Davlat odamlarga milliardlab pul to‘layapti. Buni bilasizmi?

Intervyu

Joriy yilning yanvar, fevral, mart, aprel oylarida fuqarolarga umumiy 154,5 mlrd so‘m mablag‘ to‘lab berildi. Xo‘sh, nima uchun deysizmi? Prezident qaroriga muvofiq, joriy yilning 1 yanvaridan boshlab chakana savdo, umumiy ovqatlanish va aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlarida xaridni amalga oshirib, xarid chekini mobil ilovada ro‘yxatdan o‘tkazgan jismoniy shaxslarga oy yakuni bilan xarid summasining 1 foizi qaytarilishi belgilangan. 

Qayd etish kerakki, xarid summasining 1 foizini qaytarib olish imkonini beradigan chekda onlayn QR-kod va siz sotib olgan mahsulotlaringizning ro‘yxati bo‘lishi kerak. Siz ushbu chek orqali soliq ilovasida xaridingiz uchun keshbek olishingiz mumkin bo‘ladi. Ammo, hamon supermarket tarmoqlari va do‘konlarda QR-kodli chek berilayotgani va bu xarid cheki orqali soliq ilovasidan keshbek olish imkoniyati mavjudligidan bexabar fuqarolar talaygina. Qolaversa, bilsa yolg‘on, bilmasa chin qabilida ish tutib, xaridorlarga chek bermay kelayotgan, xaridlarni soliq organlaridan yashirayotgan yoki xaridlar uchun keshbek olish mumkin bo‘lgan cheklarni o‘zlashtirayotgan do‘konlar ham talaygina. 

Hattoki, xaridorlar cheki bilan 16,5 mln so‘m keshbek to‘plagan “uddaburon kassir” ham aniqlandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, kassir aprel oyida 443 ta 1,8 mlrd so‘mlik cheklarni ro‘yxatdan o‘tkazib 18 183 656 so‘m keshbek to‘plagan. O‘rganish natijasida, ushbu fuqaro “AA” korxonasida kassir lavozimida ishlashi ma’lum bo‘lgan va ro‘yxatdan o‘tkazilgan cheklar shubhali bo‘lgani sababli hisoblangan 16 485 000 so‘mlik keshbek summalari bekor qilingan.

Xo‘sh, supermarket tarmoqlari va do‘konlarda QR-kodli chek berilayotganidan xabaringiz bormi? Siz xaridni amalga oshirganingizda QR-kodli chek berishyaptimi? Berishmasa, so‘radingizmi? Ilova orqali keshbek olishni bilasizmi? QALAMPIR.UZ ushbu savollar bilan aholiga yuzlandi.

Respondentlarning ba’zilari “Ha, bu chek haqida bilamann, undan foydalanib keshbek olyapman”, desa, ba’zilari sotuvchilarning QR-kodli chek bermayotganidan norozi. Ayrim fuqarolarning esa Soliq ilovasidan mutlaqo xabari yo‘q. So‘rovnoma davomida fuqarolarga xarid uchun umuman chek bermagan sotuvchilarni ham, savdo xodimlari chek berganida, olishni istamagan odamlarni ham ko‘rdik.

So‘rovnomani yuqoridagi videopleyerda yoki  QALAMPIR.UZ’ning YouTubeʼdagi kanalida tomosha qilishingiz mumkin. 

Ma’lumot uchun, Soliq kodeksining 221 -oddasiga ko‘ra, nazorat-kassa texnikasini qo‘llamasdan savdoni amalga oshirganlik va xizmatlar ko‘rsatganlik, xaridorga cheklarni yoki ularga tenglashtirilgan hujjatlarni bermasdan tovarlarni realizatsiya qilganlik va xizmatlar ko‘rsatganlik besh million so‘m miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. 

Shuni ham aytish joizki, quyidagi cheklarga keshbek qaytarilmaydi.

• shubhali xaridorlar reyestriga kiritilgan jismoniy shaxslar cheklari uchun;

•avval ro‘yxatdan o‘tkazilgan yoki sotib olingan tovarlar (xizmatlar) qiymatining bir qismi qaytarilgan cheklar uchun;

• chek berilganiga 10 kundan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa;

• sotib olingan tovar (xizmat)lar cheki uchun avval keshbek hisoblangan bo‘lsa;

•avtomobil, havo va temir yo‘l chiptalarini sotib olish natijasida olingan, shuningdek, aloqa va kommunal xizmatlar uchun amalga oshirilgan to‘lov cheklari uchun.


Maqola muallifi

Teglar

Prezident qarori QR-kod Soliq ilovasi

Baholaganlar

153

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing