Olloqulov IIB xodimini jarohatladi – IIB

3-sahifa

image

Farg‘ona viloyatida “Xaqiqat, taraqqiyot va birdamlik” partiyasini tuzish uchun imzo to‘plash jarayonida Xidirnazar Olloqulov bir nechta tarafdorlari bilan ikki nafar ichki ishlar xodimiga tan jarohati yetkazgan. Bu haqda Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Matbuot xizmati xabar berdi.

IIBning aytishicha, shu yilning 7 iyun kuni soat 09:10 da viloyatning Farg‘ona shahridagi “Islom Karimov” nomidagi san’at saroyi hududida Xidirnazar Olloqulov “Xaqiqat, taraqqiyot va birdamlik” deb nomlangan partiyasini tuzish maqsadida imzo to‘plash ishlari olib borgan. Mazkur jarayon vaqtida Olloqulov va bir nechta fuqarolar (shaxsi aniqlanmoqda) o‘rtasida nizoli holat yuzaga kelgan. 

Boshqarmaning qayd etishicha, mazkur holat yuzasidan fuqaro Xidirnazar Olloqulovning Farg‘ona shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasiga qilgan murojaati Ichki ishlar xodimlari tomonidan belgilangan tartibda qabul qilingan. 

Shuningdek, IIO FMB binosining tashqarisida Xidirnazar Olloqulov 1971 yilda tug‘ilgan fuqaro M.U. bilan o‘zaro tushunmovchilik oqibatida janjallashib ketgan. 

“Go‘yoki uning imzo yig‘ish jarayoniga huquq-tartibot xodimlari tomonidan aralashuv bo‘layotganligini asossiz vaj qilib, shahar IIO FMB hududiga qaytib kirib, Ichki ishlar organlari xodimlari bilan janjal uyushtirgan. IIO xodimlarining qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan, fukaro Xidirnazar Olloqulov o‘z tarafdorlari A.Sh. va T.Sh. bilan faol qarshilik ko‘rsatib, o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan ikki nafar ichki ishlar xodimiga tan jarohati yetkazgan”, deyiladi xabarda.

Bayonotda hozirda mazkur holat yuzasidan Farg‘ona shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotgani aytilgan. Biroq Xidirnazar Olloqulov va uning tarafdorlari IIB xodimlariga aynan qanday tan jarohati yetkazgan, sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan yo yo‘qligi, xodimlarning hozirgi ahvoli va jarohatlari haqida ma’lumot berilmagan. 

Ma’lumot uchun, Xidirnazar Olloqulov Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan. U iqtisodchi olim, iqtisod fanlari doktori, professor, dotsent hisoblanadi. 2002 yilning mayidan 2004 yilning iyunigacha Termiz davlat universitetining rektori lavozimida faoliyat yuritgan.

Olloqulov 2020 yildagi intervyulardan birida O‘zbekistondagi iqtisodiy va ijtimoiy ahvolni keskin tanqid qilgan chiqishidan keyin keng ommaga tanilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Xidirnazar Olloqulov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing