Ishonchni oqlamagan futzalchilar – Sport dayjesti
Sport
−
22 Sentabr
6204O‘tgan hafta oxirida joriy haftani O‘zbekiston uchun sinovli deb atagandik, chunki ayni kunlarda mamlakatning 3 ta shahrida yirik turnir futzal bo‘yicha Jahon chempionati bahslari o‘tkazilmoqda. Musobaqani yuqori saviyada o‘tkazish bilan bir qatorda, mamlakat futzalchilaridan mundialda munosib ishtirok kutilgandi, biroq jarag‘-jarag‘ pul to‘lanadigan ispaniyalik mutaxassis Xose Venansio Lopes va uning shogirdlari muxlislar hafsalasini pir qildi. O‘zbekiston futzal terma jamoasi Jahon chempionatlaridagi eng salbiy natijasini qayd etib, guruh bosqichidayoq turnirni yakunlanadi, yaxshiyamki ayni kunlarda Vengriyada o‘zbekistonlik shaxmatchilar Olimpiadada munosib ishtirok etib, muxlislarni harna ovutib turibdi. Anglaganingizdek, bugun futzal bo‘yicha jahon chempionati, o‘zbek shaxmatchilarining ishtiroki va dunyo sportidagi eng muhim voqeliklarga nazar solamiz.
Assalomu alaykum. QALAMPIR.UZ’da sport dayjesti.
O‘zbekiston o‘zi mezbonlik qilgan Jahon chempionatini tark etdi
20 sentyabr kuni O‘zbekiston mezbonlik qilayotgan futzal bo‘yicha Jahon chempionatining 3-tur o‘yinlari o‘tkazildi.
“A” guruhidan joy olgan va ikki turdan beri g‘alaba nimaligini bilmay kelayotgan O‘zbekiston terma jamoasi guruh bosqichining oxirgi turida Kosta-Rika bilan to‘qnash keldi.
Uchrashuvning 4-daqiqasida Kosta-Rika a’zosi Kubilyo O‘zbekiston darvozasiga gol kiritib, hisobni ochdi. 11-daqiqada esa Mashrab Odilov muvozanatni tiklovchi golga mualliflik qildi – 1:1. Dastlabki bo‘limning so‘nggi daqiqasida kosta-rikaliklardan Leon jamoasi uchun navbatdagi golni kiritdi va hisobni 2:1 ko‘rinishiga keltirdi.
Ikkinchi bo‘limning 7-daqiqasida nominal mehmonlar a’zosi raqib darvozasiga to‘p kiritdi va ikkinchi marta hisobdagi muvozanatni tikladi. 30-daqiqada esa Berkinov o‘zbekistonliklarni hisobda oldinga olib chiqdi – 2:3.
Oradan bir daqiqa o‘tib, Ixtiyor Ropiyev qizil kartochka olib, 2 daqiqaga o‘yindan chetlatildi. Kosta-rikaliklar mazkur vaziyatdan foydalanib hisobni tenglashtirdi. Bu safar gol muallifi Chavarria. 34-daqiqada Kabalseta o‘zbekistonliklar darvozasiga to‘p kiritdi – 4:3. O‘yin yakunlanishiga 2 daqiqa qolganda Salas gol urdi va tablodagi raqamlarni 5:3 ko‘rinishiga keltirdi. Shu tariqa o‘yin yakunlandi va O‘zbekiston o‘zi mezbonlik qilgan Jahon chempionatini tark etdi.
Shaxmat: O‘zbekiston Hindiston bilan durang o‘ynadi
Vengriya poytaxti Budapesht shahri mezbonlik qilayotgan shaxmat Olimpiadasining 9-turida O‘zbekiston erkaklar jamoasi Hindiston bilan, ayollar jamoasi esa Serbiya bilan to‘qnash keldi.
Musobaqa peshqadami va favoriti hisoblangan hindistonlik shaxmatchilar bilan kechgan bahsda 2:2 hisobi qayd etildi. Har to‘rtta taxtada tomonlar murosa yo‘lini tanladi.
Ayollar jamoasidan esa Afruza Hamdamova va Nodira Nodirjonovalarning g‘alabalari evaziga ayollar jamoasi mag‘lubiyatdan qutulib qoldi va murosa yo‘lini tanladi.
Bugun, 21 sentyabr kuni 10-turda, erkaklar terma jamoasi chempionlik yo‘lida asosiy raqiblardan biri – Xitoy terma jamoasiga qarshi bahs olib borsa, ayollar terma jamoasi Angliya jamoasi bilan to‘qnash keladi.
Uchrashuvlar bugun soat 18:15 da boshlanadi.
Gulruhbegim Tohirjonova O‘zbekiston jamoasiga qarshi dona surmadi
Ayni kunlarda Vengriyaning Budapesht shahrida 45-Butunjahon shaxmat Olimpiadasi bahslari o‘tkazilmoqda. Musobaqaning 8-turida O‘zbekiston ayollar jamoasi amerikalik shaxmatchilarga to‘qnash keldi.
E’tiborlisi, AQSH jamoasining yetakchi shaxmatchilaridan biri o‘zbekistonlik Gulruhbegim Tohirjonova hisoblanadi. 25 yoshli Tohirjonova O‘zbekiston vakillariga qarshi bahsda ishtirok etishni istamadi.
Tohirjonova 1-taxtada o‘zbekistonlik Afruza Hamdamova bilan bahs olib borishi kerak edi, biroq Tohirjonovaning o‘rnini jamoadoshi Karissa Shiven Yip egallagan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston ayollar jamoasi 7 ta turdan keyin Olimpiadada 11-o‘rinni band etib turibdi, erkaklar jamoasi esa 3-o‘rinni band etgan.
Shomurodov to‘p tepayotgan jamoaning murabbiyi ishdan bo‘shatildi
Rimning “Roma” klubi ustozi Daniyele De Rossi lavozimidan ozod etildi. Bu haqda futbol jurnalisti Nikola Skira o‘z X sahifasida ma’lum qildi.
41 yoshli italiyalik mutaxassisning ishdan olinishiga jamoa mavsum startidan beri hali g‘alaba qozonmagani ko‘rsatilmoqda. De Rossi qo‘l ostida “Roma” 4 ta o‘yin o‘tkazib, 3 ta durang va 1 ta mag‘lubiyat qayd etdi.
Jamoa Italiya A Seriyasining oxirgi turida safarda “Jenoa” bilan bahs olib borib, oxirgi daqiqalarda gol o‘tkazib yubordi va g‘alabani qo‘ldan chiqardi.
Hozirda Rim klubiga murabbiylik qilish uchun asosiy nomzodlardan biri sifatida yana bir italiyalik taniqli va tajribali mutaxassis Klaudio Raneri ko‘rsatilmoqda. Eldor Shomurodov o‘z vaqtida Raneri qo‘l ostidagi “Kalyari” klubida ham to‘p tepgan.
“Roma”ga kim murabbiy bo‘lishi aniq bo‘ldi
Xorvatiyalik mutaxassis Ivan Yurich Rimning “Roma” klubi ustoziga aylanadi. Bu haqda futbol jurnalisti Nikola Skira o‘z X sahifasida ma’lum qildi.
Manbaga ko‘ra, murabbiyning klub bilan shartnomasi 2025 yilning iyunigacha tuziladi, agar “Roma” Yevropa Chempionlar ligasiga zonasiga kirsa, shartnoma avtomatik ravishda uzaytirilishi mumkin.
Bugun, 18 sentyabr kuni tongda Italiya klubi bosh murabbiy Daniyele De Rossini iste’foga chiqardi. “Roma” Italiya chempionatining 2024/2025 yilgi mavsumi turnir jadvalida 16-o‘rinni egallab turibdi. Jamoa to‘rtta uchrashuvda 3 ochko jamg‘ardi.
49 yoshli Ivan Yurichning oxirgi ish joyi Italiyaning “Torino” klubi bo‘ldi.
“Al-Nasr” ustozi iste’foga chiqarildi
Saudiya Arabistonining “Al-Nasr” klubi bosh murabbiyi Luish Kashtru lavozimidan ozod etildi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
“Jamoadagi har bir kishi Luish va uning xodimlariga so‘nggi 14 oy davomida fidokorona mehnat qilganliklari uchun minnatdorlik bildiradi va ularga kelgusi faoliyatida omad tilaydi”, deyiladi klub xabarida.
Kashtru Riyod klubiga 63 o‘yinda murabbiylik qildi. Bu o‘yinlarda “Al-Nasr” 44 ta g‘alaba, 12 ta durang va 7 ta mag‘lubiyat qayd etdi.
Qayd etish joiz, portugaliyalik 63 yoshli mutaxassis 28 yillik faoliyati davomida hech qachon klub tomonidan ishdan bo‘shatilmagandi. Bungacha u doim o‘z xohishi bilan murabbiylik postlarini tark etgan.
Hozirda “Al-Nasr” ustozi bo‘lish uchun asosiy nomzod italiyalik sobiq “Milan” bosh murabbiyi Stefano Pioli bo‘lib turibdi. “Al-Nasr”ga yangi murabbiy tayinlandi.
“Milan” klubining sobiq ustozi italiyalik Stefano Pioli Saudiya Arabistonining “Al-Nasr” klubi ustoziga aylandi. Bu haqda futbol jurnalisti Fabritsio Romano X'dagi sahifasida ma’lum qildi.
Manbaga ko‘ra, tomonlar o‘rtasidagi kelishuv 2 yilga mo‘ljallangan. 2026 yilgacha imzolangan shartnoma keyinchalik o‘zaro kelishuvga ko‘ra yana 1 yilga uzaytirilishi mumkin.
58 yoshli Piolining oxirgi ish joyi “Milan” klubi bo‘lib kelayotgandi. U “rossonerilar” safida 5 yillik faoliyati davomida jamoaga jami 240 ta o‘yinda murabbiylik qildi. “Qizil-qoralar” Pioli bilan birgalikda Italiya A Seriyasida g‘olib bo‘ldi va Yevropa Chempionlar ligasining yarim finaliga qadar yetib bordi.
LiveBarchasi