Ehtiyot bo‘ling, is gazi! Zaharlanmaslik uchun nima qilish kerak?
Foydali
−
20 noyabr 2019
12717Joriy yilda O‘zbekistonda is gazi bilan bog‘liq noxush holatlar ko‘plab kuzatilmoqda. Ulardan biri kecha, 19 noyabr kuni sodir bo‘lib, yetti kishini hayotdan olib ketdi. Bugun ertalab xabar berganimizdek, Jizzaxda viloyati Zomin tumanida 7 nafar ishchi IIBga qarashli binoda is gazidan zaharlanib vafot etdi. Xo‘sh, is gazidan zaharlanmaslik uchun nima qilish kerak?
Havo-gaz aralashmasi chaqnashidan saqlaning!
Turmushda foydalanib kelinayotgan yoqilg‘i mahsulotlari ichida tabiiy gaz (metan, propan) sizib chiqishi va havo bilan aralashma hosil qilib, portlashga xavfliligi bilan ajralib turadi.
Gaz oqimining to‘satdan (avariyaviy) uzilishi va qayta ulanishi natijasida xona ichida gaz to‘planishi, yonib turgan gaz anjomlarini qarovsiz qoldirish, isitish asbob-anjomlariga gazni ulashda xavfsizlik qoidalariga rioya qilmaslik, gaz quvurlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish oqibatida xavo-gaz aralashmasini portlashi xamda yong‘in sodir bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, aholi tomonidan xavfsizlik talablariga javob bermaydigan qo‘lbola, nostandart gaz jihozlaridan foydalanish, gaz tarmoqlariga rezina shlang orqali ulanish, nosoz holatdagi dudburonlardan foydalanish hamda xonadon ichida ochiq olovdan isitish maqsadida foydalanish holatlarining uchrab turishi fuqarolarining is gazidan zaharlanishiga hamda havo-gaz aralashmasini chaqnashi natijasida jabrlanishi, hattoki halok bo‘lishiga olib kelmoqda.
Turmushda gazdan foydalanishda iste’molchilarga quyidagilar taqiqlanadi:
• o‘zboshimchalik bilan uyni gazlashtirish, gaz asbobi o‘rnini almashtirish, uni almashtirish yoki ta’mirlash;
• gaz asboblari o‘rnatilgan xonalar rejasini o‘zgartirish;
• gaz asboblari konstruksiyasiga, dudburon va shamollatish tizimlarini o‘zgartirishlar kiritish o‘zgartirish;
• shamollatish kanallarini to‘sib qo‘yish, dudburonlarni tozalash «cho‘ntaklari» va darchalarini berkitib tashlash;
• xavfsizlik va sozlash avtomatikasini uzib qo‘yish. Gaz asboblari, avtomatikasi, armaturasi va gaz ballonlari nosozligida gazdan foydalanish;
• dudburon va shamollatish kanallari o‘z vaqtida tekshirmasdan gazdan foydalanish;
• maxsus ma’lumotga ega bo‘lmay va gaz xo‘jaligi korxonasidan ruxsatnoma olmay turib, dudburon hamda shamollatish kanallarini tozalash, tekshirish hamda gaz-ballon qurilmasining ballonlarini almashtirish;
• fortochkalar (framugalar), jalyuzali panjaralar, shamollatish kanallarining panjaralari, vannaxona va oshxona eshiklari ostidagi tirqishlar yopiqligida, dudburon hamda shamollatish kanallarida tortish bo‘lmagan hollarda gazdan foydalanish;
• uzluksiz ishlashga mo‘ljallanmagan, tegishli avtomatikaga ega bo‘lmagan gaz asboblarini qarovsiz qoldirish;
• maktab yoshidagi bolalarga, shuningdek o‘z harakatlarini nazorat qila olmaydigan va gaz asboblaridan foydalanish qoidalarini bilmaydigan shaxslarga ulardan foydalanishga ruxsat berish;
• gaz plitalaridan xonalarni isitish uchun foydalanish;
• gaz asboblari o‘rnatilgan xonalarda uxlash va dam olish;
• gaz chiqayotganligini aniqlash uchun olov yoqib tekshirish;
• tabiiy gazdan foydalanishdagi turli xildagi rezina shlanglar, gaz so‘rgichlardan foydalanish;
• avtomobillarga o‘rnatilgan yoki ulardan yaroqsiz deb yechib olingan texnik ko‘rikdan o‘tmagan metan va propan gaz balonlardan foydalanish.
Gaz xidini sezganda zudlik bilan quyidagilarni amalga oshirish zarur:
• gaz plitalari va isitish pechlarini gaz tarmog‘idan o‘chiring;
• darrov eshik va derazalarni ochib, xonani shamollating;
• xonada elektr jixozlarini yoqmang, yoniq bo‘lsa o‘chirmang, chunki bu yong‘in yoki gaz - havo aralashmasining chaqnashiga sabab bo‘lishi mumkin;
• gaz chiqayotgan joyni aniqlash uchun ochiq olovdan emas, sovun ko‘pigidan foydalaning.
Gaz bilan bog‘liq yong‘in yoki zaharlanishlar sodir bo‘lganda quyidagi shoshilinch telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilib yordam so‘rang:
1. 101 – yong‘in xavfsizligi xizmati;
2. 104 – gaz avariya dispetcherlik xizmati;
3. 103 – tez tibbiy yordam xizmati;
4. 1050 – qutqaruv xizmati.
LiveBarchasi