Soliqchilikka oid yana bir qonun qabul qilinadi
Jamiyat
−
21 avgust 2019
5609Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e’lon qilindi.
Mazkur qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining 1994 yil 22 sentyabrda qabul qilingan 2012-XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 184-moddasining (Soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) beshinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etiladi:
“Birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxs, agar u soliq tekshiruvi materiallarini ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha davlat soliq xizmati organining qarorini yoki O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining sodir etilgan jinoyat haqidagi xabarini olgan kundan e’tiboran o‘n kun ichida moliyaviy jarimani hamda o‘ttiz kun ichida soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar, shu jumladan, penyalar tarzida davlatga yetkazilgan zararning o‘rnini to‘liq qoplasa, javobgarlikdan ozod qilinadi”.
O‘zbekiston Respublikasining 1994 yil 22 sentyabrda qabul qilingan 2015-XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritiladi:
174-modda (Soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) quyidagi mazmundagi to‘rtinchi qism bilan to‘ldiriladi:
“huquqbuzarlik sodir etgan shaxs soliqqa oid huquqbuzarlikni tan olib, davlat soliq xizmati organlarining soliqqa oid huquqbuzarlik uchun javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi qarorini olgan kundan e’tiboran o‘n kun muddat ichida moliyaviy jarimalarni ixtiyoriy ravishda to‘lasa javobgarlikdan ozod bo‘ladi”;
164-modda (Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) quyidagi mazmundagi sakkizinchi qism bilan to‘ldiriladi:
“Ushbu moddaning birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarlik sodir etgan shaxs soliqqa oid huquqbuzarlikni tan olib, davlat soliq xizmati organlarining soliqqa oid huquqbuzarlik uchun javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi qarorini olgan kundan e’tiboran o‘n kun muddat ichida moliyaviy jarimalarni ixtiyoriy ravishda to‘lasa, javobgarlikdan ozod etiladi”;
271-moddaning (Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishni istisno etuvchi holatlar) 11-bandidagi “164-moddasining birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlarida” va “174-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida,” degan so‘zlar chiqarib tashlanadi.
O‘zbekiston Respublikasining 2007 yil 25 dekabrda qabul qilingan O‘RQ-136-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritiladi:
109-modda (Soliqqa oid huquqbuzarlik uchun javobgarlikdan ozod qilish) quyidagi mazmundagi beshinchi qism bilan to‘ldiriladi:
“Soliq to‘lovchi aniqlangan soliqqa oid huquqbuzarlikni tan olib, davlat soliq xizmati organlarining soliqqa oid huquqbuzarlik uchun javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi qarorini olgan kundan e’tiboran o‘n kun muddat ichida moliyaviy jarimalarni ixtiyoriy ravishda to‘lasa, Soliq to‘lovchining mansabdor shaxslari yoki xodimlari yoxud tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi fuqarolar mazkur huquqbuzarlik uchun qonun hujjatlarida belgilangan jinoiy va ma’muriy javobgarlikdan ozod etiladi”;
197-modda (Soliq to‘lovchilar) uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etiladi:
“Yagona soliq to‘lovini to‘lovchilar bo‘lgan yuridik shaxslar soliq bo‘yicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organlariga yilning navbatdagi oyi boshlanguniga qadar o‘n ish kunidan kechiktirmasdan, yangi tashkil etilayotgan yagona soliq to‘lovini to‘lovchilar bo‘lgan yuridik shaxslar esa faoliyat boshlanguniga qadar taqdim etiladigan yozma xabarnomaga asosan ixtiyoriy asosda qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashi mumkin”;
quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan to‘ldiriladi:
“Qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tgan soliq to‘lovchilar (xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar) davlat soliq xizmati organlarida qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tishlari shart”;
218-modda (Hisobga olinadigan soliq summasi) birinchi qism quyidagi mazmundagi 6 - band bilan to‘ldiriladi:
“6) tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib beruvchilar belgilangan tartibda qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi sifatida davlat soliq xizmati organlarida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa”;
oltinchi qismining birinchi jumlasi quyidagi tahrirda bayon etiladi:
“Umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga o‘tilganda, shu jumladan belgilangan yillik aylanmaning (olingan tushumning) eng ko‘p miqdoridan oshgan va (yoki) qo‘shilgan qiymat solig‘ini ixtiyoriy to‘lashga o‘tilgan taqdirda, yuridik shaxs so‘ngi 12 oy davomida xarid qilingan tovar-moddiy zaxiralarning qoldiqlari, uzoq muddatli aktivlar bo‘yicha, shuningdek ushbu moddaning uchinchi qismida belgilangan talablarni hisobga olgan holda o‘tilgan paytdan e’tiboran realizatsiya qilish hajmiga mos keladigan ulushda qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini hisobga olish huquqiga ega bo‘ladi”;
226-1-modda (Soddalashtirilgan tartibni qo‘llashning o‘ziga xos xususiyatlari) ikkinchi qismining uchinchi xatboshidagi “bir oy oldin” degan so‘zlar “o‘n ish kunidan oldin” degan so‘zlar bilan almashtiriladi;
351-moddaning (Yagona soliq to‘lovini qo‘llashning o‘ziga xos xususiyatlari) to‘rtinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etiladi:
“Soliq to‘lovchilar yagona soliq to‘lovini to‘lashdan ixtiyoriy ravishda voz kechgan taqdirda, umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga o‘tiladigan oy boshlanishidan oldin o‘n ish kunidan kechiktirmasdan davlat soliq xizmati organlariga taqdim qilinadigan yozma xabarnoma asosida keyingi oydan boshlab umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga o‘tadi”;
354-modda (Maxsus qoidalar) to‘rtinchi qismining ikkinchi jumlasi quyidagi tahrirda bayon etiladi:
“Yuridik shaxslar qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tish uchun hisobot oyi boshlanishidan oldin o‘n ish kunidan kechiktirmasdan, yangi tashkil etilgan yuridik shaxslar esa o‘z faoliyatini amalga oshirishni boshlaguniga qadar soliq bo‘yicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organiga yozma xabarnoma taqdim etadi”.
LiveBarchasi