“Davr” bank xodimlari firibgarlik uchun hibsga olindi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda “Davr” bank xodimlari katta miqdorda o‘g‘rilikda gumonlanib hibsga olingani haqida xabarlar tarqaldi. O‘nlab mijozlar zarar qoplanishi talab qilayotgani haq aytib o‘tildi.

Toshkent shahar IIBB Matbuot xizmati mazkur holat yuzasidan rasmiy axborot berdi.

Qayd etilishicha, haqiqatdan ham Sirdaryo viloyatida yashovchi fuqaro U.J.dan Uchtepa tuman IIBga shikoyat tushgan. Shikoyatda U.J. joriy yilning 9 aprel kuni “Davr” bankining Uchtepa tuman filialiga ipoteka krediti olish uchun murojaat qilgani, dastlabki to‘lov sifatida 75 mln so‘m to‘lagani aytilgan. Ammo uy quruvchi shirkat hisobiga pul o‘tkazilmagan.

Keyinroq Ichki ishlar organlariga 20 nafar kishidan analogik xarakterdagi shikoyatlar tushgan. Ularning bari kredit olish yoki hisob ochish uchun bankka murojaat qilgan.

Mazkur holat yuzasidan Uchtepa tuman IIB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi (firibgarlik) bo‘yicha jinoiy ish ochilgan.

“Davr” bankining Uchtepa filialining xodimlari 28 yoshli Yu.J. va 23 yoshli M.B. ushbu jinoyatni amalga oshirganlikda gumonlanib qo‘lga olingan. Ularga 1 may kuni ayblov e’lon qilingan va o‘sha kuni Jinoyat ishlar bo‘yicha Uchtepa tuman sudi ayblanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risida qaror chiqargan.

Hozirda jinoyat ishi Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan o‘rganilyapti.


Maqola muallifi

Teglar

firibgarlik kredit bank

Baholaganlar

93

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing