Soxta nogironlik hujjatlari mojarosi fonida Ukraina Bosh prokurori ishdan ketdi
Olam
−
22 Oktabr
4588Ukraina Bosh prokurori Andrey Kostin yolg‘on nogironlik hujjatlari bilan bog‘liq mojaro sababli lavozimidan iste’fo berishga qaror qildi. Bu haqda mamlakat Bosh prokuraturasi xabar berdi.
“Ukraina Prezidenti bugun davlat idoralari mansabdorlari tomonidan yolg‘on nogironlik hujjatlari bilan bog‘liq axloqiy jihatdan noqulay vaziyat bo‘yicha xavfsizlik kengashini o‘tkazdi. Hozirda davlatning har bir darajasida tekshiruvlar o‘tkazilmoqda va jinoyat ishlari surishtirilyapti. Men bu vaziyatda lavozimimdan ozod etilishni to‘g‘ri deb hisoblayman”, dedi Kostin.
U, shuningdek, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning yolg‘on nogironlik guvohnomasini berish bo‘yicha barcha noqonuniy qarorlarni bekor qilish pozitsiyasini to‘liq qo‘llab-quvvatlayotganini ta’kidlagan. Kostin davlat rahbariga va Oliy Radaga ishonchi uchun rahmat aytgan.
Ma’lumot uchun, avvalroq Zelenskiy mansabdorlarning nogironlik olishdagi suiiste’molliklari to‘g‘risida Ukraina xavfsizlik va mudofaa kengashini yiqqan.
“Ko‘plab qonunbuzarliklar va shubhali nogironliklar haqida faktlar aniqlandi. Men Ukraina Bosh vaziriga masalani markaziy ijroiya organlari, xususan, tegishli vazirliklar darajasida hal qilishni buyurdim. Kadrlar bo‘yicha qarorlar zarur”, degan Zelenskiy.
Davlat rahbari, shuningdek, Ukrainada nogironlik guvohnomalarini beruvchi tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarini (MSEK) tugatishni buyurgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, MSEK xodimlarining deklaratsiyalari tekshiriladi, asoslantirilmagan nogironlik qarorlari qayta ko‘rib chiqiladi va pensiya to‘lovlariga audit o‘tkaziladi. Prezident farmoniga ko‘ra, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalar 2024 yil 31 dekabrga qadar tugatiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukrainaliklar safarbarlikni kechiktirish uchun 37 ming dollarga “oq chiptalar” (sog‘lig‘i sababli harbiy xizmatdan ozod qiladigan harbiy chiptalar) sotib olayotgani xabar qilingan edi.
LiveBarchasi