha plyajlar yopilgan.
Rossiyaning Xurgadadagi bosh konsulligi shahardagi mamlakat fuqarolariga murojaat qilib, suvda hushyor bo‘lishga va mahalliy hokimiyatning cho‘milish va sho‘ng‘ish bo‘yicha taqiqlariga rioya qilishga chaqirgan.
Oradan ko‘p o‘tmay akula mahalliy baliqchilar va qutqaruvchilar tomonidan ushlangan. Biroq akulaning keyingi ahvoli haqida ma’lumot berilmagan.
Qayd etilishicha, akula hujumiga uchragan rossiyalik Misrga joriy yilning iyun oyi boshida kelgan. U akula hujumiga uchraganda sohildan 35 metr uzoqlikda bo‘lgan.
Dunyoni larzaga keltirgan portlash
Bu hafta Xersondagi portlash bilan dunyo larzaga keldi. Yadroviy urushni muhokama qilayotgan omma uchun go‘yo bu boshlanishdek. 6 iyun kuni Ukrainaning Xerson viloyatidagi Kaxovka GESi to‘g‘oni portlatib yuborildi. Kiyev va Moskva bir-birini to‘g‘onni portlatganlikda va Ukraina janubida keng ko‘lamli suv toshqiniga sabab bo‘lganlikda aybladi.
Ukraina Qurolli kuchlarining janubiy qo‘mondonligining ma’lum qilishicha, Rossiya kuchlari bosib olingan Xerson viloyatida sovet davridan qolgan Kaxovka to‘g‘onini portlatib yuborgan.
Ijtimoiy tarmoqlardagi tasdiqlanmagan videolarda to‘g‘on atrofida kuchli portlashlar sodir bo‘lgani va suv oqib chiqayotgani aks etgan. Balandligi 30 metr va uzunligi 3,2 km bo‘lgan to‘g‘on 1956 yilda Dnepr daryosida qurilgan. U 2014 yilda Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrim va Rossiya nazorati ostidagi Zaporoje atom elektr stansiyasini ham suv bilan ta’minlar edi.
Rossiya axborot agentliklari esa to‘g‘on o‘qqa tutilishi oqibatida vayron bo‘lganini xabar qilgan. Rossiya nazoratidagi Kaxovka shahri meri Ukrainani terrorchilik aktida ayblagan.
Ukrainaning “Ukrgidroenergo” kompaniyasi Kaxovka GESi ichkaridan sodir bo‘lgan portlash oqibatida buzilgani, GES butunlay vayron bo‘lgani va uni tiklashning iloji yo‘qligini ma’lum qildi.
Rossiya Tergov qo‘mitasi holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismi "a”, “c" bandlarida nazarda tutilgan jinoyat (bir guruh shaxslar tomonidan oldindan kelishuv asosida sodir etilgan va katta miqdordagi mulkiy zarar va boshqa og‘ir oqibatlarga olib keladigan terrorchilik harakati) asosida jinoiy ish qo‘zg‘atdi
BMT Xavfsizlik kengashi GESdagi portlash munosabati bilan Ukraina iltimosiga ko‘ra favqulodda yig‘ilish o‘tkazdi. Unda BMT Bosh kotibining gumanitar masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Martin Griffits mazkur holat Ukrainadagi odamlarning ahvoli yanada yomonlashishini anglatishini bildirgan. Uning ta’kidlashicha, BMT har qanday vaqtda Rossiya nazorati ostidagi hududlarga konvoylar va yordam xodimlarini joylashtirishga tayyor.
Rossiya va Ukrainaning BMTdagi doimiy vakillari esa bir-birini Kaxovka to‘g‘onini buzishda ayblagan. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish esa Kaxovka GESidagi favqulodda holat Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishining yana bir halokatli oqibati ekanini aytgan.
Biroq, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy BMT yig‘ilishidan ham, unda aytilgan gaplardan ham qoniqmadi. U BMT va Qizil Xochning Kaxovka GESidagi favqulodda holatga munosabatidan juda hafsalasi pir bo‘lganini va hayratda ekanini aytdi.
Zelenskiy eng yirik xalqaro tashkilotlar yordam so‘roviga javob bermaganini va bu aslida “diplomatik tilda” rad etish ekanini bildirgan.
“Bugun men xalqaro tashkilotlarga minnatdorlik bildira olmayman. Men hozirgina Ichki ishlar vaziri bilan gaplashdim. Undan xalqaro tashkilotlardan yordam bormi, deb so‘raganimda, u na BMT, na Qizil Xoch vakillari javob bermaganini aytdi. Biz javob olmadik. Men shokdaman”, degan 7 iyun kuni Ukraina Prezidenti.
Kaxovka GESidagi favqulodda holat uchun javobgarlar haqida gapirar ekan, Zelenskiy mazkur halokat faqat Rossiya va hozir ushbu mintaqani nazorat qilayotgan odamlar tufayli sodir bo‘lganini bildirgan.
8 iyun kuni Zelenskiy Xerson viloyatiga borib, Kaxovka GESi to‘g‘oni portlashi oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi yig‘ilish o‘tkazdi. U shifoxonalarga joylashtirilgan odamlar bilan muloqot qilgan.
Bu orada kechagini yana besh yillik muddat uchun prezidentlikka qasam ichgan Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘an Putin va Zelenskiyga qo‘ng‘iroq qilib, ko‘ngil so‘ragan kishi bo‘ldi. U GESdagi portlashni tekshirish uchun xalqaro komissiya tuzishni taklif qildi. Uning aytishicha, rossiyalik va ukrainalik ekspertlar, BMT va xalqaro hamjamiyat, jumladan Turkiya ishtirokida komissiya tuzilishi mumkin.
Zelenskiy bilan suhbatda esa Turkiya rahbari urush davom etar ekan, insoniy yo‘qotishlarning oldini olishning iloji yo‘qligini, shuning uchun muzokaralarni qayta boshlash g‘oyasi birinchi o‘rinda turishi kerakligini ta’kidlagan. Shuningdek, u Turkiya adolatli tinchlik o‘rnatish uchun qat’iy sa’y-harakatlarni davom ettirishini bildirgan.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi matbuot kotibi Shabia Mantuning bildirishicha, Kaxovka GESi to‘g‘onining vayron bo‘lishi oqibatida yuzaga kelgan suv toshqinidan jabrlanganlar soni 40 ming kishiga yetishi mumkin.
Qirg‘izistonda to‘ntarish qilmoqchi bo‘lganlar ushlandi
Joriy haftada boshida Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xodimlari “ehtimoliy davlat to‘ntarishi ishtirokchilari”ni ommaviy hibsga oldi. Ma’lum qilinishicha, bir guruh shaxslar hokimiyatni kuch bilan egallab olishga tayyorlanayotgan bo‘lgan.
Olingan ma’lumotlar va to‘plangan audio va video materiallar asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, uning doirasida sud tomonidan sanksiya berilgan kompleks maxsus tergov harakatlari o‘tkazilgan.
Davlat to‘ntarishi tashkilotchisi fuqarolik faoli, “Eldik Kenesh” siyosiy partiyasi raisi Roza Nurmatova ekani aytilmoqda.
Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining aniqlik kiritishicha, uyushgan guruhga jamiyatning turli sohalari va respublika hududlaridan 100 dan ortiq kishi jalb qilingan, ular o‘rtasida aniq vazifalar belgilab berilgan rollar aniq taqsimlangan.
“Yaqin kelajakda tashkiliy masalalarni moliyalashtirish va asosiy mansabdor shaxslarga maosh to‘lash uchun xorijiy manbalardan mablag‘ olinishi kutilayotgani haqida ma’lumotlar bor. Fitnachilar jamiyatda har qanday voqea yuzasidan norozilik paydo bo‘lgandan so‘ng darhol o‘zlarining jinoiy rejalarini amalga oshirishning faol bosqichini boshlashni niyat qilganlar”, deyiladi davlat qo‘mitasi xabarida.
Guruhning 30 dan ortiq a’zosi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga olib ketilgan.
Nurmatovaning asosiy sheriklari aybiga iqror bo‘lgan. Ularning jinoiy niyatlarini tasdiqlovchi ashyoviy dalillar olib qo‘yilgan. Barcha qo‘lga olinganlar Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining vaqtinchalik saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan.
Bishkekning Pervomay tuman sudi qo‘lga olinganlarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasini tanladi.
Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi so‘roviga binoan “Eldik Kenesh” partiyasi raisi Roza Nurmatova va “Chek Ara” (Chegara) jamoat birlashmasi a’zosi Guljigit Isoqov 21 iyungacha Milliy xavfsizlik tergov izolyatorida saqlanadi.
O‘zbekistonlik pivoga bo‘kib o‘ldi
Rossiyaning Moskva viloyatida O‘zbekiston fuqarosi pivo tayyorlanadigan idishga tushib ketib, vafot etdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, fojia shu yilning 3 iyun kuni soat 14:00 lar atrofida sodir bo‘lgan. Xususiy pivo zavodi egasi o‘zbekistonlik 47 yoshli Ulug‘bek ismli erkakdan hududni obodonlashtirishni so‘ragan. Shundan so‘ng zavod egasi xonadan chiqib ketgan va qaytib kelganida dastlab hech nimani sezmagan.
Keyinchalik uni yo‘qligini payqagan va ulkan pivo qopqog‘ini ochishganda erkakning jasadi topilgan.
Keyinchalik shifokorlar tomonidan aniqlanishicha, erkak karbonat angidriddan zaharlangan.
Pivo korxonasidan berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, ishchi boshliq yo‘qligidan foydalanib, pivo ichishga uringan. Ammo karbonat angidridni yutib, idishga tushib ketgan.
Suvga cho‘kkan 5 yashar bola 5 kunda bazo‘r topildi
Toshkent viloyati Toshkent tumanining “Uchsada” mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi “Zaxariq” kanalida 5 yashar bola cho‘kib ketdi.
Voqea joriy yilning 3 iyun kuni yuz bergan. Viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari bolaning jasadini topish uchun Respublika Suv xo‘jaligi vaziridan “Zaxariq” kanali suvini bir kun muddatga to‘liq to‘xtatib turishga ruxsat so‘ragan. Oradan bir necha kun o‘tsa ham kanal suvini to‘xtatib turish bo‘yicha so‘rovga javob berilmagan.
Keyinroq bolaning ota-onasi Respublika Suv xo‘jaligi vaziridan “Zaxariq” kanali suvini bir kun muddatga to‘liq to‘xtatib turishga ruxsat so‘ragan. Takror-takror qilingan murojaatlardan so‘ng vazirlik kanal suvi oqimini nisbatan pasaytirib turishga ruxsat bergan.
Bolaning jasadi u cho‘kkanidan 5 kun o‘tib, 8 iyun kuni soat taxminan 02:00 larda yashash uyidan 500 metr uzoqda topilgan. Bola kanal qirg‘og‘idagi daraxtga qisilib qolgan bo‘lgan.
Putin MDHdagilarga g‘arb sanksiyalaridan qochish yo‘lini o‘rgatdi
Joriy haftada Sochida Yevroosiyo Kongressi, Yevroosiyo Hukumatlararo Kengashi, MDH davlatlari Hukumat rahbarlari kengashi majlislari, III Yevroosiyo Kongressi hamda “Yevrosiyo – bizning uyimiz” xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston tomonidan Bosh vazir Abdulla Aripov qatnashdi.
9 iyun kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin mehmon hukumat rahbarlari bilan uchrashdi va ularga ajoyib taklif bildirdi. Ya’ni, janob Putinning fikricha, “YeOIIda ishlab chiqarilgan” yoki “MDHda ishlab chiqarilgan” umumiy savdo belgisi ostida qo‘shma korxonalar tashkil etish kerak.
“Sanoat kooperatsiyasidagi faollikni yanada oshirish, jumladan, “YeOIIda ishlab chiqarilgan” umumiy savdo belgisi ostida qo‘shma korxonalar tashkil etish zarur. Agar u "MDHda ishlab chiqarilgan" umumiy brendi ostida bo‘lsa ham, hech kim qarshi emas. Bu muhim emas – asosiysi, barcha mamlakatlarimizda samarali hamkorlik rivojlanmoqda. Bunday brend yoki brendlar barcha mamlakatlarimizdagi iste’molchilar orasida taniqli va mashhur bo‘lib qolishi muhim”, degan Vladimir Putin.
Xo‘sh, bu Putinga nima beradi, bu taklifdan nima naf, dersiz. Ma’lumki, Yevropa Ittifoqi va AQSH tomonidan Rossiyaga qo‘yilgan sanksiyalar nafaqat ushbu mamlakatning o‘ziga, balki uning qo‘shnilari va doimiy hamkorlariga ham allaqachon ta’sir qilishni boshlagan. Ko‘plar bizneslar ikki o‘t orasida qolmoqda. Agar korxonalar davlat tasarrufida bo‘lsa ularga yanada qiyin. Sanksiyalar davlat darajasidagi dog‘ bo‘ladi. MDHda yoki YeOIIda ishlab chiqarilgan yorlig‘i sanksiyalarni aylanib o‘tishda yana bir muhim omil. Janob Putin aynan shu orqali Rossiyaga aynan qaysi davlat mahsulot yetkazib berayotganini g‘arbliklar bilolmay halak bo‘ladi, deb o‘ylayapti chog‘i. Yana kim kim biladi, deysiz.
Shuningdek, Rossiya rahbari Bosh vazirlarga elektron davlat xizmatlari va elektron hukumat tizimlarini birlashtiruvchi yagona raqamli ekotizimni shakllantirish bo‘yicha ishlash kerakligi haqida irod qilgan. U davlatlar ijro hokimiyati va markaziy banklari orqali faoliyatni faollashtirish kerakligini ham aytgan.
Mehmonxonadan yigit va qizning o‘ligi chiqdi
Toshkent viloyati Chirchiq shahridagi mehmonxonalardan birida ikki nafar fuqaro o‘lik holda topildi. Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha, 8 iyun kuni Chirchiq shaxridagi mehmonxonaga joylashgan 2000 yilda tug‘ilgan erkak va 2002 yilda tug‘ilgan qiz vafot etgan.
Marhumlarning o‘lim sabablarini aniqlash maqsadida sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlangan.
Holat bo‘yicha tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.
Toshkentda erkak o‘zini 4-qavatdan tashlab o‘ldirdi
Toshkent shahrining Olmazor tumanida erkak 4-qavatdagi ijara uyidan o‘zini tashlab, vafot etdi.
Qayd etilishicha, voqea joriy yilning 4 iyun kuni Olmazor tumani Qoraqamish dahasida yuz bergan. 1985 yilda tug‘ilgan fuqaro 4-qavatdagi yashash uyidan soat taxminan 00:30 larda o‘zini tashlab, o‘z joniga qasd qilgan. U Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasiga o‘lik xolatda olib kelingan.
Uning o‘limi bosh ko‘krak yopiq tumtoq jarohatlari, chap chakka peshona suyagi katta bo‘lakchali sinishi, chap tomondan qovurg‘alar yopiq sinishi, tanasida ko‘plab shilinmalari sababli yuz bergani aniqlangan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida u yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan manzilda oilasi bilan ijarada yashagani, ro‘yxatdan o‘tmasdan buyurtma asosida plastik romlar ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanib kelgani, qarzlari ko‘payib ketgani sababli tushkunlikda yurgani ma’lum bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan Olmazor tumani prokuraturasi tomonidan marhumning o‘z joniga qasd qilish sabablarini aniqlashga qaratilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilayotgan bo‘lib, o‘limi sababini aniqlash yuzasidan sud tibbiy ekspertizasi tayinlangan.
Kelinni kim o‘ldirdi?
Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida 27 yoshli kelinning jasadi topildi. Tumanning “Beshqo‘tan” mahallasida yashagan 1996 yilda tug‘ilgan ayol 2 iyun kuni soat 1:30 larda yashash uyi molxonasidagi yog‘ochga arqon ip bilan o‘zini osib o‘ldirgan. Ayol bilan birga yashagan erining qarindoshlari u ruhiyatida o‘zgarish bo‘lgani sababli joniga qasd qilganini aytgan bo‘lsa, uning yaqinlari esa ayol eri tomonidan o‘ldirilgan, degan gumonga bormoqda.
Marhumaning jasadini ko‘rgan guvohning aytishicha, ayolning tanasida ko‘plab tan jarohatlari bo‘lgan.
Tuman prokuraturasi hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etayotganini ma’lum qilgan. Marhumaning o‘limi yuzasidan sud tibiiy ekpertizasi tayinlangan.
LiveBarchasi