Kambag‘allari kamaygan, zo‘rlangan qizlari ko‘paygan, tutunga to‘lgan va “svet”dan yolchimagan O‘zbekiston – Hafta tahlili

Tahlil

Joriy yilning birinchi olti oyida O‘zbekistonda tug‘ilish ancha kamayib, o‘lim soni ortdi. Tug‘ilganlar soni 405,5 ming nafarni tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 14,4 ming nafarga kam. Vafot etganlar soni esa 84,1 ming. Bu o‘limlar 2024 yilning mos davriga nisbatan 2,7 mingtaga ko‘pligini anglatadi. Shuningdek, rasmiy idoralarning ma’lumotlariga ishonilsa, yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda ish haqi o‘rtacha 6 million so‘mga yaqinlashgan. Kambag‘allik darajasi esa o‘tgan yetti oyda 11 foizdan pastlab, 6,8 foizni tashkil qilmoqda. Xo‘sh, bu rostmi? Siz qancha oylik olyapsiz? Atrofingizda kambag‘al va muhtojlar kamayganmi? 

Angrenda 15 yashar qiz zo‘rlandi

O‘zbekistonda yana voyaga yetmagan qiz zo‘rlandi. Bu galgi holat Toshkent viloyatining Angren shahrida aniqlandi. Qizning yoshi 15 da va u 4 nafar yigit tomonidan jinsiy tajovuzga uchragani aytilmoqda. 

Holat qachon sodir bo‘lgani aniq emas, bu haqda rasmiy idoralar bila turib miq etmay kelgan. Hatto, joriy yilning 9 aprel kuni Angren shahar IIB tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib chiqdi va Bolalar ombudsmani hamon dastlabki tergov harakatlari davom etayotgani ma’lum qildi. Qiziq, mas’ul idoralar uch oydan oshiq vaqt davomida nimani dastlabki tergovdan o‘tkazyapti ekan?! 

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, tergov jarayoni ustidan Angren shahar prokuraturasi tomonidan nazorat o‘rnatilgan. Bolalar ombudsmani esa o‘z vakolati doirasida jinoyat bo‘yicha kuzatuv olib bormoqda. 

Qiz bronxopnevmaniya va anemiya tashxisi bilan shifoxonada davolanayotgani, unga psixologik yordam ko‘rsatilayotgani aytildi. Lekin aynan xabarning mana shu qismi menda shubhalarni keltirib chiqaryapti. Voqea qachon sodir bo‘lgani aniq emas, tergov jarayonlari boshlanganiga esa 3 oydan oshgan. Katta ehtimol bilan holat e’tibordan chetda qolib ketgan, qiz va uning oilasiga esa hech qanday yordam ko‘rsatilmagan, agar o‘sha vaqtning o‘zida yordam qilinganda edi, qiz har holda 3 oydan beri shifoxonada davolanmayotgan bo‘lardi. Yo bu holat mahalliy rasmiylar tomonidan Respublika idoralariga o‘z vaqtida katta signal sifatida yetkazilmagan yo ish ortida boshqa narsa bordek. 

Avvaliga qizning Angren shahar Bolalar shifoxonasida o‘tkir artrit, ikki tomonlama bronxopnevmaniya, oqsil energetik yetishmovchilik, anemiya og‘ir darajasi, sepsis kabi kasalliklardan davolanayotgani aytildi. Bu kasalliklar esa surunkali bo‘lib, ularning hech biri jinoyat hodisasi oqibatida yuzaga kelmagan.

Oradan ko‘p o‘tmay, Bosh prokuror o‘rinbosari Isroil Adhamov va Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxongova Angrenga borib, qizning oila a’zolari, shifokorlar bilan suhbatlashib, uni Toshkent shahridagi ixtisoslashtirilgan tibbiy muassasaga ko‘chirishga qaror qildi. 

Bu orada esa holatni alohida nazoratga olgan Ijtimoiy himoya agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun jazo choralari yanada kuchaytirilishini aytib chiqdi. 

Mirziyoyevaning aytishicha, Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga:

  • bolalarga ziyon yetkazgan shaxslarga nisbatan jazoni kuchaytirish;
  • zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ygan shaxslarga bolalar bilan ishlash huquqini umrbod taqiqlash;
  • javobgarlikni tez va samarali ta’minlash uchun yagona tartibdagi tezkor protokollarni joriy etish bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritilishi ustida ish olib borilmoqda

Shu o‘rinda bir masalaga ham alohida to‘xtalib o‘tish joiz: haqiqatdan Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga aynan voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan qo‘llanilgan zo‘ravonliklarga nisbatan jazo choralarini kuchaytirish bo‘yicha o‘zgaritirishlar kiritilayotgan bo‘lsa, unda bu o‘zgarishlar bog‘cha yoshidagi bolalarga nisbatan alohida ko‘rib chiqilishi kerak. Xususiy bog‘chada tarbiyasi qo‘lida qurbon bo‘layotgan himoyasiz bolalarning o‘ligi ko‘z o‘ngimizda. Ularni o‘ldirganlarning biri 6 yilda, ikkinchisi 3 yilda qamoqdan chiqib keladi. Odamlarning esa adolatga, sudga ishonchi so‘nadi, “samosud”larga yo‘l ochiladi. Albatta, baxtsiz hodisalar sabab o‘limlar bundan mustasno, ammo qasddan yetkazilgan jarohat oqibatida bolalarning vafot etishi allaqachon mamlakatning kattayu kichik rasmiylarini o‘ylantirishi kerak. 

Angrenda zo‘rlangan qizga kelsak, hech bir idora hali bu ishni kimlar qilgani, sud-tibbiyot ekspertizasi o‘tkazilgan yo yo‘qligi, to‘rtovlonning shaxsi aniqlanib, protsessual tartibda ushlanganmi yo yo‘q, bu haqida ma’lumot bermadi. Hamon tergovga oid bunday ma’lumotlarning berilmayotgani tergov sirimi yo jinoyatni fosh etishning issiq izlari allaqachon yo‘qolib bo‘lganidanmi? Bu savol hozir ko‘ndalang. 

Ayni masala muhokama qilinayotgan bir paytda esa Moksvadan Toshkentga kelayotgan samolyotda o‘zbekistonlik erkak ayol yo‘lovchilardan biriga shahvoniy shilqimlik qilgani aniqlandi. 

Gapr 1985 yilda tug‘ilgan 40 yashar fuqaro haqida ketmoqda. U reys davomida yo‘lovchi ayolga bir necha bor teginib, nomaqbul harakatlar qilgan. Ayol unga ogohlantirish bergan, ammo erkak shunga qaramay o‘z harakatlarini davom ettirgan. Erkakning harakatlariga bort kuzatuvchisi guvoh bo‘lgan. 

Erkak sudda qilgan ishidan pushaymonligini bildirgan va mast holatda bo‘lgani sababli o‘zini tutolmaganini aytgan. 

Sud erkakning ijtimoiy holatini inobatga olib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-prim 1-moddasi (shahvoniy shilqimlik qilish) 1-qismi bilan 3 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlagan. Shu bilan birga, erkak qamoqda saqlash xarajatlaridan ozod etilgan. Bu kishimning samolyotda uchishga, ichishga pullari bor, lekin qamoq xarajatlarini to‘lashga pullari yo‘q. Ichadi, birovning ayoli yo qiziga shilqimlik qiladi, qamaladi, uning qamoq xarajatlarini ham xalq gardaniga tushadi. Yashang, erkak, yashang! 

Samolyotdagi bu holatga ko‘z yumarmiz, mastligiga yo‘yarmiz, lekin shifoxonaga dardiga darmon izlab borgan ayol-qizlarga shilqimlik qilib, oq xalatiga dog‘ tushirayotgan shifokorlarga-chi, ularning qilg‘iliqlariga nima deyish kerak? 

Gap shundaki, joriy yilning 17 iyul kuni RSHTYOIM Toshkent viloyat filialining 44 yashar shifokori bemor ayol davolanayotgan palataga kirib, unga ko‘rikdan o‘tkazish bahonasida tegajog‘lik qilgan. Shifokor avval deraza va eshiklarni yopgan, keyin esa ayolning tanasiga bir necha bor tegingan. Ish bo‘yicha hujjatlar sudga oshirildi va shifokor Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi (shahvoniy shilqimlik qilish) 1-qismi bo‘yicha aybli deb topilib, unga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan. Shifokor sudda o‘z aybini tan olib, qilgan ishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini bildirgan va bemor hamda uning oila a’zolaridan uzr so‘ragan.

Bizga, bizning millatga nima bo‘lyapti o‘zi? Voyaga yetmagan qizni zo‘rlasa, samolyotda yonida o‘tirgan ayolga qichiq qilib, shahvati o‘ynasa, ichkilikni ichgandan keyin o‘zini tiyishni bilmasa, shifokorlar davo istab kelgan ayollarga ko‘z olaytirsa? Bu qanaqa millat, qanaqa jamiyat? Oxiri bormi bularning? Go‘yo o‘rmonda yashayotgandekmiz va atrofimiz ko‘zi qonga to‘lganlar bilan o‘ralgan. Men o‘g‘il, aka, uka, ota va er o‘laroq ayollarga shilqimlikning badali 3 yo 5 sutka ma’muriy qamoq bo‘lishiga rozi emasman. Ey, ayollar huquqlari dedik, gender tengligi dedik, bolalarni zo‘ravonlikning har qanday shakllaridan himoya qilish dedik, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikka qarshi kurashamiz, dedik. Kurashimiz shunchalar bo‘sh, qat’iyatimiz shunchalar mortmi? Nimani kutyapmiz, nimadan qo‘rqyapmiz? Birovning guldek qizini buzib, hayotini barbod qilganlarning og‘zi qulog‘ida, oyog‘i yer tepib yuribdi. Birovning nomusi bo‘lgan ayoliga ko‘z olaytirganlar uzr-ma’zur bilan qutulyapti. Bolani o‘ldirganlar, ayovsiz do‘pposlaganlar o‘g‘rilardan kamroq jazo olyapti. Shumi adolat? Men bu adolatga rozi emasman?

Samarqandda mansabdorning noo‘rin harakati oshkor bo‘ldi

Men sizga andishasizlik, uyatsizlik, tarbiyasizlik ayrim idoralargacha kirib borgan va o‘sha idoralarning ayrim rahbarlari o‘z ish joyini, xalq to‘lagan soliqlardan oylik olayotgan idorasini ishratxonaga aylantirib olgan, desam ishonasizmi? 

Shu hafta ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasining mansabdori Zoom platformasida o‘tkazilgan majlis vaqtida bir ayol, katta ehtimol hamkasbi bilan o‘zini noo‘rin tutgani, to‘g‘rirog‘i ayolni quchoqlab, tizzasiga o‘tkazib olgani aks etgan tasvirlar tarqaldi. Mansabdor kamera yoniq ekanini unutgan, uning jirkanch xatti-harakatlarini majlisda ishtirok etayotgan boshqa ishtirokchilar ko‘rgan va bu holatni suratga olishga ulgurgan. 

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi munosabat bildirdi. Biroq, biyonotda xodimlarning shaxsi va voqea sodir bo‘lgan hududga aniqlik kiritmagan, lekin erkak va ayol bilan mehnat shartnomasi bekor qilingani aytildi. 

Ijtimoiy tarmoq esa ushbu mansabdor shaxs 2023 yil dekabr oyidan buyon Kattaqo‘rg‘on tumani Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgani haqida so‘z bordi. 

Vazirlik o‘z tizimida xizmat intizomi va odob-axloq qoidalari buzilishiga nisbatan mutlaqo murosasizlik prinsipiga amal qilishi urg‘ulandi. Xo‘sh, bu murosasizlik nima? Kelasi safar bunday ishlarni kamera yo‘q joylarda yoki Zoom kamerasi o‘chirilganda qilish bilan bog‘liq ogohlantirish berishmi? O‘zi nega bunday harakatlarni sodir etayotganlar aynan shu tizimdan chiqyapti. Agar murosasiz kurash va xodimlar ustidan doimiy nazorat bo‘lsa, vaziyat boshqacha bo‘lishi kerak emasmidi? Odamlar shu yilning aprel oyida Andijon shahar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari xizmat xonasida nasha chekib o‘tirganini unutgani yo‘q. Agar o‘shanda bunday holatlar bilan murosasiz kurashilganda edi, bugun yana bir sharmandalikning qarshisidan chiqmasdingiz, janoblar! 

Olmazor va Navoiyni tutun qopladi

21 iyul kuni Toshkentning Olmazor tumani aholisining uyqisini zaharli tutun buzdi. Yarim tunda tumanning katta qismini zaharli tutun tumandek qopladi. Hatto, portlash sodir bo‘lgani haqidagi gaplar ham quloqqa chalindi. 

Tongga kelib Favqulodda vaziyatlar vazirligining xabar qilishicha, tumanning Uzumbog‘ ko‘chasida havodan oltin gugurt hidi kelayotgani haqida xabar kelib tushgan. FVBning Radiatsion, kimyoviy va tibbiy-biologik himoya bo‘limlari aytilgan manzilga yetib borgan.

FVV ma’lumotlarida qayd etilishicha, omborxonada joylashgan (yomkost) sig‘imdan perekis vodorod moddasi ochiq havoga sizib chiqishi kuzatilgan. Biroq vazirlik portlash sodir bo‘lgani haqida miq etmagan. Zararlangan, zaharlanganlarga qanchaligi va ularga qanday yordam ko‘rsatilganiga ham aniqlik kiritmagan.

FVV surishtiruv ishlari olib borilayotganini bildirgan, biroq oradan bir haftaga yaqin vaqt o‘tsa ham bu surishtiruvlar natijalarini e’lon qilmadi. 

Toshkent shahar FVB Radiatsion, kimyoviy va tibbiy-biologik himoya bo‘limlari tomonidan ushbu holat soat 04:00 da to‘liq bartaraf etilgan. Sig‘imdan izib chiqqan perekis vodorod miqdori, keltirilgan zarar, ombor kimga tegishli bo‘lgani, voqea sabablari ochiqlanmadi. 

19 iyul kuni ertalab esa Navoiy viloyatining Navoiy shahri hududini changsimon tutun qopladi. Viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tomonidan olib borilgan tahlillarda atmosfera tarkibida ammiak 1,4 barobar hamda vodorod sulfid 16,8 barobar me’yordan yuqoriligi aniqlangan.
Bundan tashqari, viloyat Gidrometeorologiya boshqarmasining tahliliy laboratoriyasi tomonidan olingan tahlillar natijasida 1-kuzatuv posti (Zulfiya ko‘chasi)dan uglerod ikki oksidi 1,04 marotaba, ammiak 1,1 barobar yuqoriligi, 2-kuzatuv posti (Me’morlar ko‘chasi)da ammiak 1,2 barobar yuqoriligi aniqlangan.

Tarmoqlarda ko‘pchilik ushbu tutun “Navoiyazot” AJ hududidan chiqayotgani haqida yozdi, ammo jamiyat ushbu iddaolarni rad etdi. Jamiyatga ko‘ra, ushbu tutun g‘arbiy hududdan (Navoiy xalqaro aeroporti tomondan) havoga ko‘tarilgan hamda changsimon tutun shamol yo‘nalishi bo‘ylab korxona usti va atrofidan o‘tib, keyin butun shaharga tarqalgan.

“Navoiyazot” ham anoyi emas ekan, aytganida turib oldi va uni isbotlashga kirishdi. Korxona O‘zbekiston ekologik partiyasi viloyat Kengashi mutasaddilari bilan vaziyatning asl sababini o‘rgandi. Ushbu holatning “Navoiyazot”AJ faoliyati bilan bog‘liq emasligini isbotlash maqsadida korxonaning ammiakli selitra ishlab chiqarish sexi hududiga zudlik bilan qo‘shimcha kuzatuv kamerasi o‘rnatildi. Videoda esa changsimon tutun sobiq Navoiy elektrokimyo zavodi o‘rnida qurilgan korxonalardan chiqayotganini ko‘rish mumkin.  

Biroq, “Navoiyazot”ning bu isbotidan keyin mutasaddi idoralar shaharni ifloslanishiga, zaharli tutun bilan to‘lishiga sabab bo‘layotgan korxonalarga qanday choralar ko‘rilgani, bu korxonalar qanday faoliyat bilan shug‘ullanishiga aniqlik kiritgani yo‘q. Aksincha, Navoiy viloyat hokimligi Navoiy telekanalidagi vaziyatni xastpo‘shtlash bilan band. 

“O‘zbekiston 24” kabi byudjetdan kun ko‘radigan telekanallar Navoiydagi voqea haqida miq etmay turgan paytda Navoiy viloyat teleradiokanali jurnalisti Ruxsora Boboqulova tonggi dasturni xuddi shunday boshladi. Biroq, uning bu chiqishidan keyin kanal efirdan uzib qo‘yilgani, jurnalistga bosib bo‘layotgani ijtimoiy tarmoqlarda kun mavzusiga aylandi. Navoiy viloyat hokimiyati esa efirga uzilmagani, faqat teleradiokanal studiyasida  jihozlash ishlari olib borilgani hamda LED ekran o‘rnatilgani bois, kunning ikkinchi yarmiga qadar vaqtincha onlayn efirlar to‘xtatib qo‘yilgani, jihozlash ishlari tugagach, 24 iyul kuni jonli efir tiklanganini bildirdi. 

Qayd etilishicha, Ruxsora Boboqulovaga ham hech qanday tazyiq o‘tkazilmagan va u ayni paytda o‘z ijodiy faoliyatini davom ettirmoqda. 

O‘rmon yog‘inlari ko‘paydi

Bu hafta baxtsiz hodisalarning ko‘pligi, yong‘inlar bilan ham esda qolmoqda. Avtobus va avtomobillarning yonib ketganini qo‘ying, xorijiy mamlakatlarda kuzatiladigan o‘rmon yong‘inlari ham O‘zbekistonga yetib keldi. 

23 iyul kuni Surxon davlat qo‘riqxonasida yong‘in chiqdi. FVV ma’lumotlariga ishonilsa, qo‘riqxonada quruq o‘t yongan va u 9 soat o‘tib o‘chirilgan. Jarohatlanganlar va jabrlanganlar yo‘q. 

Xuddi shu kuni Toshkent viloyati Qibray tumanida uy va qurilish mollari do‘koni yondi. Yong‘in chaqnash sodir bo‘lishi oqibatida kelib chiqqan. Ikki holatda ham FVV yong‘in qancha maydonda sodir bo‘lgani va zararlari haqida ma’lumot bermagan. 

Oradan bir kun o‘tib, 24 iyul kuni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani hududidagi 2 gektar yer maydonida quruq o‘t yondi. Yong‘in oqibatida havoga ko‘tarilgan tutun poytaxt Toshkentdan ham payqaldi. Alanga 6,5 soat deganda bartaraf qilindi. Yong‘inni o‘chirish uchun vertolyot ham jalb qilingani aytildi. Xuddi shunga o‘xshash yong‘in o‘sha kunning o‘zida poytaxt Toshkentning Mirzo ulug‘bek tumanida ham kuzatildi. Anaybuloq ko‘chasidagi ochiq maydonda quruq o‘t  va shox-shabba yongani aytildi. 

Albatta, yong‘inga ko‘p holatlarda issiq ob-havo, elektr tarmog‘idagi uzilishlar va katta kuchlanishdagi ulanishlar sabab bo‘lmoqda. Biroq, bular haqida hozirgacha O‘zbekistonda rasmiy tahlillar berilmagan. Mamlakatdagi yong‘inlarning qanchasi aynan elektr kuchlanishi sabab sodir bo‘lishi, ularning oqibatlari va kompensatsiya masalalari doimiy ravishda rasmiylar tomonidan e’tiborsiz qoldirib kelinadi. Poytaxt Toshkent esa tugayotgan haftada elektrdagi uzilishlar borasida old o‘rinlarda bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlar esa ogohlantirishlarsiz elektr tarmog‘idan uzishlar, odamlar hatto, 8-10 soatlab chiroqsiz uyda o‘tirgani, oqibatda maishiy texnikalarning buzilishi kabi murojaatlarga to‘lib ketdi. Ammo bu murojaatlar ham javobsiz, soha rasmiylari go‘yo odamlarning ovozini eshitmayotgandek, eshitgisi ham kelmayotgandek. 

Olmazor tumani esa “svet” ogohlantirish o‘chishi borasida ilg‘or. Buni hatto shu tumanda istiqomat qiluvchi aktyor Mehriddin Rahmatov ham aytib chiqdi. 

Mehriddin Rahmatovning ushbu videomurojaati Toshkentdagi ko‘plab fuqarolarning arzlarini o‘zida ifoda etadi. Hamma ham ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat qilib chiqa olmasligi mumkin, ammo elektr energiyasidagi uzilishlar faqat bir shaxs, bir mahalla yo bir ko‘chani, boring ana, bir tumanni qiynamayotgani ham bor gap. Xo‘sh, siz yashab turgan hududda ahvol qanday?

Mubashshir Ahmad ishi sudga chiqarildi

Diniy olim va bloger, “Azon Global” axborot-tahliliy portali asoschisi Mubashshir Ahmad (Alisher Tursunov)ga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tamomlanib, sudga oshirildi. Bu haqda uning advokati Ruslan Sodiqov Facebook’dagi sahifasida ma’lum qildi.

Alisher Tursunovga nisbatan 2023 yil 11 avgust kuni 244-3-moddasi (Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Advokatning bildirishicha, ushbu qilmish jinoyat sifatida malakalanishi uchun oldin ayni shu harakat uchun ma’muriy jazo qo‘llanilgan bo‘lishi kerak. Biroq u mijoziga nisbatan bunday ayblov bilan ma’muriy javobgarlikka qo‘yilgan-
 
O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, har qanday diniy mazmundagi material O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha Qo‘mitasining xulosasi asosidagina tayorlanishi, saqlanishi va tarqatilishi mumkin. Ushbu qoida buzilishi dastlab ma’muriy jazo, undan keyin bir yil ichida takroran sodir etilgan taqdirda jinoiy javobgarlikka tortishga sabab bo‘ladi. 

Advokatga ko‘ra, Mubashshir Ahmad domla “Azon tv” kanalida olib borgan diniy, ma’rifiy faoliyati davomida 2023 yilda Diniy qo‘mita xulosasini olmasdan diniy mazmundagi materialni ushbu kanal orqali tarqatgani uchun ma’muriy jazoga tortilgan. 2023 yilda bu holat takroriy sodir qilingan deb topilib, jinoyat ishi qo‘g‘atilgan. Advokatning aytishicha, Mubashshir Ahmad o‘ziga nisbatan javobgarlik belgilanganidan bexabar bo‘lgan va u Turkiyada yashayotgan davrida unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan. 

2023 yil 10 noyabr kuni Ustoz Mubashshir Ahmadga nisbatan sirtdan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llash haqida sudga iltimosnoma kiritilgan. Sudning ayni shu kungi ajrimi bilan iltimosnoma rad qilingan va ehtiyot chorasi o‘zgarishsiz, munosib hulq atvordagi tilxat orqali ochiqda qoldirilgan hamda jinoyat ishi harakatdan to‘xtatilgan. 

2025 yil 11 may kuni Mubashshir Ahmad ushlangan va uga nisbatan Jinoyat kodeksi 244-1-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan qo‘shimcha ayblov e’lon qilingan. Advokatning yozishicha, mijozi ushlanishida va tergov jarayonida o‘zi tomonidan yollangan himoyachilar xizmatidan foydalanishni talab qilgan, lekin talab bajarilmagani sababli, tergov harakatlariga oid hujjatlarni imzolashdan bosh tortgan. 

“Himoyachilar tergovchiga ayni shu kuni bir necha marotaba aloqaga chiqqan va hatto qisqa xabarlar jo‘natgan, lekin tergovchi e’tiborsiz qoldirib, ustoz (Mubashshir Ahmad)ga nisbatan ayblovni to‘ldirish va so‘roq qilish, qamoqqa olish haqidagi iltimosnoma kiritish harakatlarini davlat hisobidan ta’minlanadigan advokat xizmati yordamida davom ettirgan.  

Mubashshir Ahmadga nisbatan ushbu qo‘yilgan ayblovga Telegram'dagi “Mubashshir Ahmad” nomli kanalga joylashtirilgan “Ulamolarning Isroilga qarshi jihod fatvosi nimani anglatadi?” nomli videodagi suhbat asos bo‘lgan. Lekin, ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish haqidagi qarorda ayblov uchun faqat Din ishlari bo‘yicha Qo‘mitaning xulosasi, ya’ni, materialning aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilganligini tasdiqlovchi dalil ko‘rsatilgan bo‘lib, jinoyatning zaruriy belgisi – uning maqsadini aks ettiruvchi belgilarga oid hech qanday ekspertiza xulosasi dalil sifatida e’tirof etilmagan”, deydi advokat. 

2025 yil 14 may kuni jinoyat ishining dastlabki tergovi O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik Xizmati Tergov boshqarmasiga o‘tkazilgan. Mubashshir Ahmad esa Davlat xavfsizlik xizmatining tergov hibsxonasi haqida umuman boshqacha tasavvurda bo‘lgani, aksincha, u yerda olimga nisbatan qo‘pol munosabat, jismoniy va truhiy tazyiq, bosim bo‘lmagani, hurmat bilan munosabat ko‘rsatilganini e’tirof etgan. 

Advokatga ko‘ra, tergov jarayonida Tursunovning “Azon Global” xalqaro mediakanali va ijtimoiy tarmoqdagi boshqa kanallaridagi materiallar tekshirilgan va natijada ularning faoliyatida O‘zbekiston Respublikasiga qarshi jinoyatlar, tinchlik va xavfsizlikka qarshi og‘ir jinoyatlar sodir etilmagani o‘z tasdig‘ini topgan. 

Istisno sifatida Isroilning G‘azoda sodir etayotgan genotsidiga oid berilgan fikrlari va ba’zi boshqa holatlarga oid fikrlarida ekspertiza xulosasiga ko‘ra milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish jinoyati alomati aniqlanib, ayblov Jinoyat kodeksining 156-moddasi 2-qismi bilan to‘ldirilgan. 

Himoyachining aytishicha, Alisher Tursunov diniy mazmundagi materialni tarqatish uchun Turkiya Respublikasida faoliyat ko‘rsatganligi sababli, Din ishlari bo‘yicha Qo‘mitadan xulosa olish zaruriyati yo‘q deb o‘ylagan, chunki hududiylik jihatidan media faoliyatini xorijda olib borgan. Qolaversa, advokat mijoziga qo‘yilgan ayblovlar va uning mediamateriallari ustidan o‘tkazilgan ekspertizalar bo‘yicha ekspertlarga juda ko‘p savollari borligini bildirgan. 

“Milliy, etnik, irqiy va diniy adovat qo‘zg‘atishga oid jinoyat bo‘yicha ham ekspertiza xulosalari yuzasidan Jinoyat protsessual kodeksida belgilangan tortishuvchanlik va haqiqatni aniqlash prinsiplari ustuvorligi ta’minlanishi uchun qonuniy imkoniyatlarimizdan to‘liq foydalanamiz”, deb yozdi advokat.

Prezidentni haqorat qilgan o‘zbekistonlik Ozarbayjonda qo‘lga olindi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish bilan bog‘liq jinoyatni sodir etganlikda ayblanayotgan o‘zbekistonlik Omonbek Yusupov Ozarbayjon poytaxti Bakuda ushlandi va Toshkentga ekstraditsiya qilindi. 

43 yoshli Yusupov davlatlararo qidiruvga berilib, joriy yilning aprel oyida Ozarbayjonda hibsga olingan. Unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. 

2002 yil 7 oktyabrda qabul qilingan “Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar to‘g‘risida”gi Konvensiyaga asosan, ayblanuvchining ekstraditsiyasi to‘g‘risida qaror qabul qilinib, fuqaro O‘zbekistonning vakolatli organlariga Ozarbayjon Adliya vazirligi Penitensiar xizmatining maxsus konvoyi kuzatuvida topshirilgan.

2021 yilning 30 mart kuni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 158-moddasiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini omma oldida haqoratlash yoki unga tuhmat qilish, shuningdek, matbuot yoki boshqa ommaviy axborot vositalaridan, telekommunikatsiya tarmoqlaridan yoki Internet butunjahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda uni haqoratlash yoki unga tuhmat qilish — uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Farg‘onada shifokor bemorning sog‘lom oyog‘ini kesib tashladi

Oxirgi vaqtlarda o‘zbekistonliklarni ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlardan shikoyatlari ortgandan ortgan. Xususiy va davlat shifoxonalaridagi o‘limlar, sifatsiz tibbiy xizmat, natijasi operatsiyalar, tug‘uruxonalardagi bolalar va onalar vafoti tag zamirida sohaning uzoq yillar davomida korrupsiyalashgani yotibdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Zotan rasmiy tahlillarda ham Sog‘liqni saqlash mamlakatdagi eng korrupsiyalashgan tizim sifatida ro‘yxatning boshidan o‘rin olib keladi. 

Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya markazining Farg‘ona filiali Xirurgiya bo‘limi boshlig‘i bemorning zararlangan chap oyog‘ini kesish o‘rniga ikkala oyog‘ini ham kesib tashladi va bu orqali uning o‘limiga sababchi bo‘ldi. 

O‘tgan yilning 18 oktyabr kuni bemor farzandlari tomonidan mazkur muassasaga olib kelingan. Unga “ikkinchi tur qandli diabetning og‘ir shakli, dekompensatsiya bosqichi, DTS neyroishemik turi, Vanger-4, chap oyoq boldir qismidan amputatsiyadan keyingi holat, tizza bo‘g‘imining maydalanib sinishi” tashxisi qo‘yilgan.

Aynan ushbu bemor shifoxonaga keltirilgan vaqtda xirurgiya bo‘limi boshlig‘i ta’tilda bo‘lgan. Uning vazifalari vaqtincha boshqa shifokor zimmasiga yuklatilgan.

Ta’tilga bo‘lishiga qaramay, xirurgiya bo‘limi boshlig‘i vaqtinchalik bo‘lim rahbarini tajribasiz deb hisoblab, uni chetga surib, bemorga jarrohlik muolajasini o‘z tashabbusi bilan amalga oshirishga qaror qilgan. U tibbiy ko‘rsatkichlar mavjud bo‘lmagan holda “chap son sohasini amputatsiya qilish” rejasini ishlab chiqib, bu hujjatni vaqtincha rahbar, ya’ni D.R. nomidan rasmiylashtirgan.

2024 yil 19 oktyabrda o‘tkazilgan operatsiyada ta’tildagi shifokor o‘z tanlovi asosida tayinlagan xodimlar va mutaxassis bo‘lmagan talabalar bilan birga ishtirok etgan. Ammo amaliyot paytida bemorning kasallikka aloqasi bo‘lmagan o‘ng oyog‘i son qismidan kesilgan. Keyinroq bemorning chap oyog‘i ham kesib tashlangan va bunga bemorning biror qarindoshidan ruxsat olinmagan. 

Bir vaqtda ikki og‘ir operatsiya va sog‘lom a’zo kesilishi oqibatida bemor 2024 yilning 7 noyabr kuni vafot etgan.

Quva tuman sudining 2025 yil 6 maydagi hukmi bilan ta’tilda bo‘lgan shifokor Jinoyat kodeksining 116-moddasi (kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybdor deb topilgan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 45-moddasi (muayyan huquqdan mahrum qilish) asosida 4 yilga ozodlikdan mahrum etish va 3 yil sog‘liqni saqlash tizimida rahbar yoki shifokor sifatida ishlash huquqidan mahrum etish jazosi tayinlangan.

Jinoyat ishi Farg‘ona viloyati sudi apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilgan. Shifokor o‘zi bergan shikoyatda o‘z harakatlarini jinoiy deb hisoblamasligini, bemorning vafoti uning amaliyoti bilan bog‘liq emasligini ta’kidlab, sud hukmini bekor qilish va oqlashni so‘ragan.

Sud apellyatsiya instansiyasi tomonidan dastlabki qaror o‘z kuchida qoldirilgan va shikoyatlar inobatga olinmagan.

DXX raisi Afg‘onistonga bordi

O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi, general-polkovnik Bahodir Qurbonov Afg‘oniston poytaxti Qobulga borib, “Tolibon” muvaqqat hukumati rahbariyati bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi. 

“Tolibon” Milliy mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchisi Mulla Muhammad Yoqub bilan o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston delegatsiyasi mamlakatdagi umummilliy xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyotdan mamnunligini bildirib, ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash muhimligini qayd etgan. 

“Tolibon” vakili esa O‘zbekiston hukumatining Afg‘onistonga nisbatan xalqaro miqyosdagi ijobiy pozitsiyasini yuqori baholab, ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi aloqalar kengayib borayotganini alohida ta’kidlagan. Tomonlar chegara sohasidagi hamkorlik, aloqalarni yo‘lga qo‘yish va boshqa tegishli masalalar yuzasidan fikr almashgan.

“Tolibon” muvaqqat hukumatining Razvedka xizmati raisi Abdul Haq Vosiq bilan uchrashuvda muzokaralar davomida mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, Afg‘onistonni halqaro munosabatlarning to‘laqonli a’zosiga aylantirish bo‘yicha sa’y-harakatlar davom ettirilayotgani xususida so‘z borgan. 

Muloqotda O‘zbekiston va Afg‘oniston chegaralarida daxlsizlikni saqlash, chegara punktlarida kirish-chiqish rejimini yanada takomillashtirish, narkotik moddalar noqonuniy aylanmasiga hamda terrorizmga qarshi kurash yo‘nalishlarida hamkorlik masalalari muhokama qilingan. 

Bu O‘zbekiston rasmiylarining Afg‘onistonga ilk tashrifi emas. So‘nggi 3 yilda “Tolibon” bilan aloqalar rivojlanib bormoqda. Sardor Umurzoqov, Ismatulla Irgashev, Baxtiyor Saidov kabi Toshkentning bugungi pozitsiyasini aks ettiruvchi rasmiylar bir necha bor Qobulda mehmon bo‘lib, “Tolibon” bilan muzokaralar stoliga o‘tirgan. 

O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev esa birinchi marta joriy yilning 3 iyul kuni Xonkendi shahrida o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati Bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Mulla Abdul G‘ani Barodarni qabul qildi. Aynan o‘sha sanada Rossiya Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumatini tan olgan dunyodagi birinchi davlat bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Jinoyat Navoiy Shavkat Mirziyoev DXX Bahodir Qurbonov FVV Turkiya Samarqand jinsiy zo'ravonlik IIB Shahnoza Mirziyoeva Angren Olmazor Isroil Zoom Mubashshir Ahmad G'azo Bolalar ombudsmani Isroil Adhamov zaharli tutun Alisher Tursunov Mulla Muhammad Yoqub El'mira Bositxongova RShTYoIM Kambag'allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi oltin gugurt O'rmon yog'inlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing