Davlatga majburiy g‘alla sotish hajmi 25 foizga kamaytiriladi. Paxta bo‘yicha ham o‘zgarishlar bo‘ladi
Jamiyat
−
03 mart 2020
6645O‘zbekiston Prezidenti “2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonni imzolagani haqida xabar bergandik.
Farmonga muvofiq iqtisodiyotni rivojlantirish va investitsiyalarni faol jalb qilish sohasida:
• 2020 yildan boshlab paxta xomashyosi ishlab chiqarish va majburiy sotish rejasini, uning narxini davlat tomonidan belgilash amaliyoti bekor qilinadi va davlatga majburiy g‘alla sotish hajmi 25 foizga kamaytiriladi;
• 2020 yilda soliq to‘lovchilar tomonidan ortiqcha to‘langan soliq summasi belgilangan muddatda qaytarilmagan holda ushbu summa uchun soliq to‘lovchilarga byudjet hisobidan Markaziy bankning asosiy stavkasiga teng miqdorda foizlar to‘lash hamda ichki bozorda sotilgan mahsulot bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘ining bir qismini qaytarish tartibi samarali yo‘lga qo‘yiladi;
• 2020 yilda litsenziyalar va boshqa ruxsat beruvchi hujjatlar kamida ikki baravarga qisqartiriladi;
• 2020 yil 1 iyundan boshlab davlat ulushiga ega bo‘lgan banklar transformatsiyasi bo‘yicha “yo‘l xarita”larini amalga oshirishga kirishilsin, shu jumladan, aholi va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga ko‘rsatilayotgan bank xizmatlari sifatini oshirish hamda zamonaviy chakana bank xizmatlari turlarini ko‘paytirish choralari ko‘riladi;
• 2020 yil 1 iyunga qadar eksportni oldindan moliyalashtirishga qaratilgan Eksport-kredit agentligi tashkil qilinadi;
• 2020 yilda “raqamli markirovka va onlayn kassa” loyihasini o‘z vaqtida va to‘liq bajarish hamda “E-ombor” tovarlarni hisobga olishning elektron tizimini ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘riladi;
• 2020 yil 1 iyundan boshlab mahalliy eksport qiluvchilarga yuklarni avtomobil va havo transporti orqali eksport qilish xarajatlarining bir qismini davlat tomonidan qoplash, shuningdek, tadbirkorlarning infratuzilma barpo etish bo‘yicha xarajatlarining bir qismi uchun kompensatsiya to‘lash mexanizmlari joriy etiladi;
• 2020 yilda kamida 800 mingta keng polosali Internet portlari yaratilsin va 12 ming kilometr optik tolali aloqa liniyalari yotqiziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Markaziy banki, Hisob palatasi, Savdo-sanoat palatasiga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ushbu yo‘nalishda belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida bajarilishini, shu jumladan, “Davlat moliyaviy nazorati to‘g‘risida”gi, “Davlat qarzi to‘g‘risida”gi va “Rasmiy statistika to‘g‘risida”gi qonun loyihalari, Avtomobil yo‘llarini rivojlantirish va Moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish strategiyalari, Tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga solish va Suv xo‘jaligini rivojlantirish konsepsiyalari, Qishloq xo‘jaligida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilishini ta’minlash topshirildi.
LiveBarchasi