Isroil haddidan oshdi. Yevropa vanihoyat sanksiya qo‘llamoqchi
Tahlil
−
25 may 2214 4 daqiqa
2023 yil oktyabridan buyon to‘xtamay kelayotgan Isroil–Falastin mojarosi yana xalqaro kun tartibining markaziga chiqdi. So‘nggi kunlarda Isroil hukumati falastinlik mahbuslarga nisbatan o‘lim jazosini qo‘llashga ruxsat beruvchi qonunni amalga kiritdi. Shu bilan birga, G‘azoga gumanitar yordam olib borayotgan faollarga nisbatan qilingan munosabat ham dunyo jamoatchiligining keskin noroziligiga sabab bo‘ldi. Ayni paytda, AQSH Prezidenti Donald Tramp tashabbusi bilan tuzilgan Tinchlik kengashi G‘azo bo‘yicha yangi 15 bandli rejani taqdim qildi.
Isroil tomonidan G‘azoga gumanitar yordam yetkazishga uringan “Sumud” harakati faollari qo‘lga olindi. Bu jarayon aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqatildi. Kadrlarda faollar qo‘llari qayrilgan holda olib ketilayotgani, keyin esa beton maydonda tiz cho‘ktirilib, boshlarini yerga egishga majburlanayotgani ko‘rinadi. Videoda, shuningdek, milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvirning qo‘riqchilarga “ularning qichqiriqlariga e’tibor bermang” deya aytgani ham eshitiladi.
Ben-Gvir mazkur video ostida “Terrorizm tarafdorlarini shunday qarshi olamiz” deya izoh qoldirgan. Bu holat xalqaro miqyosda katta rezonans berdi. Hatto Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham Ben-Gvirning harakatlarini tanqid qildi. Netanyaxu Isroil o‘z hududiy suvlarini himoya qilish huquqiga ega ekanini ta’kidlar ekan, faollarga nisbatan qilingan munosabat “Isroil qadriyatlariga mos kelmasligi”ni aytdi.
Isroil Tashqi ishlar vaziri Gideon Sa’ar esa Ben-Gvirni “davlat imijiga zarar yetkazuvchi shou tashkil qilish”da aybladi. Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Ivett Kuper bu videoni “inson qadri va sha’niga qarshi holat” deb atadi. Italiya Bosh vaziri Jorja Meloni esa Italiya fuqarolari ham tahqirlanganini bildirib, Isroildan rasmiy uzr talab qildi. Shuningdek, Kanada va Niderlandiya ham Isroil elchilarini chaqirishini ma’lum qildi.
Shu orada Isroilda “terrorchilik harakatlari” uchun o‘lim jazosini qo‘llashga oid yangi qonun amaliyotga tatbiq etildi. Mamlakat Markaziy harbiy okrugi qo‘mondoni tomonidan imzolangan tuzatishga ko‘ra, Isroil davlatining mavjudligini inkor etish yoki qurolli harakatlarda ishtirok etishda ayblangan shaxslar o‘lim jazosi yoki umrbod qamoq bilan jazolanishi mumkin. Isroil Mudofaa vaziri Israel Kats bu qarorni 2023 yil 7 oktyabrda HAMAS amalga oshirgan hujumlarga “javob chorasi” sifatida baholadi.
Qonun, asosan, G‘arbiy Sohil hududida faoliyat yurituvchi falastinliklarga qaratilgani aytilmoqda. Biroq hujjatdagi ayrim ifodalar Isroil fuqarolari yoki rezidentlariga nisbatan ushbu jazo qo‘llanmasligini ko‘rsatmoqda.
Bu qaror Yevropa Ittifoqida ham keskin muhokamalarga sabab bo‘ldi. Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari G‘arbiy Sohilda falastinliklarga qarshi zo‘ravonlikda ayblanayotgan isroillik ko‘chmanchilarga qarshi sanksiyalarni ma’qulladi. Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Kaya Kallas sanksiyalar nafaqat isroillik radikallarga, balki HAMAS rahbariyatiga ham qaratilganini bildirdi.
Fransiya Tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barroesa G‘arbiy Sohildagi “ekstremistik kolonizatsiya”ni qo‘llab-quvvatlagan tashkilotlar va ularning rahbarlariga qarshi yanada qattiq choralar ko‘rilishini talab qildi. Ayrim Yevropa davlatlari esa Isroil aholi punktlari bilan savdo aloqalarini cheklash tarafdori bo‘lib chiqmoqda.
Isroil hukumati esa bu sanksiyalarni “siyosiy va asossiz qaror” deb baholadi. Gideon Sa’ar Yevropa Ittifoqini “faqat siyosiy qarashlari uchun Isroil fuqarolarini nishonga olish”da aybladi.
Shu bilan birga, Tramp tashabbusi bilan tashkil etilgan Tinchlik kengashi G‘azo bo‘yicha yangi “yo‘l xaritasi”ni e’lon qildi. Hujjat 15 banddan iborat bo‘lib, urushni to‘xtatish, G‘azoni qayta tiklash va mustaqil Falastin davlatini shakllantirishga qaratilgan.
Rejaning dastlabki bandlari o‘t ochishni to‘xtatish va gumanitar yordamni to‘liq ta’minlashga bag‘ishlangan. Keyingi qismlarida SAHALning G‘azodan bosqichma-bosqich chiqishi, qurolsizlantirish jarayoni va xalqaro barqarorlashtiruvchi kuchlarni joylashtirish masalalari nazarda tutilgan. Hujjatda “bir hokimiyat, bir qonun va bir qurol” tamoyili asos qilib olingan bo‘lib, faqat rasmiy Falastin tuzilmalari qurol saqlash huquqiga ega bo‘lishi qayd etilgan.
Rejaga muvofiq, G‘azoda vaqtinchalik Milliy qo‘mita tuzilib, u fuqarolik boshqaruvini amalga oshiradi. Xalqaro tashkilotlar esa xavfsizlik, gumanitar yordam va qayta tiklash ishlarini muvofiqlashtiradi.
Shuningdek, Vashingtonda o‘tgan Tinchlik kengashi sammitida Tramp O‘zbekiston, Qozog‘iston, Ozarbayjon, BAA, Marokash, Bahrayn, Qatar, Saudiya Arabistoni va Quvayt G‘azoni tiklash uchun 7 milliard dollardan ortiq yordam ajratganini ma’lum qildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev esa O‘zbekiston G‘azoda uy-joylar, maktablar va shifoxonalar qurilishiga hissa qo‘shishga tayyorligini bildirgandi.
Biroq ayrim tahlilchilar mazkur rejaning amalga oshishiga shubha bilan qaramoqda. Ularga ko‘ra, HAMAS qurolsizlanishdan bosh tortsa, G‘azodagi tiklash ishlari yana uzoq muddatga kechikishi mumkin.
Voqea tafsilotlari bilan batafsil tanishish uchun QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasi orqali ushbu videoni tomosha qiling.
Live
Barchasi