Davlat tomonidan vaqtida ish o‘rinlari yaratilmadi – Ortiqova

Jamiyat

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari, sobiq Senat raisi o‘rinbosari Svetlana Boymirzayevna Ortiqova mamlakatdagi ishsizlik muammosi, buning ortidan kelib chiqqan jinoyatchilikda o‘zini ham aybdor his etadi. Bu haqda u bugun, 11 dekbar kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi. 

“Jinoyat yo‘liga kirgan shaxslar paydo bo‘lishida shaxsan o‘zimning ham aybim bor deb hisoblayman. Nimaga? Davlat tomonidan vaqtida ish o‘rinlari yaratilmadi. Yoki qo‘ni-qo‘shni, yaqinlarim holidan xabar olmagandirman. Yomon yo‘lga kirayotgan yoshlarni bu yo‘ldan qaytarmagandirman. Inson jinoyatchi bo‘lib tug‘ilmaydi. Bunday bo‘lib o‘sishiga atrof-muhitning, befarqlikning hissasi katta bo‘ladi.

Befarq bo‘lmaylik. Bolani yoshlikdan tarbiya qilish kerak. Unga alohida e’tibor berish zarur. Farzandlarimiz ko‘proq kitob o‘qishi lozim. Kitob berilgan qo‘l qurol olmaydi”, deydi Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova.
 
Unga ko‘ra, jazoni ijro etish muassasalarida jazoni o‘tayotgan 575 nafar shaxslar afv etilib, shundan 361 nafari jazodan ozod etildi va 214 nafarning o‘talmagan jazo muddati 1/4 qismiga qisqartirilgan.

Ulardan 257 nafariga pasportlarini muddatlari tugaganligi, yo‘qolganligi hamda yaroqsiz holga kelganligi sababli biometrik pasportlar berildi. Shu bilan birga, 1 nafar chet el fuqarosiga hamda 1 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga O‘zbekistonda doimiy yashash guvohnomasi rasmiylashtirildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda afv etilganlarning 361 nafari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Tibbiy ko‘rik xulosasi asosida ularning 24 nafariga davolash muolajalari olib borilib, sil kasalligiga chalingan 1 nafar shaxs Toshkent shahar Olmazor tumani silga qarshi kurashish dispanseri hisobiga olindi va belgilangan davo muolajalari davom ettirilmoqda. Shuningdek, 6 nafar shaxsga nafaqa tayinlandi.

Afv etilgan shaxslarga mahalliy hokimliklar huzuridagi “Maxsus komissiya”lar va “Ijtimoiy ko‘nikma markaz”lari tomonidan 419,8 mln so‘m miqdorida moddiy yordam ko‘rsatildi.

Mehnatga layoqatli bo‘lgan 326 nafar shaxslardan, 315 nafari ishga, 10 nafari o‘qishga joylashtirildi.

Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligi munosabati bilan “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi Farmonni imzolagandi. Farmonga ko‘ra, jinoiy qilmishiga chin dildan pushaymon bo‘lib, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 92 nafar mahkum afv etilib, ular erkin hayotga qaytarildi.

Davlat rahbari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiya qabul qilinganligining 27 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali marosimdagi nutqida, afv etish borasidagi farmonlar, shuningdek Jasliq qo‘rg‘onidagi koloniyaning yopilishiga to‘xtalib, shunday degan edi: \

“So‘nggi yillarda jinoyat sodir etgan shaxslarni afv etish bo‘yicha 8 ta farmon qabul qilinib, 4 mingdan ziyod shaxs jazoni o‘tash joylaridan ozod qilindi. Ana shu ishlarimizning mantiqiy davomi sifatida kuni kecha navbatdagi farmonga imzo chekdim. Unga binoan jinoiy qilmishiga chin dildan pushaymon bo‘lib, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 92 nafar mahkum afv etilib, ular erkin hayotga qaytariladi.

Bu yil Jasliq qo‘rg‘onidagi jazoni ijro etish koloniyasini yopganimiz ham ana shunday insonparvar siyosatning amaliy namunasi bo‘ldi. 

Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga pensiya va ijtimoiy sug‘urta to‘lash tartibi birinchi marta amaliyotga kiritildi. Natijada manzil-koloniyalarda jazoni o‘tayotgan pensiya yoshidagi 709 nafar mahkumga pensiya pullari to‘lab berilmoqda”.


Maqola muallifi

Teglar

Bosh prokuror Svetlana Ortiqova

Baholaganlar

41

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing