Davlatlar ballistik raketa sinovlari haqida ogohlantirishni talab qildi

Olam

image

40 dan ortiq davlat ballistik raketalar, jumladan, qit’alararo ballistik raketalar, suvosti kemalaridan uchiriladigan raketalar va raketa-tashuvchilarning parvozlari haqida oldindan xabar berishni talab qildi. Davlatlarning bu haqdagi qo‘shma bayonoti AQSHning Jenevadagi BMT huzuridagi doimiy vakolatxonasi saytida e’lon qilindi.

Hujjatda bunday raketalar uchirilishi haqida kamida 24 soat oldin ogohlantirish berish talab qilingan. Davlatlar yadroviy zaryad olib yurish imkoniyatiga ega ballistik raketalarning yetarlicha oldindan ogohlantirishsiz sinovdan o‘tkazilishi xavfli ekani va bunday harakatlar sinovlar o‘tkazilayotgan hududlarga yaqin mamlakatlarda tinchlik va xavfsizlikka tahdid solishini qayd etgan.

Bayonotda tartibga solingan va shaffof ogohlantirish mexanizmlari hech bir davlatning harbiy salohiyatini rivojlantirishi yoki operativ ehtiyojlarini cheklamasligi bildirilgan. Aksincha, bunday mexanizmlar noto‘g‘ri hisob-kitoblar va tushunmovchiliklar xavfini kamaytirishi, davlatlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlashi hamda umumiy xavfsizlikka sodiqlikni namoyon etishi ta’kidlangan.

Talabnomaga ko‘ra, ogohlantirishda ballistik raketa yoki raketa-tashuvchining umumiy turi, uchirish hududi va uning rejalashtirilgan harakat yo‘nalishi haqida ma’lumot berilishi kerak. Shuningdek, davlatlar uchish apparatlari va dengiz kemalari ekipajlari uchun xalqaro standartlarga mos, aniq ogohlantirishlarni taqdim etishi lozim.

Eslatib o‘tamiz, dunyoda ko‘plab davlatlar ballistik raketalarni muntazam ravishda sinovdan o‘tkazib keladi. So‘nggi vaqtlarda Shimoliy Koreya va Hindiston ham ballistik raketalarni sinovdan o‘tkazgandi.
 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing