O‘zbekistonda is gazidan qanday saqlanish o‘rgatilmoqda. Joylarda esa hamon gaz yo‘q

Bu qiziq

image

Qish. O‘zbekiston. Is gazi va o‘limlar. Bularni Yangi O‘zbekiston qurilishida ham bir-biridan ayro tasavvur qilib bo‘lmayapti. So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda elektr energiyasi va gaz bilan bog‘liq muammolar kun tartibida turibdi. Kunlar sovushi oqibatida odamlar isinishning har turli yo‘llarini qidirmoqda. Ayni shunday vaziyatda esa Favqulodda vaziyatlar vazirligi is gazidan saqlanish bo‘yicha tavsiyalar bilan chiqdi. 

Favqulodda vaziyatlar vazirligi mas’uli Samandar Hikmatullayevning AOKAda o‘tgan brifingda ma’lum qilishicha, is gazi — rangsiz, hidsiz, ko‘p uchraydigan zaharli birikma — tabiiy gaz, yoqilg‘i, ko‘mir, o‘tin cho‘g‘lari to‘liq yonmasligi yoki chala yonishi oqibatida vujudga keladi.

Tahlillarga ko‘ra, is gazidan zaharlanish holatlarining aksariyati quyidagi sabablarga ko‘ra yuzaga kelmoqda:

•    fuqarolar tomonidan gaz va muqobil yoqilg‘i (ko‘mir, o‘tin va boshqa) turlaridan foydalanishda xavfsizlik choralariga rioya etmaslik;

•    nostandart (qo‘lbola yasalgan) yoki sertifikatga ega bo‘lmagan isitish pechlari va anjomlaridan foydalanish;

•    isitish pechlarining dudburonlarini noto‘g‘ri o‘rnatish;

•    gaz yoki boshqa muqobil yoqilg‘iga moslashtirilgan isitish pechlari (anjomlari)ni dam olish (uxlash) xonalariga olib kirish;

•    havo almashmaydigan xonalarni isitishda ochiq olov (ko‘mir va o‘tin cho‘g‘lari)dan foydalanish;

•    havoni almashtiruvchi shamollatish shaxtalari yoki tuynuklarni berkitib (to‘sib) qo‘yish.

FVV mas’uli is gazidan zaharlanishning oldini olish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

“Kuz-qish mavsumida yuz berishi mumkin bo‘lgan yong‘in, havo-gaz aralashmasining chaqnashi hamda is gazidan zaharlanishning oldini olish maqsadida, quyidagilarga rioya qilishingizni so‘rab qolamiz”, deydi FVV mas’uli. 

•    Tashqi himoya qobiqlari shikastlangan elektr sim va kabellardan foydalanmang;

•    Elektr xo‘jaligida ortiqcha yuklanish va elektr simlarning qisqa tutashuvidan sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yong‘inlarning oldini olish lozimligi sababli sifat sertifikatiga ega himoya saqlagichlaridan (avtomatlardan) foydalaning;

•    Isitish pechlarining dudburonlarini tozalash, sozlash va ularning qoida talablari asosida o‘rnatilishi bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi maxsus tashkilotlarga murojaat qilish va ular tomonidan lozim darajada xizmat turlarining bajarilishiga erishing;

•    Isitish pechlarini haddan ziyod qizdirib yubormang;

•    Gaz va elektr isitish moslamalarini nazorat qilishni yosh bolalarga topshirmang;

•    Gaz ta’minoti idoralari mutaxassislarini jalb etgan holda, gaz jihozlarini taftishdan o‘tkazib, ularga texnik xizmat ko‘rsatilishini tashkil eting;

•    Gaz uskunalarini ulash bo‘yicha tartib-qoidalarga rioya qiling;

•    Yonuvchi materiallarni gaz plitalari ustida quritmang;

•    Gaz isitish moslamalaridan xavfsizlik avtomatikalari (gazning o‘chib, qayta kelishini nazorat qiluvchi moslama) orqali foydalaning va ularning doimiy sozligiga e’tibor bering.

Aslida is gazidan zaharlanishga faqat gaz quvurlari yoki texnik uskunalarning nosozligi sabab bo‘layotgani yo‘q. Haqiqiy ahvol biroz boshqacharoq. Ya’ni odamlar uyini isitish uchun ko‘mir yoqishga ham majbur bo‘ladi. Oqibatda esa ko‘miri “ugar”i o‘limga olib kelishi mumkin. Bu holat esa is gazidan o‘lim sifatida qayd etiladi. Yoki yana bir yashirib bo‘lmaydigan holat mavjud. Bu ham bo‘lsa joylarda yarim tunda “Hududgazta’minot” tomonidan gazning ogohlantirishsiz uzib qo‘yilishi bo‘lib, issiq xonada pinakka ketgan odamlar gaz o‘chirilganini payqamaydi. Yarim tunda yana gaz beriladi, ammo u olov bo‘lib yonmagach, xonada gaz to‘ladi. Oxir-oqibat is gazidan zaharlanish kuzatiladi yoki Qashqadaryodagidek chaqnash bo‘lib, portlash kuzatiladi. O‘lim holatlari ham asosan shunday vaziyatda qayd etiladi.


Maqola muallifi

Teglar

FVV Is gazi

Baholaganlar

45

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing