Davlat notariuslari nodavlatga aylanadi. Yangi Qonun qabul qilindi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati “Notariat tizimining tubdan isloh qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunni ko‘rib chiqdi.

Qonun notarial harakatlar soni oshgan sharoitda davlat notarial idoralarida qo‘shimcha shtat birliklarini joriy etish jarayoni murakkablashganligi, bu esa ish hajmiga qarab xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar soni oshishiga to‘sqinlik qilgani uchun ishlab chiqilgan.

Qonunda “Garov to‘g‘risida”gi, “Notariat to‘g‘risida”gi, “Lizing to‘g‘risida”gi, “Ipoteka to‘g‘risida”gi, “Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida”gi, “Kredit axboroti almashinuvi to‘g‘risida”gi, “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi, “Mediatsiya to‘g‘risida”gi, O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik va Fuqarolik protsessual kodekslariga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qarori bilan tasdiqlanadigan Amalga oshirilishi uchun litsenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlarining ro‘yxatiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

Qonunda davlat notarial idoralarini nodavlat notarial idoralarga bosqichma-bosqich o‘tkazish nazarda tutilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasining faoliyatini tashkil etish tartibi, uning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari belgilanmoqda. Ayrim turdagi bitimlar uchun majburiy notarial tasdiqlash bekor qilinmoqda, shuningdek notarial harakatlarning yangi turlarini joriy etish nazarda tutilmoqda. Shuningdek mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish, ijaraga olish (ijaraga berish) va undan bepul foydalanish shartnomalarini tasdiqlashda ayrim talablarni bekor qilinmoqda hamda bunday turdagi bitimlarni tasdiqlash jarayoni soddalashtirilmoqda.

Qonunda notarial harakatlarni masofadan, shu jumladan videokonferensaloqa yordamida amalga oshirish mexanizmi joriy etilmoqda.

Notarius o‘z kasbiy majburiyatlarini bajarishi vaqtida yetkazilgan zarardan fuqarolarni himoya qilish maqsadida nodavlat notarial idoralar notariuslarining fuqarolik javobgarligini sug‘urta qilish, notariusga elektron murojaat qilish tizimini takomillashtirish orqali tezkor notarial xizmatlar ko‘rsatish nazarda tutilmoqda. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.


Maqola muallifi

Teglar

Notarius 25-yalpi majlis

Baholaganlar

63

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing