Davlat test markazi bu yilgi test sinovlarida ballar nima uchun yuqori ekaniga izoh berdi
Jamiyat
−
18 Sentabr 2020
47535Ma’lumki, joriy yilning 2-16 sentyabr kunlari O‘zbekistonda oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun test sinovlari bo‘lib o‘tdi. Kuni kecha test natijalari e’lon qilindi. Davlat test markazi bu yilgi testlar bo‘yicha kirish ballari nima uchun yuqori ekaniga izoh berdi.
Qayd etilishicha, 2020/2021 o‘quv yilida o‘tkazilgan davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlarida 1 million 240 614 (95,1%) nafar abituriyent ishtirok etgan. Ular orasida maksimal ball (189 ball) olganlar ham ko‘p kuzatildi.
Davlat test markazi tomonidan, test sinovlari natijalarini tahlil qilish davomida maksimal ball olgan abituriyentlar soni avvalgi yillarga qaraganda ko‘payganligi aniqlangan. Markazning qayd etishicha, buning bir necha sabablari bor.
“Ma’lumki, mamlakatda pandemiya sharoitida joriy etilgan karantin cheklovlari davrida boshqa sohalar kabi ta’limda ham, jumladan, oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga qabul test sinovlariga tayyorgarlik ko‘rish, o‘tkazish va abituriyentlarning puxta tayyorgarlik ko‘rishlarida murakkab vaziyatlar yuzaga keldi.
Holatlarni hisobga olgan holda va abituriyentlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Prezidentimiz rahbarligida, Prezident Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasida o‘tkazilgan bir qator yig‘ilishlarda kirish imtihonlarini soddalashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi hamda muhim qarorlar qabul qilindi. Shulardan kelib chiqib, kirish imtihonlari jarayonida abituriyentlar uchun yanada keng imkoniyatlar yaratildi”, deyiladi xabarda.
Abituriyentlarga bu yil quyidagi imkoniyatlar yaratilgan:
• 2019 yildan boshlab umumta’lim fanlaridan test savollari to‘plami nashr etildi va ushbu to‘plamda ishlatilgan savollar bazasining 20 foizidan ko‘prog‘i kirish test jarayonlarida foydalanildi.
• Telegram tarmog‘ida e-sinov tizimidan abituriyentlarga bepul foydalanish imkoniyati yaratildi (test sinovlariga qadar 1,4 mlndan ortiq abituriyent ushbu xizmatdan bepul foydalandi).
• Test topshiriqlari soddalashtirildi. Bunda avvallari qo‘llanilgan 4-daraja qiyinlikdagi (eng qiyin) savollar umuman olib tashlandi, bu yil ular ishlatilmadi, 3-darajali savollar soni kamaytirildi va 1-darajali savollar soni tegishli ravishda oshirildi (12 ta savol – 1 darajali, 12 ta savol – 2 darajali, 6 ta savol – 3 darajali). Shuningdek, barcha umumta’lim fanlari bo‘yicha nazariy savollarning soni ko‘paytirildi, o‘quv-laboratoriya mashg‘ulotlariga oid, rasmli, xaritali va jadvalli test topshiriqlari soni oshirildi.
• Milliy va xalqaro sertifikatlarning tegishli darajasiga, pandemiya davrida ishlab chiqilgan IELTS Indicator sertifikatiga ega bo‘lgan abituriyentlar uchun ham maksimal ball berish belgilandi.
• Xalq ta’limi vazirligi va Davlat test markazi tomonidan abituriyentlarning test sinovlariga puxta tayyorgarlik ko‘rishlari uchun “Onlayn repetitor” teledasturlari muntazam efirga uzatildi.
• Joriy yil uchun istisno tariqasida test sinovi topshiriladigan 5 ta fandan 2 ta mutaxassislik fani qoldirildi.
• Har bir to‘g‘ri deb topilgan javobga ball berish tizimi o‘zgartirilib, birinchi va ikkinchi fan uchun mos ravishda 3,2 hamda 3,1 balldan berildi, oldingi yillardagi kabi 1,1 ball berish qo‘llanilmadi.
• Test sinovlarini topshirish uchun ajratilgan vaqt me’yori oshirilib, amaldagi tartibda ko‘rsatilgan 2 soat o‘rniga 3 soat etib belgilandi.
• Test sinovi qanchalik murakkab jarayon bo‘lmasin, qayd etilgan o‘zgarish va taqdim etilgan imkoniyatlar abituriyentlarning yuqori natijaga erishishiga asosiy sabab bo‘lib xizmat qildi.
LiveBarchasi