Davlat va nodavlat tashkilotlarda majlisbozliklar to‘xtatiladi
Jamiyat
−
15 mart 2020
13469O‘zbekistonda koronavirus xavfi sabab davlat va nodavlat tashkilotlarda yig‘ilish hamda majlislarga o‘tkazishga taqiq qo‘yiladi. Bu haqda bugun, 15 mart kuni Vazirlar Mahkamasida o‘tgan O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripovning ma’lum qilishicha, davlat tashkilotlarida fuqarolarni qabul qilishning virtual usuli yo‘lga qo‘yiladi.
Jumladan, vazirlik va idoralar xodimlarining xizmat safarlariga chiqishi ham cheklanadi.
Ma’lum qilinishicha, koronavirus mamlakatga kirishidan avval o‘zbekistonlik mutaxassislar bu borada chet elga borib, qo‘shimcha ma’lumot to‘plagan, tajriba o‘rgangan va hozirda xorijlik maslahatchilar ham O‘zbekistonga kelgan.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 15 mart kuni soat 06:00 da O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq ilk holat qayd etildi. Ushbu virusni yuqtirib olgan fuqaro joriy yilning 11 mart kuni Fransiyaning Parij shahridan qaytgan. Virus bilan og‘rigan o‘zbekistonlik ayol oliy toifali shifokor bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, dunyo bo‘yicha 156 740 kishi koronavirusga chalingan, ularning 5839 nafari vafot etgan, 75 935 nafari kasallikdan forig‘ bo‘lgan.
Hurmatli fuqarolar, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat sabab vahima ko‘tarishga asos yo‘q. Virusni yuqtirib olmaslik uchun sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qiling.
LiveBarchasi